16:43 / 10.10.2019
0
13243
Ruhiy kasallar bilan qanday muomala qilish kerak?

10 oktabr ─ jahon ruhiy salomatlik kuni. 1948 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibida jahon psixologik salomatlik federatsiyasi tashkil etilgan bo‘lib, u butun dunyo aholisi o‘rtasida psixologik va hissiy kasalliklardan profilaktika targ‘ibotini olib borish bilan shug‘ullanadi. 1992 yildan beri jahon miqyosida o‘tkazib kelinadigan ruhiy salomatlik kuni ham jamiyatni psixologik xastaliklar, ularning kelib chiqishi va profilaktikasi to‘g‘risida xabardor qilishni maqsad qiladi.

Ruhiy (psixologik) salomatlik nima?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ruhiy salomatlik holatining aniq ilmiy portreti yaratilgan. Ruhiy salomatligi joyida bo‘lgan shaxs o‘z salohiyati (jismoniy va aqliy imkoniyatlari)dan to‘laqonli foydalana olishi, kundalik yengil stresslarni yengib o‘ta olishi, mahsuldor ish tarzini olib borishga qodir bo‘lishi, jamiyat uchun foydali bo‘la olishi lozim. Shu xususiyatlarga ega bo‘lgan shaxslarning ruhiy salomatligi barqaror hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, psixologik xastaliklarning aksariyati 14 yoshgacha bo‘lgan davrda boshlanadi. Afsuski, ko‘pgina hollarda xastalikning boshlanish davri o‘z vaqtida aniqlanmaydi. Kerakli tashxis va shu bilan bog‘liq ravishda muolaja ham kechikadi. Natijada ruhiy xastalikning umrbod davom etishi ehtimoli ortadi.

Statistikaga ko‘ra, Yer sayyorasi aholisining har beshinchisi qaysidir ko‘rinishidagi ruhiy xastalikdan aziyat chekadi. Har ikkinchi odamda esa xastalik bilan umri davomida duch kelish ehtimoli bor. Shu bois, ruhiy beqarorlik holati, uni bartaraf etish, ruhiy xastalar bilan muloqot qila olish haqida tushunchaga ega bo‘lish lozim.

Psixologik xastalik deganda faqatgina o‘zini g‘ayritabiiy tutuvchi shizofreniklar, aqliy imkoniyati cheklangan «daunchilar» va yoki ijtimoiy nofaol autistlargina tushunilmaydi. Deyarli har birimiz uchun yaxshi tanish bo‘lgan depressiya ham ruhiy xastalik sanaladi. BSSTning ilmiy prognozlariga ko‘ra, 2020 yilga kelib, depressiya shaxsning mehnatga layoqatligini cheklab qo‘yuvchi kasallik bo‘yicha birinchi o‘ringa ko‘tariladi. Ayni damda dunyo bo‘yicha 300 million atrofidagi kishi depressiyadan aziyat chekmoqda.

Qandli diabet, saraton, yurak-qon tomir kasalliklari, OIV kabi jiddiy asoratlarga olib keladigan xastaliklarning negizida asab va ruhiyatdagi buzilishlar yotadi. Butun dunyo hamjamiyati izchil kurash olib borayotgan suitsid ham depressiya asosida rivojlanadi. Suitsidlarning 5 foizi aynan tushkun kayfiyat ta'sirida amalga oshiriladi. Shu bois depressiyaga befarq bo‘lmaslik, unga qarshi kerakli choralarni qo‘llay olish lozim.

Depressiyadan qutulish uchun...

Siz o‘zingizda depressiya jarayoni kechayotganini bilmasligingiz, ahamiyat qaratmasligingiz mumkin. Depressiya kayfiyatning yo‘qligi, atrof va voqealarga pessimistik yondashuv, hayotdan zavqlanish hissi yo‘qligi, diqqat tarqoqligi, sal narsaga ham qizishib ketish, uyquchanlik yoki uyqusizlik, befarqlik, doimiy holsizlik, ishtahaning yo‘qligi yoki ko‘p yeyish kabi belgilar bilan kechadi. Depressiyadan mustaqil tarzda qutulish uchun ruhshunoslar bir qancha tavsiyalarni berishadi.

Eski ginalarni unuting. O‘tmishdagi har qanday xafagarchilik, ginaxonlik, kek saqlash kabilarni yuragingizdan ildizi bilan sug‘urib tashlang. Ular bugungi kundan lazzatlanish va kelajak haqida rejalar tuzishda eng katta to‘siqdir.

Jismonan faol bo‘ling. Buning uchun fitnes zalga chiqish shart emas. Yoga, meditatsiya, nafas mashqlari, yengil badantarbiya harakatlarini internetdan ko‘rib ham bajarish mumkin. Yoki kechki payt sayrga chiqishning o‘zi ham kayfiyatni ko‘tarishga yordam beradi.

Negativ hissiyotlarni chiqarib tashlang. Boks qopini, hech bo‘lmaganda, yostiqni mazza qilib mushtlash, kimsasiz joyga chiqib, xumordan chiqquncha baqirish ko‘ngilda to‘planib qolgan g‘ashlikni tarqatishga ko‘maklashadi. «Uy ko‘tarish», xonadagi keraksiz narsalarni tashlab yuborish ham buning uchun yaxshi usul.

Ijtimoiy faol bo‘ling. O‘zingiz uchun yoqimli bo‘lgan insonlar bilan birga vaqtingizni samarali o‘tkazishga harakat qiling. Xonada qamalib o‘tirib depressiyani yenga olmaysiz.

Hobbi o‘ylab toping. Har qanday inson uchun shug‘ullanish yoqimli bo‘lgan mashg‘ulot bo‘ladi. Rasm chizish, o‘yinchoqlar yasash, to‘qish... istalgan ko‘rinishdagi hobbi tushkun kayfiyatni chetlab o‘tishga yordamlashadi.

Eng muhimi, o‘zingizda beqarorlik holatini kuzatganingizda ruhshunos xizmatidan foydalanishga uyalmang.

Psixolog xizmati nima uchun zarur?

Psixolog shifokor emas. Psixolog qabuliga borish sizni «jinni»ga chiqarmaydi. Ruhshunosga faqatgina nosog‘lom odamlar boradi, degan fikrdan xalos bo‘lish lozim.

Ruhshunos inson psixologiyasi haqida oliy gumanitar ta'limga ega bo‘lgan shaxs. Deyarli barcha muammolarni boshlang‘ich bosqichda ruhshunos bilan birgina suhbat orqali hal qilish mumkin. Depressiya va jismoniy muammolarni keltirib chiqaradigan oilaviy muammolar, ishdagi g‘alvalar, qo‘rquv kabi muammolarni hal qilish, ichki muvozanati tiklashda psixolog yordam beradi. Meni eshitib, maslahat beradigan do‘stlarim turganda pul sarflab ruhshunosga boramanmi, deb o‘ylaydiganlar bo‘lishi mumkin. Ruhshunos inson psixologiyasi haqida professional darajada bilimga ega bo‘ladi. So‘zlarni to‘g‘ri qo‘llay olish, masalaning o‘ylanmagan tomonidan yondashish, inson o‘zi bilmagan, lekin unga azob berayotgan omillarni aniqlay olish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.

Ruhiy xastalar bilan qanday muloqotda bo‘lish kerak?

Ruhiyatida jiddiy beqarorlik bo‘lgan shaxs o‘zining va suhbatdoshining gap-so‘zlari, xatti-harakatlarini tahlil qila olish qobiliyatiga ega bo‘lmaydi. «Men haqman, atrofdagilar meni tushunmayapti» degan o‘y ularni tark etmaydi. Shu bois ruhiy muvozanati buzilgan shaxslar bilan muloqotda ehtiyotkor bo‘lish talab etiladi.

Agressiyadan uzoqlashing. Bemor agressiv harakatlar, so‘zlarni qo‘llay boshlaganda siz ham qizishib, xuddi shunday muomalaga o‘tmang. Shunchaki bahslashmang. Bunday paytda uning haqligini tasdiqlab, yolg‘iz qoldirish kerak.

Unga kasal ekanligini uqtirish kerak emas. Ruhiy muammosi mavjud bo‘lgan odamga uning kasalligini uqtirish foydasiz, u buni baribir inkor etadi. Suhbatdoshingizning ruhiy muammosi borligini o‘zingiz bilsangiz va shunga ko‘ra ish tutsangiz bo‘lgani, uning o‘ziga uni ta'kidlash jazava holatiga olib kelishi mumkin.

Achinish ko‘zi bilan qaramang. Ruhiy xasta odamlarga mehribonlik, g‘amxo‘rlik, e'tibor muhim. Ammo bu g‘ayritabiiy chiqmasligi kerak. Bemor o‘ziga nisbatan achinishayotganini his qilsa, muloqotni mutlaqo to‘xtatishi, jazavaga tushishi, kerakli muolajalarni rad etishi mumkin. U bilan teng huquqli shaxs sifatida muomala qiling.

Saodat Abdurahmonova

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top