O‘zbekistonlik migrantlar hayoti qulaylashadi. O‘zbekistonga ko‘proq pul kirib keladi. Investitsiya hajmi o‘sadi. Energetika, tabiiy gaz qazib olish hajmi ortadi. Qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar eksporti oshadi, bu tashqi savdo hajmi 80 foizga o‘sishini anglatadi va hakozolar.

Yuqoridagilar senator Odiljon Iminovning Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida bildirilgan fikrlar edi. Senatorning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lsa, oliy ta'lim sohasida ham diplomlarni o‘zaro tan olishda qator yengilliklar vujudga keladi. Migrantlarga bo‘lgan munosabatda ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.

Kun.uz ayni iddaolar qanchalik haqiqatga yaqin, degan savollar bilan bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan ekspertlarga murojaat qildi. Migrantlar huquqlari bilan shug‘ullanib kelayotgan huquqshunos Botirjon Shermuhammad hamda iqtisodchi-ekspert Jamshid Muslimov quyidagi savollarga o‘z fikrlarini bildirishdi.

— O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi migrantlarga qanchalik foyda beradi?

J.M.: Senatorimiz birgina migrantlar masalasi bois, YeOIIga a'zo bo‘lish uchun ikki qo‘limni ko‘tarib ovoz beraman, dedilar. U kishining bu bayonoti, go‘yoki siz migrantlar Rossiyada ishlab, bizga ko‘proq pul yuboraveringlar, biz bu yerda uni sarflaymiz, degandek taassurot uyg‘otmoqda. Ammo, siz mehnat muhojirlarining fikrini so‘raydigan bo‘lsangiz, kimdir yoqlaydi, kimdir vaqti kelib, vatanga qaytishni reja qiladi.

Eksport masalasini gapirdilar. Rossiyaga O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik mahsulotlari, tekstildan boshqa narsasi unchalik qiziq emas.

Jamshid Muslimov

B.Sh.: Migrantlarimiz, O‘zbekiston tashkilotga a'zo bo‘lsa, Rossiyaga kelgan birinchi kundan mehnat qilishlari mumkin bo‘ladi. 7 kun ichida emas, 1 oy muddatda ro‘yxatga qo‘yishga ruxsat beriladi.