21:00 / 05.12.2019
2
14834
«Odamlar jangga otlandi»: Fransiya pensiya islohotlari tufayli namoyishga chiqdi

Fransiyada mamlakat prezidenti Emmanuel Makron taklif qilgan pensiya islohotlari tufayli umummilliy namoyishlar boshlandi. Bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik namoyishlar bo‘lishi kutilmoqda.

O‘qituvchilar, jamoat transporti haydovchilari, sud xodimlari, tibbiyotchilar, aviadispetcherlar va boshqa ko‘plab sohalar vakillari ko‘chalarga chiqishgan. Politsiyachilar orasida ham namoyishlarga qo‘shilganlar bor.

Namoyishchilar tutgan plakatda «Qashshoqlik urug‘ini ekkanlar g‘azab hosilini o‘radi» deb yozilgan

Ko‘plab maktablarda o‘qish to‘xtab qolgan, jamoat transportida uzilishlar yuzaga kelgan, ko‘plab shifoxonalarda juda kam sondagi xodimlar xizmat ko‘rsatmoqda.

So‘nggi vaqtlardagi eng yirigi deb hisoblanayotgan bu namoyish Makronning universal pensiya tizimi bo‘yicha taklifiga qo‘shilmagan kasaba-uyushmalari bilan kelishilgan holda tashkillashtirilgan.

Kasaba uyushmalari faollari va namoyishchilar Marselda avtobus harakatini to‘sib qo‘yishdi

«Biz iqtisodiyotni to‘xtatib qo‘yishimiz kerak. Odamlar jangga otlandi», deya so‘l kuchlarning Force Ouvriere kasaba-uyushmasi yetakchilaridan biri Kristiana Grolening so‘zlarini keltirmoqda Reyters agentligi.

Hukumat norozilik aksiyalari o‘tkazilishidan avvaldan xabardor edi va transport kollapsi yuzaga kelishi va iqtisodiyotga jiddiy zarar bo‘lmasligi uchun ma'lum tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi.

Ish tashlashlar davom etishi kutilmoqda, ayrim kasaba-uyushmalari rahbarlari Makron o‘z rejasidan voz kechmaguncha namoyishlar davom etishini ma'lum qilgan.

Islohotlar nega bu qadar norozilik keltirib chiqardi?

Fransiyada o‘nlab turli pensiya dasturlari mavjud. Makron bu tizim murakkab va qimmatga tushadi deb hisoblamoqda. U pensiya hisoblashning yagona mexanizmini yo‘lga qo‘yishni istamoqda.

Emmanuel Makron saylovoldi kampaniyasi vaqtidayoq pensiya islohotlari o‘tkazishni va'da qilgandi

Prezidentning rejasi har bir ishlangan kun uchun ball qo‘yib borish tizimini nazarda tutadi. Unga ko‘ra, kelgusida pensiya hajmi to‘plangan ballarga asoslanadi.

Yangi tizimda ko‘plab kasblar vakillari, jumladan, dengizchilar, huquqshunoslar va hatto artistlar pensiya imtiyozlaridan mahrum bo‘lishadi.

Fransiyada pensiya yoshi so‘nggi 10 yilda 60 yoshdan 62 yoshga ko‘tarildi. Lekin shunda ham bu taraqqiy etgan davlatlardagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir. Masalan, Buyuk Britaniyada odamlar 66 yoshdan pensiyaga chiqishadi.

Makron tomonidan taklif qilingan islohot pensiya yoshini yana oshirishga olib keladi, chunki taklif qilinayotgan tartibga ko‘ra 62 yoshda nafaqaga chiqish pensioner yoshidagi fuqaro uchun foydasiz bo‘lib qoladi. To‘liq hajmda pensiya olish uchun fransuzlar 64 yoshgacha ishlashlariga to‘g‘ri keladi.

Fransuzlarning aksari ish tashlashga rozi

Jamoatchilik orasida o‘tkazilgan so‘rovlardan birining natijalariga ko‘ra, aholining 70 foizi ish tashlashni qo‘llab-quvvatlaydi, ularning aksar qismi 18-34 yoshdagi kishilardir.

Shu bilan birgalikda, fransuzlarning 75 foizi hozirgi pensiya tizimi islohotga muhtoj ekanini ta'kidlagan, ammo uchdan bir kishigina hukumat adekvat islohot o‘tkaza olishiga ishonadi.

1995 yilda o‘tkazilgan ish tashlashlar ham pensiya islohotlari tufayli boshlangan va o‘shanda uch kun davomida transport tizimida kollaps yuzaga kelgandi. O‘sha namoyishlar aholining katta qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, yakunda hukumat ortga chekinishga majbur bo‘lgandi.

Parij metrosining 16 yo‘nalishidan faqat beshtasi ishladi

Mamlakat ichki ishlar vaziri Kristof Kastaner mamlakat bo‘ylab 250ga yaqin joyda namoyishlar o‘tkazilishi, shularning ayrimlari tartibsizliklar bilan yakunlanishi kutilayotganini bildirdi.

«Biz namoyishlarda juda ko‘plab odamlar ishtirok etishi va qanday xavf mavjudligini bilamiz. Men tartibsizliklar yuzaga kelgudek bo‘lsa zudlik bilan tartibbuzarlarni qo‘lga olish bo‘yicha topshiriq berdim», degan u.

«Sariq nimchalilar» harakati ishtirokchilari yangi namoyishlarga qo‘shilishini bildirishgan.

Ish tashlash ko‘plab maktablar faoliyatiga ta'sir ko‘rsatdi

Ish tashlashlarda kimlar ishtirok etmoqda

Ish tashlashda qatnashmagan odamlar ish joylariga juda katta qiyinchiliklar bilan yetib bormoqda: jamoat transporti kasaba-uyushmalari a'zolari ham aksiyalarga qo‘shilishgan.

SNCF temir yo‘l kompaniyasi ma'lum qilishicha, xodimlarining atigi 10 foizi ishga chiqmoqda. Ayrim hududiy yo‘nalishlar aholiga umuman xizmat ko‘rsatmayapti.

Nitssada «5 dekabr kuni barcha ish tashlashga» yozuvli plakatlar paydo bo‘ldi

Uzilishlar Eurostar va Thalys kabi xalqaro yo‘nalishlarni amalga oshiruvchi kompaniyalar faoliyatiga ham ta'sir ko‘rsatmoqda. Eurostar 10 dekabrga qadar poyezdlar harakati jadvaliga o‘zgartirishlar kiritgan.

Parijda metro, tramvay va avtobuslar xizmatini ko‘rsatuvchi RATP transport operatori kun davomida uzilishlar bo‘lishidan ogohlantirmoqda.

Metroning 16 yo‘nalishidan faqat 5tasi ishlamoqda. Shahar tashqarisidan markazga yetib borish deyarli ilojsiz ishga aylangan.

Sentabr oyida, metro ishchilari ish tashlaganida odamlar ishga velosiped va samokatlarda qatnashga majbur bo‘lgandi.

Aviadispetcherlar ham ishga chiqishmagan. Air France kompaniyasi ichki reyslarning 30 foizini bekor qilgan. EasyJet esa 200dan ortiq reysni bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Norozilik aksiyalari butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda

Shuningdek, hamshiralar, shifoxonalar xodimlari, yuristlar, politsiyachilar, chiqindi tashuvchilar, energetik kompaniyalar xodimlari va maktablarda boshlang‘ich sinflarning o‘qituvchilari namoyishlarga chiqishgan.

Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari kasaba-uyushmasi payshanba kuni maktablarning qariyb 40 foizi ishlamasligi haqida ogohlantirgandi. O‘qituvchilarning 70 foizidan ortig‘i namoyishlarda qatnashish niyatini bildirgan.

Yuqori sinflar o‘qituvchilari kasaba-uyushmasi o‘qituvchilarning 60 foizidan ortig‘i ish tashlashi, lekin barcha maktablarda o‘qish bo‘lishini ma'lum qilgan.

Fermerlar namoyishlarda qatnashmasliklarini bildirishgan. Holbuki ularning pensiyasi mamlakatdagi eng kam miqdordagi pensiya hisoblanadi.

Politsiya bilan to‘qnashuvlar

Parij, Lion, Bordo, Nant va Fransiyaning boshqa ko‘plab shaharlarida namoyishchilar va politsiya xodimlari o‘rtasida ilk to‘qnashuvlar yuzaga keldi.

Namoyishchilar politsiyaga qarata tutunli portlagichlar va boshqa turli buyumlar uloqtirishmoqda. Lionda politsiyachilar namoyish ishtirokchilariga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llashgan.

Parij politsiyasi 65 kishi qo‘lga olinganini ma'lum qilgan.

Yelisey saroyidagilarning aytishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron fransuzlarning ish tashlash huquqini e'tirof etgan, shu bilan birgalikda pensiya islohotlarini amalga oshirish fikrida qat'iyligini bildirgan.

Shu kunlarda Fransiya bosh vaziri Eduar Filipp pensiya islohotlari bilan bog‘liq vaziyatni tushuntirib berish uchun chiqish qilishi kutilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top