22:13 / 16.01.2020
44
46983
«Biz buni orqaga qaytarmaymiz...» - Vazir o‘rinbosari yangi stipendiya tizimining huquqiy asosi haqidagi savolga javob berdi

16 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Oliy ta'lim muassasalarining bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirishga o‘tish istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Oliy ta'lim vazirligi mutasaddilari, OTM rektorlari prezident qarori asosida (PQ-4391-son) 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab tajriba-sinov tariqasida o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta'lim muassasalari va yangi tizim bo‘yicha kutilayotgan yangiliklar haqida ma'lumot berdi.

Xususan, Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonovning so‘zlariga ko‘ra, mustaqil moliyalashtirish tizimiga o‘tadigan oliy ta'lim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni oshirish imkonini beradi.

«Misol uchun, 2020 yildan o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tgan oliy ta'lim muassasalari qariyb 17 ming nafar talabani o‘qishga qabul qilishi kutilmoqda, bu esa 2019 yildagi ko‘rsatkichdan 20 foizga ko‘p.

Shuningdek, o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimi joriy etilishi oliy ta'lim sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va budjet mablag‘lari ajratilishini kamaytirmaydi, aksincha, Hukumat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor bo‘lib qoladi. Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda respublikadagi oliy ta'lim muassasalarini moliyalashtirishga 7 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbir davomida 2019 yilning sentabr oyidan boshlab oliy ta'lim muassasalari talabalariga yangi tartibda stipendiya to‘lanayotgani, bu esa amaldagi qonunchilikka qanchalik mos kelishi borasida savol berildi.

«2004 yilda tasdiqlangan va hozir ham o‘z kuchida bo‘lib turgan Yo‘riqnomaga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalari talabalariga differensiallangan stipendiya berishi belgilangan. Yo‘riqnomaga ko‘ra, 5 baho olgan talabalarga 1 koeffitsiyent, 4 baho – 0.75 koeffitsiyent va 3 baho olganlarga 0.5 koeffitsiyentda stipendiya to‘lash kerak. Ammo sentabr oyidan buyon bu qoidaga rioya qilinmayapti. 3 va 4 baho olganlarga 400 ming so‘m, 5 baho olganlarga esa 460 ming so‘m stipendiya berilmoqda. Vaholangki, bunday to‘lov qilish uchun birorta normativ hujjat qabul qilinmagan.

Bu holat «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga zid emasmi? Nima uchun amalda bo‘lib turgan Yo‘riqnomaga hech bir asossiz rioya qilinmayapti?», deyilgan savolda.

Savolga Sarvar Buzrukxonov javob qaytardi.

«Bizda hujjat bor. Bu 1339-sonli Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Moliya vazirliklari tasdiqlagan hujjat. Biz shu hujjat asosida stipendiya tayinlanganmiz.

Bu tizimga o‘tilganining ijobiy tomonlari ham bor. OAV tizimning bu tomonlarini ham jamoatchilikka yetkazishi kerak. Vazirimiz bir necha kun avval ham aytdilar, 5 bahoga o‘qigan talabalarga qo‘shimcha rag‘batlantirish beriladi. Bu bo‘yicha shu kunlarda Vazirlar Mahkamasi qarori ham chiqadi.

Biz stipendiyani 400 ming so‘m va kontrakt to‘lovisiz qilib belgilaganimiz bu O‘zbekiston xalqiga juda katta imkoniyat bo‘ldi. Buni esa hech kim gapirmayapti.

Bugungi kunda 195 ming 890 nafar talaba (kunduzgi ta'lim) stipendiyasiz o‘qiyapti va ular kontrakt uchun pul to‘lamayapti.

Biz buni orqaga qaytarmaymiz. Orqaga qaytilmaydi. 62 foiz talaba 3 bahoga o‘qirdi. Bu qariyb 200 ming talaba degani. Bu orqaga qaytmaydi.

Ertaga qaror chiqadi va hammasi joyiga tushadi (Vazirlar Mahkamasi qarori). Biz buni orqaga qaytarsak, 200 mingta talabadan ham pulini qaytarib olishimiz kerak bo‘lardi. Bunga qanday reaksiya bo‘ladi? Buni qaytarish niyatimiz yo‘q, qaytaramiz, faqat talabalarga rag‘batlantirish pulini beramiz.

Bu masalani alohida brifing qilib jurnalistlarga yetkazamiz», degan Sarvar Buzrukxonov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top