14:01 / 14.10.2019
21
49677

Rasul Kusherbayev: «Artel» monopoliya sari intilishda rasman siyosiy suyanchiqqa ega bo‘ldi»

Rasul Kusherbayev / Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev monopoliya va Artel kompaniyasi haqidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, monopoliya sharoitida bir inson yoki bir guruh shaxslarning boyishi, yaxshi yashashi uchun boshqalar qurbon qilinadi.

“Bu fikrlarimni saylov jarayoni yoki boshqa shaxsiy manfaatlarga aloqasi yo‘q, deb qabul qilishlarini istardim.  

Men monopoliyaning har qanday shakliga qarshiman. Bizdagi ko‘pgina mag‘lubiyatlar u sabab va afsuski davlat manfaatlari yuzasidan tabiiy monopoliyaga hozircha chidash kerak bo‘lyapti, biroq bu ham vaqtincha.

Chunki monopoliya sharoitida bir inson yoki bir guruh shaxslarning boyishi, yaxshi yashashi uchun boshqalar qurbon qilinadi. Monopoliya erkinlikni cheklaydi, raqobatni o‘ldiradi, rivojlanishni ortga qaytaradi, u jamiyatni iqtisodiy qullikka yetaklaydi. Balki oshirib yuborgandirman, lekin bor gap shu. 

“Artel” monopolist emasligiga ishongimiz keladi, haqiqatan de yure u monopolist emas va bunga intilmayapti, biroq de fakto intilyapti. Buni import mahsulotlariga qo‘yilayotgan turli to‘siq va oshirilgan bojlar misolida ko‘rsa ham bo‘ladi.  

Yaqinda iqtisodchi Yuliy Yusupov importdagi cheklovlar ortidan “Artel”ni qulog‘i ko‘rinayotganini, bizning vazirlik va idoralar birgina kompaniya manfaatlari uchun ishlayotgandek tuyulayotganini bildirgandi.  O‘z o‘rnida, “Artel” normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini, O‘zbekistonda iqtisodiyot erkin bozor prinsiplariga ko‘ra ishlashini ma'lum qildi. Oddiy aytganda “Artel” lobbizm bilan shug‘ullanmagan. Men bunga ishonaman. Chunki rasman “Artel”da siyosatda lobbizm uchun siyosiy suyanchiq yo‘q. Amalda esa... Unga birgina shu narsa rasman yetishmayotgandi.

Kuni kecha “Artel” "Milliy tiklanish" partiyasini tanlaganini angladim, partiya emas, “Artel” tanladi va monopoliya sari intilishda siyosiy "krisha"ga ega bo‘ldi rasman. Endi lobbizm bilan rasman shug‘ullanish va qonunchilik orqali de yure monopol bo‘lishga harakat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.  

Iqtisodiyotda barcha uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratilmas ekan, ko‘pchilik kamchilikning manfaati uchun qullikka mahkum bo‘ladi. Biz iqtisodiyotda erkinlik, tenglik va monopoliyadan holilik tarafdorimiz.

“Milliy tiklanish”ga e'tirozim yo‘q, omadini bersin. Faqat monopoliya nima ekanligini unutmasalar bo‘ldi. 

O‘zimni esa bir savol o‘ylantiryapti: “Artel” monopoliya uchun “krisha”likka boshqa partiyani tanlaganda vaziyat qanday bo‘lardi?” - deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top