14:18 / 25.12.2019
6
22398
Birinchi turdan keyin 36 nafar deputat parlamentga qayta saylandi

Markaziy saylov komissiyasining 25 dekabr kuni o‘tkazilgan majlisida 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga o‘tkazilgan saylov natijalari bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi.

MSK a'zosi Sherzod Qudratxo‘jayev bu yilgi saylovlarda juda ko‘p ijobiy signallar qayd etilgani haqida gapirib, 30 yoshdan kichik bo‘lgan 9 nafar deputat parlamentga saylangani haqida ma'lumot berdi.

«Hozirgi bosqichda 9 nafar 30 yoshdan kichik deputat saylandi, o‘tgan safar 2 nafar edi. Bu raqamlar ikkinchi turdan keyin yana oshishi mumkin.

Qolaversa, saylanganlarning 90 foizi o‘zbeklar, qolganlari tojiklar, qozoqlar, ruslar, qirg‘izlar, turkmanlar va koreyslardir. Bu xalqimizning saylovchilarga xolisona, millatiga qaramasdan baho berganini ko‘rsatadi.

Yana bir yaxshi ko‘rsatkich shuki, ayollar soni ham oshgan. Hozirgi bosqichning o‘zida 34 nafar ayol saylangan, bu 27 foiz degani. Ikkinchi turdan keyin bu raqamlar yana oshadi.

Hozir ikki partiya o‘rtasida raqobat kechmoqda. Odatda O‘zLiDeP katta ustunlik bilan g‘olib bo‘ladi. Hozir esa shunday holat yuzaga kelganki, ikkinchi turdan keyin ikkinchi partiya («Milliy tiklanish») oldinga o‘tib olishi va bu partiya bosh vazirlikka nomzodini ko‘rsatishi ham mumkin», deya Qudratxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘shimcha qilinishicha, avvalgi parlament deputatlaridan 36 nafari (29 foiz) qayta saylangan, jami 45 nafar amaldagi deputatning nomzodi saylovga qo‘yilgandi.

MSK Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan nomzodlar tarkibi tahlilini diagrammalarda keltirdi.

Saylov natijalariga ko‘ra, 150 o‘rinli parlamentga hozircha 125 nafar deputat saylangan, yana 25ta okrugda 5 yanvar kuni ikkinchi tur o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berish bo‘ladigan 25ta saylov okruglari:

8-Aqmang‘it
9-Andijon
32-Jizzax
33-Do‘stlik
35-G‘allaorol
36-Paxtakor
37-Sharof Rashidov
44-Sardoba
49-Uychi
56-Registon
57-So‘g‘diyona
67-Past Darg‘om
76-Sherobod
83-Oltinsoy
87-Angren
89-Bo‘ka
102-Yaypan
104-Uchko‘prik
106-Bag‘dod
117-Urganch
133-Shahrisabz
134-Yakkabog‘
135-G‘uzor
148-Ko‘kcha
150-Shayxontohur

Mavzu
Saylov-2019
2019 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston parlamenti uchun saylovlar o‘tkaziladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top