Demak, qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirish haqidagi qaror qabul qilindi. Nega prezident va hukumat bunday dadil va shubhasiz ijobiy qadam tashlaganini tushunib olish uchun, uni alohida bir tadbir sifatida emas, balki shu yilning 1 yanvaridan boshlangan soliq islohoti kontekstida ko‘rib chiqish lozim.
Soliq islohoti biznesga soliq va ma'muriy yuklamani pasaytirish, xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi va legalizatsiyasi uchun zarur bo‘lgan sharoitni yaratish masqadida mamlakatning soliq tizimini to‘lig‘icha qayta qurishni ko‘zlagan.
Islohotlarning ilk bosqichining asosiy yutuqlari quyidagilar bo‘ldi:
- Mehnatni soliqqa tortishning tubdan qisqarishi. Bu nodavlat korxonalari uchun hal bo‘lgan muammo: ular va ularning ishchilari bugun ish haqidan atigi 2ta soliqni 12 foizdan to‘lashmoqda. 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat korxonalari ham shu tizimga o‘tadi.
- Mehnatning ijtimoiy taqsimotini va QQS zanjirining shakllanishini o‘ldiradigan aylanmadan (oborotdan) olinadigan soliqlar sohasi ta'sirining keskin qisqarishi. Boshqarish oson bo‘lishiga qaramay, aylanmadan olinadigan soliqlar (yagona soliq to‘lovi), Davlatning maqsadli jamg‘armalariga (DMJ) ajratmalar bitta qiymatni ko‘p marta soliqqa tortilishi tufayli, QQS uzun zanjirini shakllantirishga to‘sqinlik qiladi. Bu esa O‘zbekiston iqtisodiyotini dunyo iqtisodiyotining xomashyo bazasiga aylantirib qo‘yadi. Aylanmadan olinadigan soliqning o‘rnini QQS egalladi. Bu vazifani bajarish uchun juda ko‘p ishlar qilindi: DMJga ajratmalar bekor qilindi (aylanmadan 3,2 foiz), QQS to‘lovchilar soni yil boshidan 41 mingtaga oshdi (7 mingdan 48 minggacha), demak, yagona soliq to‘lovchilar soni ham pasaydi.
- Soliqqa tortishning umumiy tizimidagi korxonalarga soliq yuklamasining keskin pasayishi. Avval buning og‘irligini ko‘tarolmagan korxonalar soliqqa trtishning soddalashtirilgan tizimiga o‘tishga majbur bo‘lishar yoki «soya»ga o‘tib olishardi. Bunda DMJga majburiy ajratmalar bekor qilindi, yagona ijtimoiy to‘lov, yuridik shaxslarning foyda solig‘i va mulk solig‘i stavkalari pasaytirildi.
Biroq, ba'zi muammolar hal qilinmasdan qoldi:
- Ko‘plab sohalarda soliqqa tortishning umumiy va soddalashtirilgan tizimi orasidagi soliq yuklamalaridagi farq juda yuqoriligicha qolmoqda. Bu farq korxonalarni rivojlanishdan to‘smoqda, o‘z daromadlarini yashirishga, yiriklashishdan qochishga, bu bilan soddalashtirilgan tizimda qolishga majburlamoqda. Umumiy tizimga o‘tgan korxonalarning bir qismi soddalashtirilgan tizimda boshqa korxonalar bilan teng bo‘lmagan sharoitda qolishdi. Menimcha bu soliq islohotlarining bugungi kundagi asosiy muammosidir.














