15:43 / 09.10.2019
0
5411
«Urung‘och» ko‘li va unga tutash hududlar davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e'lon qilinmoqda
Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining ayrim tabiiy hududlari va obektlaridan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston ekologik partiyasining “Urung‘och” ko‘li va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e'lon qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joylashgan maydoni 43 ga bo‘lgan "Urung‘och” tabiiy ko‘li va unga tutash hududlarni belgilangan tartibda davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e'lon qiladi.

Belgilanishicha, “Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligi Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligining bir qismi hisoblanadi va ushbu xo‘jalik tomonidan yerlari olib qo‘yilmasdan va obektga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi har qanday faoliyatni taqiqlagan holda boshqariladi.

Quyidagilar “Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

“Urung‘och” tabiiy ko‘li va unga tutash hududlarni o‘zgartirishsiz saqlash;

tog‘ ekotizimi o‘simlik va hayvonot dunyosini qayta tiklash va takror ko‘paytirish;

ekologik turizmni tashkil etish;

ilmiy va ekologik-ma'rifiy ishlarni amalga oshirish;

aholining ekologik ta'lim va tarbiyasiga ko‘maklashish.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarni bajarish uchun mas'ul organ etib tayinlandi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda:

Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligining shtat birliklari doirasida “Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligini qo‘riqlash uchun tegishli malaka va ma'lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar biriktirilishini nazarda tutadi;

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida so‘qmoq yo‘llar majburiy tartibda to‘siqlar bilan jihozlanishini, o‘rindiqlar, chiqindi tashlash qutilari, hojatxonalar (biotualetlar) o‘rnatilishini, shuningdek, suv havzasiga borish, “Urung‘och” ko‘li atrofi va unga tutash hududlarda barcha turdagi savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tashkil etishni taqiqlovchi cheklovchi va ma'lumotlar belgilari o‘rnatilishini ta'minlab turistik yo‘nalishlarni belgilash;

“Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan rekreatsion yuklama me'yorlarini (muayyan vaqt davomida tashrif buyuruvchilarning ruxsat etilgan soni) ishlab chiqadi;

Toshkent viloyati hokimligi va Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda davlat ekologik nazoratini amalga oshirish maqsadida Ugom- Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida ekologik post o‘rnatilishi joyini aniqlaydi va uni joylashtirish uchun belgilangan tartibda yer uchastkasini biriktiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston ekologik partiyasi bilan birgalikda 2020 yil 1 martgacha davlat tabiat yodgorliklari deb e'lon qilish masalasini ko‘rib chiqish va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni davlat kadastriga kiritish uchun tabiiy obektlar va komplekslarni, shu jumladan, yoshi 100 va undan oshgan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazadilar.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top