16:40 / 28.11.2019
4
10716

«Demokratik debat»da hokimlar deputatlik kengashlariga rahbarlik qilishiga qachon chek qo‘yilishi masalasi ko‘tarildi

Saylovlardan keyin ham hokimlarning deputatlik kengashlariga rahbarlik qilishi davom etadimi?

28 noyabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» konsert zalida siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida «Demokratik debat» tok-shousining navbatdagi soni suratga olindi. 

Unda jurnalistlar tomonidan ijro hokimiyati vakillari – tuman va viloyat hokimlarining joylarda deputatlik kengashlariga rahbarlik qilishi hokimiyatlarning bo‘linish prinsipiga mos emasligi, «Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida tashkil qilinayotgan saylovlardan keyin bu holatga chek qo‘yilishi yoki davom etishi masalasi ko‘tarildi.

Bu masala bo‘yicha birinchi bo‘lib «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Faxod Ishankulov so‘z oldi:

«Hozirgi kunda amaldagi qonunchilik bo‘yicha bu tartib bekor qilingani yo‘q. Bu tartib mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingani bo‘yicha o‘zgargani yo‘q. Demak, hozir ham hokimlar saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ysa (qo‘yishdi ham) amaldagi tartib bo‘yicha davom etadi. Biz bu qonun ustida yangi shakllangan parlament bilan birgalikda ishlaymiz». 

O‘zLiDeP siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi kotibiyati rahbari Nuriddin Murodov savol yuzasidan fikrini quyidagicha ifodaladi:

«Albatta, ikki hokimiyatning vakolatlari alohida bo‘lishi kerak. Biz «Mahalliy kengashlar faoliyati reglamenti to‘g‘risida»gi qonun loyihasini taklif qilyapmiz. Agar biz bu loyihaning parlamentda ma'qullanishiga erishsak, hokimlarning deputatlik kengashlariga rahbarlik qilish vakolatiga chek qo‘yiladi.

 Amaldagi qonunchilik bo‘yicha kutilayotgan saylovlardan keyin ham hokimlarning deputatlik kengashlariga raislik qilishi davom etadi».

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari – Mirodil Abdurahmonovning fikricha, tuman va viloyat hokimlarining deputatlik kengashlariga boshchilik qilishi haqiqatda hokimiyatlar bo‘linish prinsiplariga mos emas.

«Yangi saylovlardan keyin Milliy tiklanish partiyasining birinchilardan bo‘lib ilgari suradigan taklifi mana shu xatolikni to‘g‘rilash bo‘ladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi bo‘limi boshlig‘i – Boymurod Yusupov holatni Respublika boshqaruvidagi eng og‘riqli masalalardan biri deb atadi.

«Tasavvur qiling, qonunni ishlab chiquvchilarga uning ijrosini ta'minlaydiganlar boshchilik qilmoqda. Joylarda hokimlar vakillik organlariga hisobdor bo‘lmas ekan, rejalashtirilayotgan ishlarimizda biror o‘zgarish bo‘lmaydi. Bilasiz, kelayotgan 2020 yil budjeti qonun bilan qabul qilinayapti. Endilikda joylarda budjet ijrosi uchun mahalliy deputatlik kengashlari javobgar bo‘ladi. 

Budjet mablag‘lari sarflanishida hokimlarning deputatlarga hisobdorligini ta'minlamay turib shaffoflikni ham ta'minlab bo‘lmaydi».

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top