13:43 / 05.02.2020
0
6783
«Til o‘rgatish bo‘yicha kurslarga ham hokimliklar litsenziya bergan» – Vazir byurokratiya muammolari haqida

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish uchun hokimliklarning 11ta funksiyasi hududiy davlat boshqaruvi organlariga o‘tkazilgani, mahallalar tomonidan berib kelingan 28 turdagi hujjatlarni talab qilish to‘xtatilgani, davlat organlarining bir-birini takrorlovchi yoki mantiqsiz faoliyat turlariga chek qo‘yilgani haqida gapirdi.

3 fevral kuni jurnalist va blogerlar bilan uchrashgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ko‘p yillar davomida hokimliklar o‘z funksiyalariga xos bo‘lmagan, vakolatidan tashqari faoliyatlar bilan ham shug‘ullanib kelganini tanqid qildi.

«Hokimliklarning funksiyalari haqida ko‘p gapirganmiz. Mana, yerlarni ajratish huquqi hokimliklardan olinib, yuz foiz auksionga o‘tdi. Prezident qarori bilan hokimliklarning 11ta funksiyasi boshqa tashkilotlarga o‘tkazildi.

O‘ylab ko‘ring, hokimliklar shu paytgacha til o‘rgatish bo‘yicha kurslarga litsenziya berib kelgan. Biz yaqinda tahlil qildik. O‘zi qancha litsenziya berilgan desak, tagiga yetolmadik. Chunki hech kim reyestrini ham yuritmagan.

14 viloyatda 14ta amaliyot yuzaga kelgan. Xuddi shunday rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi litsenziyani, turarjoyni notururjoyga o‘tkazish, alkogol ichimliklarni sotishga ruxsatni ham hokimliklar berib kelgan. Vaholanki, hokimliklarda bularni bevosita boshqaradigan tuzilmaning o‘zi yo‘q.

Bizning davlat boshqaruvi nuqtai nazaridan hamma sohada vertikal boshqaruv bo‘lishi kerak, chunki unitar davlatmiz. Shuning uchun bu funksiyalar ham hokimliklardan olib qo‘yildi hamda ushbu vakolatlar vazirlik va mutasaddi tashkilotlarning hududiy bo‘limlariga berildi», deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir mahallalar va boshqa turli idoralar tomonidan berib kelingan ma'lumotnomalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Mahallalar tomonidan beriladigan ma'lumotnoma bizning stixiyamiz, bu masala juda katta muammo bo‘lib kelgan. Byurokratiya hozir ham davom etyapti. Mahalladan 28ta ma'lumotnoma berilar ekan. Bir yilda 40 millionta ma'lumotnoma berilgan, o‘ylab ko‘ringlar, bu narsa qancha odamning hayotiga ta'sir qilib kelgan, endi hammasi bekor bo‘ldi. Mahalladan ma'lumotnoma olib kel, deb talab qilish mumkinmas.

Bitta narsaga e'tibor beringlar, mahalla hech qachon o‘zi bergan ma'lumotnomaga javob ham bermagan. Shuning uchun umumiy bir qandaydir tizim shakllanib, byurokratiyani ichiga kirib ketgan edikki, sekin-sekin olib chiqish yo‘llarini o‘ylayapmiz.

Yoki tibbiyot sohasida, ruhiy kasalliklar dispanseri bilan narkologiya dispanseridan bir yilda fuqarolarimizga 500 mingta ma'lumotnoma berilar ekan. Siz Mo‘ynoqda yashasangiz, Taxiatoshdagi dispanserga kelib ma'lumotnomani olishingiz kerak. Pul to‘lashingiz kerak, necha pul to‘laysiz, uning miqdorini hech kim yozmagan, javobini qancha vaqt kutish kerak. Ya'ni bu yerda ovoragarchiliklar bo‘lgan.

Hukumatimiz qo‘llab-quvvatladi, 1 martdan davlat xizmatlari markazlari orqali beriladigan bo‘lyapti. Oldin 4ta joydan berilgan bo‘lsa, endi 200ta tumandan beriladi. Har kim o‘z tumanidan ma'lumotnomasini olishi mumkin», deydi u.

Ruslanbek Davletov hamma tashkilotlar borsangiz o‘nta hujjat, rasm so‘raydi, ma'lumotnoma so‘rashi, nega bu ma'lumotlarni ichki ishlar tizimi, integratsiya tizimi orqali o‘zi olmasligi, buning oqibatida hamma suratga tushib yurishi kerakligini tanqid qildi. U davlat organlari xalq uchun juda qulay bo‘lishi, qiyinchiliklar yaratmasligi kerakligini ta'kidladi.

Muloqot davomida Davletov adliya tizimidagi korrupsiya holatlarga ham to‘xtaldi.

«Asosan kadrlar bilan bog‘liq ishlarda, ya'ni tanish-bilishlar, mahalliychilik yoki davlat xaridlarida xavf-xatar bor ekanini ko‘rsatdi. Davlat xaridlari qilganda qandaydir bir-biri bilan kelishib olish holatlarida bunday xavflar mavjud.

Ko‘z tegmasin, oxirgi 2,5 yildan beri korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘lmadi. Odam buni aytishga ham qo‘rqadi. Agar ertaga birortasi chiqib qolsa, bu bizning yuzimizga dog‘ bo‘ladi. Inson omilida bunday holatlar albatta, bo‘ladi. Hech bir tizim 100 foiz insonning ichiga kirib, to‘g‘rilab qo‘ya olmaydi. Faqat nopok xodimni aniqlash tizimi, aniqlagandan keyin yo‘qotish tizimi yaxshi ishlashi kerak. Biz buni amalga kiritish uchun mahkam bel bog‘laganmiz. Bu yil birinchi bosqichning oxiriga yetishga qaror qilganmiz», deydi u.

Adliya vaziri o‘zi rahbarlik qilayotgan muassasada xizmat kompyuterlari ish kuni yakunlangach, avtomatik ravishda o‘chirilayotganini ta'kidlab, bu orqali xodimlarning mehnat soatidan tashqari ishxonada qolib ketishiga qarshi kurashilayotganini aytdi.

«Adliya tizimida shuni tartibni yo‘lga qo‘ydik, nazorat ham qilyapmiz. Bu unumdorlikka ham ta'sir qilyapti. Keyin ko‘p ishlashning ikki yuzli muammosi bor: birinchisi, ish beruvchi tomonidan majbur qilib o‘tirish bor, ikkinchisi, ishchining o‘zining o‘tirishi bor. O‘tir, demasa ham shunaqa bir korporativ madaniyat shakllanganki, Yaponiyada boshliq ketmasdan hammasi o‘tiraveradi. Koreya ham xuddi shunday: ko‘p ishlash muammosi bor. Lekin bizda, asosan, ish beruvchining majburlashi orqasidan o‘tiradigan holatlar ko‘proq. O‘zbekistonda shuni biz tahlil qilib, o‘chirishga [kompyuterlarni] majbur bo‘ldik.

Yangicha ish uslubi joriy qilingach, ayrim xodimlar kompyuterni o‘chirmaslikni iltimos qilishmoqda. Menda kechqurun ilhom keladi, bolalarimning oldiga borsam ham ishlay olmayman, iltimos, o‘chirmang, deyapti. Lekin hammaga bir xil bo‘lsin deb bu iltimoslarni rad etyapmiz. Faqat boshqarma boshliqlarining kompyuterlari o‘chmayapti, juda zarur bo‘lsa shu yerda ishlashlari mumkin. 24 soat emas, aql bilan ishlash lozim. Shunda ishdan natija va samara bo‘ladi», deya ta'kidladi Ruslanbek Davletov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top