16:08 / 02.12.2019
39
48990
Ittifoqqa kirish chindan sifatli importni ta'minlaydimi? Yana YeOII haqida
Foto: Sabyr Ailchiyev

Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinning talabalar bilan bo‘lgan uchrashuvida O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqiga 2020 yili kirishi muhokama qilinishi axborot bosimining bir turimi? Bu kabi savollarning javobi hozircha noma'lum. Davlatimiz tomonidan rasmiy bayonot bo‘lmagunicha shoshilinch xulosa chiqarmagan bo‘lardim.

Nima bo‘lganda ham bu mavzu hali beri yopilmagan deb hisoblayman, chunki biz YeOIIga kirishning maxsus shartlarini ko‘rmadik, kirgan taqdirda mamlakatni nima kutayotgani haqida boxabar bo‘lish oqil odamlar uchun katta ahamiyatga ega.

YeOIIga kirishda O‘zbekiston eksporti uchun imkoniyatlar ochilishi haqida va'dalar asosli emasligini maqolamizda aytib o‘tdik. Migrantlar hayoti yaxshilanishi iddaosi ham zaif argumentligini alohida bayon qildik.

Yana bir da'vo qoldi: bu ittifoqqa kirish arzon va sifatli mahsulotlar O‘zbekistonga kirishi uchun cheklovlar olinishi bo‘yicha.

Bu iddaoga shunday oydinlik kiritish mumkin: asosan Rossiya mahsulotlari uchun cheklovlar olinadi, boshqa davlatlar uchun nafaqat cheklovlar qoladi balki ular ittifoqdoshlar (va ayniqsa Rossiya) bilan muvofiqlashtiriladi, ya'ni tashqi import uchun cheklovlar keskinlashadi. Proteksionizm ustiga yana bir proteksionizm quriladi.

Mahsulotlar sifatiga kelsak, bu ham qiziq mavzu. Yuqori sifat ta'minoti yuqori darajadagi texnologiya, kuchli nazorat tizimi va oliy maqomdagi mutaxassislar tomonidan hosil bo‘ladi. Oliy sifat qimmatbaho imtiyozdir. Quyiroq sifat ma'lum ehtiyojni qondirgani bilan ziyonli bo‘lishi mumkin. Ittifoqning proteksionizmi va rus ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imtiyozlar paydo bo‘lishi, shuningdek migrantlardan keladigan tushum ozayib ketishi (bular haqida suhbatimizda aytib o‘tganmiz) aholining xarid qobiliyatini yildan yilga qisqartirib boradi, oddiy so‘z bilan aytganda, qashshoqlashuv davom etadi. Bu degani – ittifoqdan kutilayotgan yaxshi sifatli mahsulot va xizmatlar haqida orzu qilmasa ham bo‘ladi.

YeOIIga kirishni tanqid qiluvchilar orqasida mahalliy monopolistlar turibdi, degan ayblovlarni ham o‘qidik. Monopolist manfaatlaridan «xavotir» olmagan ma'qul, chunki O‘zbekiston mazkur ittifoqqa a'zo bo‘lib qolsa monopolistlarimiz birinchi bo‘lib rus kompaniyalari bilan eksklyuziv dillerlik shartnomalarini tuzib olishadi va har qachongidek iste'molchi nochorligi ustida «semirishadi».

Bir narsani yaxshi tushunaylik: davlat siyosati qarorlar muvozanatiga asoslanadi. Ziddiyatli yo‘nalishlar o‘rtasida strategik maqsadlar va joriy vaziyat manfaatlariga tayangan eng optimal yechimlar topiladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun muhit yaratish va iste'molchi ehtiyojlari uchun import eshiklarini yopmaslik kabi ikki qarama-qarshi vektor orasida muvofiqlashgan qarorlar turli tahlil va bahslar natijasida hosil bo‘ladi. YeOII mahalliy ishlab chiqaruvchilarni sindiradi va milliy iqtisodni zaiflashtiradi. Xarid qobiliyati pasayib boradigan iste'molchi aholi ittifoqning sifatsiz importiga bog‘lab qo‘yiladi. Taraqqiyot omillari bo‘lmish uzoq yillik investitsiyalar, yangi texnologiyalar va ilg‘or boshqaruv tizimlarini bu ittifoq olib kirmaydi. Ularni YeOIIning qaysi davlatlaridan kutish mumkin?

Jamshid Muslimov, iqtisodchi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top