16:20 / 26.11.2019
0
2373
Samarqandda o‘zbek tilidagi texnik o‘quv qo‘llanmalar musobaqasi va startaplar tanlovi o‘tkazildi

Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazlari ishtirokida «I o‘quv qo‘llanmalar yaratish musobaqasi» va «Startap g‘oyalar tanlovi» bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mas'ul xodimlari, KOICA’ning Toshkentdagi ofisi direktori Son Sung Il, Koreyadan kelib o‘quv markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan volontyor o‘qituvchilar va o‘zbekistonlik boshqa mas'ullar ishtirok etishdi.

Kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘rtasida birinchi bor o‘tkazilayotgan musobaqa barcha qatnashuvchilar va mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu musobaqa do‘stlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani uning ahamiyatini yanada oshirib yubordi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i F.U.Mamarasulov va KOICA’ning Toshkentdagi ofisi direktori Son Sung Il ochib berdi.

Musobaqada o‘qituvchilar jami 5ta yo‘nalish bo‘yicha bellashdi. Bular, avtomobillarni ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish; elektronika va asbobsozlik; payvandlash ishlari texnigi; axborot texnologiyalari va to‘qimachilik yo‘nalishlari bo‘ldi.

Toshkent, Samarqand va Shahrisabz kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘qituvchilari ushbu kasblar bo‘yicha tayyorlab kelgan o‘quv qo‘llanmalarini taqdimot qilishdi.

Vazirlik, KOICA xodimlari, OO‘Yu professorlari va sanoat korxonalarining yetakchi mutaxassislari taqdimot qilingan o‘quv qo‘llanmalari zamon talabiga mosligi, yangiligi, talabalarga tushunarli bo‘lishi, ommalashuvi va boshqa mezonlar bo‘yicha baholashdi.

Berilgan vaqt va musobaqa shartlari tugagach hakamlar tomonidan g‘oliblar aniqlandi.

Shundan so‘ng g‘oliblarni taqdirlash uchun mehmonlar markazning majlislar zaliga taklif etildi. KOICA’ning Toshkentdagi ofisi direktori Son Sung Il o‘qituvchilarga Gran-pri va 5ta birinchi o‘ringa pul mukofotlari, diplomlar va qimmatbaho sovg‘alarni topshirishdi. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nomidan Gran-pri sohibiga televizor va 5ta birinchi o‘ringa mikroto‘lqinli pechlar sovg‘a qilindi.

Gran-prini Samarqand shahridagi ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi xodimi Elektronika va asbobsozlik yo‘nalishi bo‘yicha Javohir Safarov qo‘lga kiritdi.

Tadbirning ikkinchi qismida Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida KOICA granti asosida tashkil etilgan Samarqand startap inkubator markazida startap g‘oyalar tanlovi o‘tkazildi. Tanlovga ariza topshirgan 14 nafar startap g‘oyalaridan dastlabki tanlovdan o‘tgan 5ta g‘oyaning taqdimotini o‘tkazdi. Nomzodlar hakamlar tomonidan baholandi va markaz rezidentligiga qabul qilindi.

1-o‘rin Zafarali Bozorovga nasib etdi. Startap muallifi bir yil muddatga ofis bilan bepul ta'minlanadigan bo‘ldi. Unga qimmatbaho sovg‘alar berildi va startap xizmatlaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratildi.

O‘z muxbirimiz

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top