20:50 / 03.11.2019
0
12428

«Rostov» derbining so‘nggi daqiqalarida ikkita gol o‘tkazib, g‘alabani qo‘ldan chiqardi

Rossiya chempionatida 15-tur markaziy o‘yini Krasnodarda, «Krasnodar» va «Rostov» o‘rtasida kechdi. Janubiy Rossiya derbisi 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. O‘yinning birinchi bo‘limida Aleksey Ionovning dubli evaziga hisobda oldinga chiqib olgan rostovliklar hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda ikkita gol o‘tkazib, g‘alabani qo‘ldan boy berishdi.

O‘yinning 34-daqiqasida hisob ochildi. Qarshi hujum vaqtida Ivelin Popov to‘pni egallab oldi va uni o‘ng qanotdagi Xoren Bayramyanga tashlab berdi. U to‘pni Eldor Shomurodovga uzatdi. O‘zbekistonlik hujumchi chap qanotga qarab ketayotgandek harakat qilib, to‘pni kutilmaganda bir harakat bilan orqaroqda kelayotgan Aleksey Ionovga tashlab berdi. Ionov esa olis burchakni aniq nishonga oldi — 0:1.

41-daqiqada Ionov o‘yindagi ikkinchi golini urdi. Jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni qaytarishda himoyachilar xatoga yo‘l qo‘yishdi va to‘p Ionovga kelib tushdi — 0:2.

Ikkinchi bo‘lim avvalida «Krasnodar» hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Rostovliklar jarima maydonchasida yuzaga kelgan palapartishlikdan so‘ng to‘p Muhammad-Shapi Suleymanovga kelib tushdi, ammo u bo‘sh darvozaga o‘tkir burchakdan turib gol ura olmadi. 60-daqiqada Ari gol urdi, ammo hakam «Krasnodar» hujumchisining golini hisobga olmadi. Chunki qanotda amalga oshirilgan uzatma vaqtida to‘p havoda maydonni tark etib bo‘lgandi.

O‘yin yakunida esa mezbonlar kambek amalga oshirishdi. 90+3-daqiqada Ignatev hisobni qisqartiruvchi golni urdi, bir daqiqa o‘tib Urosh Spayich yana gol urdi va «Krasnodar»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Qayd etish kerakki, «Krasnodar» RPL o‘yinlarida 6 oktyabrdan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Sergey Matveyev jamoasi oxirgi marta 12-tur doirasida «Spartak»ni mag‘lub etgandi (2:1), keyin esa «Orenburg» (1:1) va «Dinamo» (1:1) jamoalari bilan o‘yinlarda durang natijalar qayd etildi.

Valeriy Karpin shogirdlari esa «Krasnodar»ga qarshi g‘alabasiz o‘yinlari seriyasini davom ettirdi - jamoa so‘nggi 11 o‘yinda 7 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etgan. Jamoalarning o‘tgan mavsumdagi ikki uchrashuvida ham 2:2 hisobi qayd etilgan.

Rostovliklar 15 turdan keyin 30 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda (birinchi o‘rinda 33 ochko bilan «Zenit» joylashgan).

RPL. 15-tur
KRASNODAR — ROSTOV 2:2
«Krasnodar» stadioni, 34 265 tomoshabin.
Gollar
: Ivan Ignatev (90+3), Urosh Spayiya (90+4) — Aleksey Ionov (34, 41).
«Krasnodar»: Matvey Safonov, Sergey Petrov, Aleksandr Martinovich, Kristian Ramires, Urosh Spayich, Manuel Fernandesh (Yunes Namli, 72), Kristofer Olsson (Daniil Utkin, 46), Tonni Vilena, Ari, Muhammad-Shapi Suleymanov, Markus Berg (Ivan Ignatev, 75).
«Rostov»: Yegor Baburin, Dennis Xadjikadunich, Danil Glebov (Ragnar Sigurdsson, 86), Yevgeniy Chernov, Aleksey Kozlov, Dmitriy Chistyakov, Xorey Bayramyan (Saplinov, 79), Roman Yeryomenko, Ivelin Popov (Baxtiyor Zaynuddinov, 68), Aleksey Ionov, Eldor Shomurodov.
Ogohlantirishlar: Popov (53), Yeremenko (57), Chistyakov (63), Zaynutdinov (77).

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top