18:10 / 31.12.2019
5
5045
Vazirlik «Optimist» loyihasi qahramonini startaplar tanlovida qatnashishga chaqirdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi Kun.uz`ning «Optimist» loyihasi qahramoni, elektromontaj mutaxassisi Jahongir Mahkamovni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Vazirlik axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, Jahongir Mahkamov sentabr oyi boshida vazir Ibrohim Abdurahmonovning qabulida bo‘lgan.

«Shundan so‘ng u yaratgan ishlanmalar – doimiy quvvatga ega elektrodvigatel, quruq zaryadli va tez tiklanuvchi akkumulyator hamda tok kuchaytirgich vazirlik tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqildi. Qabul davomida J.Mahkamovning ixtirosi ahamiyatini inobatga olgan holda, I.Abdurahmonov mazkur ixtironi startap tanlovi talablariga javob beradigan tartibda rasmiylashtirishga yordam berish haqida ko‘rsatma bergan», – deyiladi rasmiy bildirishda.

Qayd etilishicha, ishchi guruh Chinoz tumaniga borib, ixtirochi tomonidan taqdim etilgan ishlanmalarni dastlabki ko‘rikdan o‘tkazishgan. Guruh «O‘zbekenergo» ilmiy-texnik markazi laboratoriya mudiri, t.f.d., prof. To‘lagan Kamolov, I.Karimov nomidagi TDTUning «Elektrik mashinalar» kafedrasi professori, t.f.d. Kamoliddin Olimxo‘jayev va kafedra mudiri t.f.d. Olimjon Toirov, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti kafedra mudiri Usan Berdiyev, «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ konstruktorlik byurosi mudiri Sherzod Ahmedov va texnologik bo‘limi mudiri Sayfiddin Asamov, Innovatsion rivojlanish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mirziyod Mirsaitovdan iborat bo‘lgan.

«Bunda namoyish etilgan ishlanmalar amalda ishlashi kuzatildi, shu boisdan barcha prototiplarni kompleks ravishda sinovdan o‘tkazish zarur, degan qarorga kelindi.

Shu munosabat bilan, 27 sentabr kuni Turin politexnika universitetida Jahongir Mahkamov ishtirokida uning ixtirolari sinovdan o‘tkazildi. Sinov natijasida Mahkamovning ixtiro qilgan quruq zaryadli akkumulyatori tez zaryad olishi (3-4 daqiqa atrofida) hamda yengil vaznga ega bo‘lib turib (3,5 kg) qiyinchiliksiz avtomobilning dvigatelini qo‘zg‘ata olgani ishchi guruh va Turin politexnika universiteti xodimlarining umumiy qiziqishini uyg‘otdi.

Shuningdek, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti laboratoriya stendida quruq zaryadli akkumulyatorni zaryad olish va zaryad tugashi vaqti o‘lchandi. Olingan natijalarga ko‘ra, 8ta siklda akkumulyatorning quvvat olish va quvvatsizlanish jarayonlarining barqarorligi aniqlandi. Ishchi guruh tomonidan kattaroq sikllarda (5000 martagacha) sinov o‘tkazish lozimligini va prototipning kimyoviy tarkibini batafsil o‘rganish zarurligi haqida xulosa chiqarildi», – deyiladi vazirlik axborotida.

Ta'kidlanishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan murojaatchiga ixtironi loyiha sifatida shakllantirib, davlat texnik grantlari hamda o‘z xarajatini o‘zi qoplash asosida moliyalashtiriladigan startap loyihalar tanlovlarida ishtirok etishi uchun ariza topshirishi mumkinligi haqida ma'lumot berilgan.

«Bu ma'lumotlar J.Mahkamovga og‘zaki ham tushuntirilgan, unga bu haqida xat ham jo‘natilgan. O‘z navbatida, Mahkamov hozirgi kunga qadar startaplar tanloviga yoki vazirlik tomonidan tashkil etilgan boshqa tanlovlarga hujjatlarini topshirmagan. Shu o‘rinda, vazirlik mutaxassislari tanlov uchun ixtirochining hujjatlarini rasmiylashtirishga ko‘maklashishlarini ma'lum qilamiz», – deya qayd etilgan vazirlik Axborot xizmati munosabatida.

Bundan tashqari, vazirlik Jahongir Mahkamovga elektr dvigatelini tajriba va sinovlardan o‘tkazish uchun laboratoriya uskunalarini xarid qilishda ham ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan. Ma'lum qilinishicha, «buning uchun ixtirochi laboratoriya uskunalarining nomi, turi yozilgan ro‘yxatni vazirlik xodimlariga taqdim etishi kifoya».

«Innovatsion rivojlanish vazirligi startap loyihalarni hamisha qo‘llashini va bu sohada qator ishlarni amalga oshirayoganini ma'lum qilamiz. O‘zbekistonda ilk bor startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish tizimi shakllantirilib, 2019 yilda 31ta startap loyihalarga 28,2 mlrd. so‘m yo‘naltirildi.

Xuddi shunday, Jahongir Mahkamovdan o‘z ixtirosini startap loyihalar tanloviga topshirishini so‘raymiz. Bu qog‘ozbozlik ham emas, emotsiyaga berilish uchun sabab ham emas. Negaki, vazirlik budjetdan ajratilgan pullarni iqtisodiyotimizga foyda keltiradigan, natijador, samarali loyihalarga berish uchun mas'ul davlat organidir. Har qanday davlatda ham grant mablag‘larini olish uchun belgilangan tartibda hujjatlar topshiriladi va bu tabiiy hol», – deyiladi Innovatsion rivojlanish vazirligi bildirishida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top