18:00 / 06.11.2019
1
5843
«Beshterakka - transformator kerak!»: Izboskan tumanidagi mahalla muammosi haqida

Murojaat bo‘yicha Andijon viloyat Izboskan tumani «Besh-Terak» mahallasida bo‘ldik.

Mahallaning Kamoliddin Behzod ko‘chasida 45ta xonadon istiqomat qiladi. Hududga yetib borganimizda o‘z dardini aytgani mahalla vakillarining bir guruhi to‘plandi.

«Beshterak» ahli o‘n yillardan beri elektr energiyasi ta'minotidagi muammolardan qiynalib yashamoqda. Aholi vakillari birin-ketin arz qila boshlashdi.

«Mahallamiz uzoq yillardan beri «Vodxoz»ga qarashli bo‘lgan eski transformatordan foydalanib kelar edi. 2016 yil qish paytida bu uskuna katta kuchlanish hisobiga ishdan chiqib, yonib ketdi. O‘shanda uch oy toksiz yashagan edik. Ahvolimizni tushungan mahalla yoniga joylashgan 7-umumta'lim maktab direktori, o‘quvchilarning uyda dars tayyorlashi uchun muassasa hududidagi transformatordan ulanishiga ruxsat bergan. Mana uch yildirki, maktab transformatoridan foydalanib kelamiz. Lekin, bu uskunaning quvvati o‘ta past.

Tokning kuchsizligidan muzlatgich, kir yuvish mashinasi, konditsioner, changyutkich, dazmol, «Tefal» (suvqaynatgich) kabi maishiy jihozlarni ishlata olmaymiz. Kunduzi tush paytida elektr quvvati sal ko‘tarilganida dazmol qiziydi. Shunda kiyimlarimizni tekislab olamiz. Mahallaga ichimlik suvi tizimi tortilmagani sababli, o‘zimiz kavlagan suv quduqlaridan foydalanamiz. Quduqdan suvni tortish uchun qo‘yilgan «motor»larimiz ham elektr quvvati pastligidan ishlamaydi. Simyog‘ochlarimiz qo‘lbola. Juda qiynalib ketdik.

Shu yil avgust oyida ishchi guruhi mahallamizga kelib, holatni o‘rgandi. Ular «Yangi transformator qo‘yamiz. Yangi havo liniyasi tortamiz, simyog‘ochlar yaqinidagi barcha teraklarni kesinglar!», deya va'da berishganida rosa quvondik. Men uyma-uy yurib har bir xonadonga aytib, teraklarni kestirgan edim. Mana noyabr oyi keldi, hali ish boshlashgani yo‘q. «Teraklarni kesinglar» deganim uchun, hamma mendan xafa. Tuman «elektroset»ga o‘n martadan ko‘proq bordim. Foydasi yo‘q», deydi G‘olibjon Mo‘minov.

Odamlar muzlatgich ishlatishga ham qo‘rqib qolishgan.

«Suv «motori» varragini qo‘l bilan aylantirsak, keyin ishlaydi.  Konditsioneri borlar ham foydalana olmayapti. Kechqurunlari tok pastligidan qiynalamiz, chunki xira chiroqlar tok bir me'yorda emasligi sabab tinimsiz pirpirab turadi. Muzlatgichlarimiz ko‘p bora kuyganidan ishlatgani qo‘rqyapmiz», deydi mahalla fuqarolaridan Murodjon Ergashev.

Mahalla vakillari muammo yuzasidan bir necha bor tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, tuman hokimligiga murojaat qilishgan.

«Shu yil sentabr oyi oxirlarida mahalladan vakil bo‘lib Andijon viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasining o‘rinbosari Bobirjon Karimovning oldiga bordim. U Izboskan tuman elektr korxonasi rahbari Sherzod Hojibekovni viloyatga chaqirdi. Birga gaplashdik. Bobur Karimov muammolar bir hafta ichida hal bo‘lishini va'da qildi. Bundan keyin tumandagi mutasaddilarga murojaat qilishimni aytdi. Oradan ikki hafta o‘tdi, kelishmadi. Ikkinchi marta viloyatga borganimda ham ishimiz hal bo‘lmadi. Tuman hokimligiga ham ariza qildik. Endi muammo bo‘yicha qayerga borishimni bilmay qoldim», deydi yana bir fuqaro Mahmudjon Akbarov.

Murojaatchilar bilan suhbatlashib turganimizda mahalla raisi Akramjon Yusupov kelib qoldi. Oqsoqol mahallada elektr energiyasi bo‘yicha muammo borligidan xabardor ekani, o‘zi ham bir necha bor tuman elektr tarmoqlariga murojaat qilganini aytib, ushbu kamchilik Dasturga kiritilib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta'kidladi.

Tuman hududiy elektr tarmoqlarida

Masala yechimini tuman elektr tarmoqlari korxonasidan izladik. Tashkilotga borganimizda rahbar Sherzodbek Hojibekov xonasida yo‘q ekan.    

Mutasaddi bilan telefon orqali bog‘landik. U bu masala bo‘yicha korxona bosh muhandisi Sarvarbek Ma'murov orqali izoh olish mumkinligini aytdi.

Bosh muhandisga «Besh-Terak» mahallasidagi elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha savol berdik.

«Mahalladagi elektr ta'minotida mavjud muammolar hal etilishi uchun  kerak bo‘lgan transformator, simyog‘och va havo liniyasi uchun simlar viloyat hududiy elektr tarmoqlari tomonidan markazlashgan holda moliyalashtiriladi. Qachon mablag‘ ajratilsa so‘ng ish boshlanadi», deya javob berdi u.

O‘rganish davomida o‘n yildan buyon xira chiroqda, maishiy uy anjomlarni ishlata olmay xunob bo‘layotgan «Besh-Terak» aholisining muammosi qachon hal bo‘lishi haqidagi savolga javob topilmadi.

Insonlar fazoga uchish haqida o‘ylab, robotlardan foydalanayotgan bir paytda Izboskan tumanidagi «Besh-Terak» mahallasida aholi 10 yildan beri farzandlarining kiyimini dazmollashga qiynalib yashamoqda.

Umid qilamizki, maqoladan so‘ng mutasaddilar «Besh-Terak» mahallasidagi mavjud muammoni tez kunlarda hal etish chorasini izlab ko‘rishadi.

Sarvarbek Nazarov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top