23:29 / 29.10.2019
0
35770
Yangi ish o‘rinlari yaratish rejasini bajarmagan tumanlar ma'lum qilindi

29 oktabr kuni parlament quyi palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning «2019 yilda aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasining joriy yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.

Vazir hisobotida qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyi davomida respublikada 266,3 mingta ish o‘rni yaratilgan. Xususan, ishsizlik darajasi va aholi bandligini ta'minlash ehtiyoji yuqori bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 15,6 ming, Andijonda – 24,4 ming, Qashqadaryoda – 22 ming, Jizzaxda – 13,4 ming, Samarqandda – 27,6 ming, Farg‘onada 32,2mingta ish o‘rni tashkil etilgan. Bunda yaratilgan ish o‘rinlarining qariyb teng yarmi – 129 mingtasi kichik korxonalar va mikrofirmalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Hisobot yakunida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga Xalq demokratik partiyasi deputati Zulayho Akramova tomonidan o‘tgan 9 oy davomida aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasining qancha qismi bajarilmay qolgani va bu borada eng yomon natija ko‘rsatgan tumanlar nomini keltirish so‘raldi.

«Albatta, bu borada bizda aniq raqamlar bor. Masalan, o‘tgan 9 oy davomida davlat buyurtmasi Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida belgilanganidan 20 foizga, Buxoro viloyatining Romitan tumanida 13 foiz, Xorazm viloyatining Urganch shahrida 13 foizga kam bajarilgan.

Bu yerda davlat buyurtmasining bajarilmay qolayotganiga sabab sifatida tijorat banklar tomonidan belgilangan loyihalarning moliyalashtirilmay qolishi, yoki boshqa muammolar ham sabab bo‘lgan.

Bugungi kungacha jami bo‘lib 203ta loyiha amalga oshirilmagan. Bu loyihalar davlat buyurtmasi bo‘yicha o‘tgan 9 oylikda topshirilishi kerak edi», deya Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top