11:30 / 11.10.2019
7
10424
«Biz Orolni tiklamoqchi bo‘lib turgan bir paytda, ba'zilar daraxt kesayotgani mantiqsizlikdir» - Tanzila Norboyeva

Bugun, 11 oktabr kuni Senatning 23-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida mas'ul idoralarning axboroti eshitilishi kutilmoqda.

Mazkur masalani ko‘rib chiqishning ahamiyati xususida so‘z yuritar ekan, Senat Raisi Orol muammosiga to‘xtalib o‘tdi.

«Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar jahon jamoatchiligini o‘ylantiryapti. BMTning yaqinda o‘tkazilgan 74-sammiti ham aynan shu masalaga bag‘ishlandi. O‘zbekiston ham ekologik muammolardan jabr ko‘rgan mamlakat sifatida bu masalaga jiddiy e'tibor qaratyapti. O‘zbekiston rahbari BMTning 72-sessiyasida ekologik muammolar ko‘lamini Orol fojiasi misolida tushuntirib bergan edi. Mazkur tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, BMT tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tashkil etildi. O‘zbekiston Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Parij Bitimini ratifikatsiya qildi, BMT huzuridagi Yashil iqlim fondi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. 

Yaqin ikki yilda birgina Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni samarali ro‘yobga chiqarish maqsadida 1,5 milliard dollarlik 800ga yaqin loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Katta mablag‘ va boshqa resurslar evaziga sahroga aylangan Orol dengizi hududida turli daraxtlar ekilayotgan bir sharoitda ayrim hududlarda daraxt va butalarni noqonuniy va ayovsiz kesish hollari ro‘y berayotgani mutlaqo tushunarsizdir. Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi», — deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top