21:32 / 28.10.2019
2
31581
«Sirdaryo avtotexxizmat» MChJ sobiq xodimi «UzAuto Motors»dan 900 mln. so‘m ma'naviy zarar undirmoqchi

Tahririyatga kelib tushgan murojatlardan birida ayrim tashkilot va ommaviy axborot vositalarining aybsizlik prezumpsiyasi qoidasiga rioya etmaganliklari oqibatida muallifning hayoti izdan chiqib ketgani bayon etiladi.

Murojaat muallifining so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil oldin, «Sirdaryo avtotexxizmat» MChJda marketing va savdo bo‘yicha direktor lavozimida ishlab yurgan vaqtda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hali tergov jarayonlari boshlanmasidan turib bir nechta sayt va gazetalarda uning nomiga firibgar tamg‘asi bosilgan.

 

«2016-2017 yillarda «Sirdaryo avtotexxizmat» MChJda marketing va savdo bo‘yicha direktor lavozimida ishlaganman. O‘sha vaqtda menga nisbatan tuhmat asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov jarayoni tugagandan so‘ng, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi tomonidan ish ko‘rib chiqilib, 2018 yil 6 aprelda sudning oqlov hukmi chiqarildi.

Oqlov hukmi Jinoyat-protsessual kodeksi 83-moddasi 1-qismiga asosan, ya'ni hech qanday jinoyat holati mavjud emasligi to‘g‘risida edi. Qiziqarli tomoni shundaki, men ilk bor 2017 yil 11 noyabrda tergovga chaqirilganman. Lekin menga nisbatan bo‘hton ma'lumotlar 2017 yil 2 avgust kunidan boshlab ko‘plab OAVda tarqalib ketdi», – deb hikoya qiladi Abdumurod Haqberdiyev.

Abdumurod Haqberdiyevning tushuntirishicha, OAVda unga nisbatan bo‘hton ma'lumotlar tarqalib ketishiga 2017 yil 2 avgustida «GM Uzbekiston» (hozirda «UzAuto Motors»)ning www.gmuzbekistan.uz rasmiy saytida yetarli dalillarga asoslanilmagan holda berilgan xabar sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 20.08.2019dagi hal qiluv qaroriga asosan, «Darakchi inform servis» MChJdan fuqaro Abdumurod Haqberdiyev foydasiga 20 million so‘m miqdorida ma'naviy zarar undirilgan.

«Sud jarayonida asosiy ma'lumotni GM Uzbekistan tarqatgan bo‘lib chiqdi. Shundan so‘ng kompaniyaning hududi bo‘yicha Mirobod tumani Fuqarolik sudiga ma'naviy zarar undirish bo‘yicha murojaat qildim.

Sudning birinchi instansiyasida javobgar vakili tomonidan asosli hech qanday vaj keltirilmagan bo‘lsa ham, negadir mening da'vomni rad etdi.

Vaholanki, www.gmuzbekistan.uz saytida men haqimdagi mazkur xabar boshqa bir nechta OAVda maqola yozilishiga sabab bo‘lgan. Ushbu xabar mening nohaqdan el orasida sharmanda bo‘lishimga sabab bo‘ldi.

Buni qarangki, «Darakchi inform servis» MChJ mening or-nomusim, qadr-qimmatim va ishchanlik obro‘-e'tiborimni haqoratlovchi ma'lumotlarni «GM Uzbekiston» AJdan olib tarqatgani uchun javobgar bo‘lgan. Lekin shu xabarning bosh tarqatuvchisi, sababchisi – «GM Uzbekiston» esa aybdor emas ekan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, «GM Uzbekiston» AJ tomonidan Konstitutsiyaning 67-moddasi va «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilgan holda, mening qadr-qimmatim va ishchanlik obro‘-e'tiborimni haqoratlovchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarning tarqatilishi oqibatida menga ma'naviy zarar yetishiga sabab bo‘lgan.

Sudda oqlanganimga qaramay, ushbu maqolaning e'lon qilinishi qarindoshlar va meni bilgan odamlar oldida obro‘-e'tiborim kamsitilishiga, xalq orasida bosh ko‘tara olmay qolishimga sabab bo‘ldi.

Bu maqola nafaqat mening o‘zimga, balki mening yaqinlarim hamda farzandlarimga nisbatan ham «firibgarning qarindoshi» degan haqoratli munosabat yuzaga kelishiga olib keldi. Bu bo‘hton ma'lumotlar natijasida oilam bilan sarson bo‘lib, Sirdaryo viloyatidan Toshkent shahriga ko‘chib kelganimdan so‘ng 11 oy davomida hech qayerda ishlash imkonim bo‘lmadi.Chunki hammaga meni jinoyatchi qilib tanitib qo‘yishdi.

Onam og‘ir betob bo‘ldi. Bu – nafaqat menga yetkazilgan ma'naviy zarar, balki eng yaqin qarindoshlarim, onam va oilamga ham yetkazilgan ma'naviy zarar bo‘ldi. Endi sudning odil qarori chiqishiga umid qilaman», – deydi Abdumurod Haqberdiyev.

Haqberdiyevning ma'lum qilishicha u fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritgan.

Da'vogar o‘zi ko‘rgan ma'naviy zarar miqdorini 900 mln. so‘mga baholamoqda va bu zararni esa «GM Uzbekiston» AJning huquqiy vorisi «UzAuto Motors» to‘lashi lozim deb hisoblamoqda. 

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatilla Isroilov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top