14:20 / 25.01.2020
2
6880
Hukumat muassisligidagi «Yangi O‘zbekiston» gazetasining ilk soni chop etildi

O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratildi. Fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash, axborotlashgan jamiyat barpo etish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlar samaralarini va yurtimizda hamda dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni keng jamoatchilikka tezkor va xolis yetkazib berishda yangicha yondashuvlar talab etilmoqda.

Ana shu harakatlar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muassisligida 2020 yil 25 yanvardan boshlab «Yangi O‘zbekiston» gazetasi chop etila boshlandi.

Mazkur nashrning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining faoliyati, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz hayoti farovonligini oshirish, xalqaro maydonda vatanimizning obro‘-e'tibori va nufuzini yuksaltirish yo‘lidagi siyosatini hamda uning natijalarini keng yoritish, shuningdek, hukumat faoliyati, xususan uning yaqin kelajakka va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi, uni amalga oshirish jarayonlari hamda natijalari to‘g‘risida tahliliy maqolalar e'lon qilib borish belgilangan.

Gazetaning ilk sonida prezident Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatnomasi, shuningdek, gazeta jamoasiga tabrigi e'lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, «Pravda Vostoka» gazetasi tahririyati» davlat korxonasi nomi «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati» deb o‘zgartirilgan hamda ikkala gazeta bitta tahririyatga birlashtirilgan.

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati» davlat korxonasi xodimlarining umumiy cheklangan soni 122 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlarining soni 15 nafardan iborat.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top