14:20 / 08.01.2020
0
30867
Sulaymoniy dafn etildi

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan general Qosim Sulaymoniy ona shahri Kirmonda dafn etildi. Bu haqda CNN telekanali xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, u Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiylari Amerikaning Iroqdagi ikki aviabazasiga raketalar yo‘llaganidan bir necha soat o‘tib dafn etilgan. Sulaymoniyning tobuti «shahidlar bo‘limi»ga ko‘milgan.

Avvaliga generalni dafn etish marosimi 7 yanvar kuniga mo‘ljallangandi. Ammo dafn marosimiga haddan tashqari ko‘p odam to‘plangani uchun tiqilinch yuzaga keldi va talato‘pda 50dan ortiq kishi halok bo‘ldi, marosim keyinga qoldirildi.

«Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan general Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘dodda amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgandi. Pentagon bayonotiga ko‘ra eronlik general AQSh prezidentining buyrug‘iga ko‘ra o‘ldirilgan — Tramp Sulaymoniyni birinchi raqamli terrorchi deb atagan edi.

8 yanvar kuni Eron AQShning Iroqdagi bazalariga raketa zarbalari yo‘lladi. Ushbu hujum Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun javob sifatida baholandi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma'lumotlariga ko‘ra, jami 15ta raketa uchirilgan. Ulardan 10tasi Ayn al-Asad aviabazasiga, bittasi Iroq shimolida joylashgan Arbildagi bazaga kelib tushgan, to‘rtta raketa esa nishongacha yetib bormagan. Iroq rasmiylari Eron tomondan 22ta raketa uchirilganini ma'lum qildi.

Keyinroq Eron davlat televideniyesi ushbu hujum oqibatida AQSh harbiy xizmatchilaridan 80 nafari o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdi. Efirda hujum qurbonlari «amerikalik terrorchilar» deb atalgan. Pentagon bu ma'lumotga izoh bermadi, ammo avvalroq halok bo‘lganlar haqida ham ma'lumot kelib tushmagan.
 

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top