20:10 / 08.01.2020
0
30014

Putin va Erdo‘g‘an Fors ko‘rfazidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi

Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Fors ko‘rfazi hududidagi barcha muammolarni faqat tinch yo‘l bilan xalqaro huquq normalari asosida hal qilishga chaqirdi. Bu haqda RF TIV rahbari Sergey Lavrov ma'lum qilgan.

«So‘nggi kunlardagi voqealar munosabati bilan prezidentlar Fors ko‘rfazi hududidagi muammolar va umuman mintaqadagi barcha muammolarni faqat xalqaro huquq normalariga rioya etgan holda tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanliklarini ma'lum qilishdi», degan Lavrov.

Prezidentlarning Eron bo‘yicha bayonotida ushbu mamlakatdagi vaziyatga xorijiy aralashuv va bir tomondan harbiy harakatlar olib borilishiga qarshilik bildirilgan.

«Biz hamisha xorijiy aralashuvga va o‘zaro nizolarga qarshi bo‘lib kelganmiz.

Shu tufayli, biz mintaqadagi ziddiyat pasayishi uchun harakat qilamiz va barcha tomonlarni tiyilishga, mulohazali bo‘lishga, faqatgina diplomatik vositalarni qo‘llashga chaqiramiz», deyiladi bayonotda.

Bugun Istanbulda Erdo‘g‘an va Putin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, tomonlar «Turk oqimi» gaz quvurini ochish bilan birgalikda o‘zaro muzokaralarda Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qilishgan.

8 yanvarga o‘tar kechasi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish boshlangani haqida e'lon qilib, AQShning Iroqdagi ikkita bazasiga raketa zarbalari yo‘lladi. 

Eron davlat telekanali Press TV ushbu hujum oqibatida AQSh harbiy xizmatchilaridan 80 nafari o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdi. Efirda hujum qurbonlari «amerikalik terrorchilar» deb atalgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa hujumdan so‘ng «barchasi joyida» ekani haqida ma'lum qildi.

Fox News telekanali esa amerikaliklar qurbon bo‘lgani haqida ma'lumot kelib tushmagani haqida xabar tarqatdi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top