«Artel» savdo belgisi ishlab chiqaruvchi korxonalar monopolistmi, ular soliq imtiyozlariga egami? Jurnalist Karim Bahriyevning Kun.uz saytida e'lon qilingan «Monopollar, proteksionizm va lobbistlar parvozi. Iqtisodiyotdagi ofatlar haqida» sarlavhali maqolasida ana shunday iddaolar ilgari surilgan edi.
«Artel vakillari ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida maqola muallifini va Kun.uz sayti vakilini kichik press-turga taklif etdi. «Artel injenering and management» MChJ direktori o‘rinbosari Dilshod Ro‘zmetov intervyu davomida kompaniya faoliyati haqidagi ma'lumotlarni taqdim etdi.
YouTube
— Assalomu alaykum, Dilshod aka. Biz «Artel» brendi ostida faoliyat olib borayotgan korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida gaplashishni rejalashtirgan edik. Birinchi savolimiz shuki, «Artel» monopolistmi?
— Bugungi kunda «O‘zi Artel kompaniyasi qayerdan paydo bo‘lgan?», «Artel qachon paydo bo‘lgan?» degan har xil savollar bor. Turli xil nashrlarda kompaniyani monopol tashkilot sifatida atab, noto‘g‘ri talqin qilishmoqda. «Artel» kompaniyasi 2011 yilda tashkil topgan. Kompaniyamiz boshida ishni maishiy oshxona plitalari hamda changyutgichlar ishlab chiqarish asosida amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda 15 turdan ortiq maishiy texnika vositalarining 500ga yaqin modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz. Yillik ishlab chiqarish hajmi 4,5 mln dona mahsulotga teng.
Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Artel» monopol tashkilotmi?
O‘zi monopoliya tushunchasi qayerdan kelib chiqadi? Ma'lum bir hududda qonuniy yoki noqonuniy yo‘llar bilan biror mavqeni egallagan holda o‘ziga xos bo‘lgan, o‘zi bilan turdosh turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yo‘l bermasdan, ularga turli noqonuniy yo‘llar bilan to‘sqinlik qilinishiga monopoliya deyiladi. Lekin bugungi kunda O‘zbekiston maishiy texnika bozorini tahlil qiladigan bo‘lsak, bozorda «Artel» brendi ostidagi mahsulotlardan tashqari, «Roison» brendi bor. Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan «Sirius», «Konik», «Comfort», «Udur»... Bularni sanasa 20dan ortiq turdagi maishiy texnika ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud va ular ham biz bilan birgalikda bozorda raqobat qilmoqda va bozorda o‘z xaridorlariga ega bo‘lmoqda. Demak, O‘zbekistonda maishiy texnika mahsulotlarini faqat artel yetkazib bermaydi. Bugungi kunda bozorda bir mahsulotni ishlab chiqarayotgan 20dan ortiq ishlab chiqaruvchi mavjud.

















