10:05 / 06.10.2019
0
5556
«Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi
Foto: Fotolia

«Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida belgilanishicha, davlat moliyaviy nazorati deganda – budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarini aniqlash maqsadida moliyaviy nazorat obektlarining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarni o‘rganish, tahlil qilish hamda taqqoslash tushuniladi.

Quyidagilar – O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, budjet mablag‘larini taqsimlovchilari, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar, nizom jamg‘armasida (nizom kapitalida) davlat ulushi 100 foiz bo‘lgan tashkilotlar, davlat maqsadli jamg‘armalari, belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar davlat moliyaviy nazorat obektlari hisoblanadi.

Qonun bilan Hisob palatasi, Moliya vazirligi va uning tasarrufidagi vakolatli organlar davlat moliyaviy nazorat organlari deb belgilanishi kutilyapti. Bu organlarning faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobot OAVda e'lon qilinishi shart.

Hisob palatasi o‘z faoliyatida bevosita Prezidentga bo‘ysunadi; Prezidentga, shuningdek Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.

Moliya vazirligi esa, o‘z faoliyatida bevosita Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va unga hisobdordir.

Davlat moliyaviy nazorati standartlari Hisob palatasi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.

Shuningdek, davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari qismi bo‘yicha davlat moliyaviy nazorati berilgan vakolatlar doirasida davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Loyihaga ko‘ra, davlat moliyaviy nazorati organlari mansabdor shaxslari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida hamda o‘zga tashkilotlarda boshqa lavozimlarni egallashga, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emas.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top