17:54 / 07.02.2020
1
14658

10 yoshli Ruxshonaga yordam kerak: oqqonga chalingan qiz xotirasini yo‘qotib, onasini tanimayapti

Samarqand viloyati Past Darg‘om tuman «Lolazor» mahallasida istiqomat qiluvchi Fotima Hakimova farzandiga ko‘mak so‘rab tahririyatimizga murojaat qildi.

Uning 10 yoshli qizi Ruxshona G‘ofurova oqqon kasalligidan aziyat chekmoqda. Onasining hikoya qilishicha, qizi 2017 yilning yozida bu dardga chalingan. Shundan beri ko‘p xarajat qilishgan, qizi ma'lum bir davolanish kursini o‘tagandan so‘ng kasallik chekingandek bo‘lgan. Biroq bugungi kunga kelib dard yana qaytalagan.

— Ruxshona qizim ilk bor bu dardga chalinganida shifokorlar birdaniga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olishmadi. Revmatizmga qarshi, kardiologiya bo‘limida davolanib ko‘rib shifo topmagach, shu tashxis qo‘yildi. Uch oy davolandik. Hozir kasallik yana qaytaladi. Vrachlar kasallik bosh miyaga ham o‘tganini aytishmoqda. Qizimning xotirasi sustlashib bormoqda. Gohi meni ham tanimay qolayapti.

Ruxshonani davolayotgan vrach — Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi gematologiya bo‘limi mudiri Zokir Sa'diyev ham davolanish jarayoni borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

— Ruxshona 2017 yilda bo‘limimizga kelib tushgan. «Moskva – Berlin» deb ataluvchi dastur bo‘yicha davolangan. Davolashda qoniqarli natijaga erishilgan. Baxtga qarshi, 2018 yilda uning kasalligi qaytalagan.

Biz o‘zimizda bor imkoniyatlarni ishga solib uni davolayapmiz. Lekin ba'zi bir dori darmonlariga puli yetmayapti.

Ruxshona oilada uch farzandni o‘stirib tarbiyalayotgan oilaning o‘rtancha dilbandi. Uning 12 yoshli akasi va 5 yoshli singlisi ham bor.

Oila jigarbandi davolanishi uchun qo‘ni-qo‘shni va yaqinlari-yu begonalardan ancha muncha qarzdor ham bo‘lib qolibdi. Ruxshonaning otasi endigina zavodga payvandchi bo‘lib ishga kirgan. Hali mart oyidan ish boshlaydi. Onasi esa uy bekasi. Farzand parvarishi bilan mashg‘ul.

Ayni paytda Ruxshonaga to‘liq tiklanishi uchun dori darmonlar xarid qilishga 30 million so‘m atrofida mablag‘ zarur.

Ular farzandi shifo topishi uchun hamyurtlarimizning yordamiga muhtojligini izhor qilishdi.

Biz yurtimizdagi savobtalab insonlardan mazkur oilaga imkonlari qadar yordam ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz.

 Yordam ko‘rsatishga had qilganlar Ruxshonaning onasi Fotima Hakimova nomiga ochilgan plastik kartochkalarga mablag‘ o‘tkazib berishlari mumkin:

UZCARD: 8600 0417 3308 8604

HUMO: 9860 0303 1678 0441

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.

 

Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz, darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top