11:12 / 08.02.2020
6
17925
Isitish zo‘r, termometr buzuq, murojaatchi «tuhmatchi» - Urgutdagi maktab qishni qanday o‘tkazmoqda?

Bu maqolani «hangoma» yoki «latifa» deb atasa ham bo‘lar edi. Faqat bir narsa latifa deyishdan tiyib turibdi - gap bolalarga yaratilgan sharoit, ularning salomatligi haqida...

Gap shundaki, Urgutning «Tersak» mahallasida joylashgan 45-umumta'lim maktabida sinfxonalar yaxshi isitilmaydi. Bunga ota-onalardan birining murojaatidan so‘ng o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.

Maktab rahbariyatidan izoh so‘rasak, «unday emas, mana qozonxona gurillab yonyapti-ku», deya qozonxonani ko‘rsatishdi. Haqiqatan ham qozonxona o‘chog‘ida ko‘mir yonyapti, elektr bo‘lmagani uchun qozonxonaga benzinda ishlovchi generator ulangan.

Muammo shundaki, qozonxona ishlab tursa ham sinfxonalar sovuq, qozonxonaning ham bittasi ishlamagani sababli sport zaliga umuman issiqlik yetib bormaydi.

Direktor esa sinfxonalar sovuqligini rad etdi. Termometr keltirib o‘lchab ko‘rganimizda ham o‘z so‘zida turdi: «Termometr buzuq».

Qizig‘i, ayrim sinfxonalarda isitish batareyalarining o‘zi yo‘q. Ammo baribir issiq emish! Hatto isitish batareyalarining o‘zi bo‘lmasa nimaning hisobiga issiq degan savolga esa javob yo‘q. Shunchaki, «issiq».  

Judayam g‘alati va kulgili holat. Issiqlik aylanishi yaxshi bo‘lmagani hisobiga ayrim xonalarda issiqlik batareyalari birozgina qizib turibdi. Ayrim xonalarda isitadigan o‘sha matohning o‘zi yo‘q. Yana bir qozonxonaning o‘zi ishlamaydi. Va eng asosiysi — o‘qituvchilar qalin po‘stin va sharfga o‘rangan, telpakni bostirib olgan. O‘quvchilar ham qalin kiyimda — ammo maktab rahbariyati ko‘rinib turgan muammoni berkitish harakatida. Aslida isitish tizimi kimga kerak o‘zi?

Xo‘p, o‘qituvchilar yoshi katta odam, amallab kunni o‘tkazar, ammo yosh bolalarda nima ayb? (Ruhiyatiga salbiy ta'sir qilmasligi uchun qalin kiyimlarda dars qilayotgan o‘quvchilar rasmini e'lon qilmadik. Qolaversa, sinfxonalarga kirib dars jarayonini suratga tushirishga direktor monelik qildi).

Biz darsdan tashqaridagi o‘quvchilarni suratga olishga muvaffaq bo‘ldik.

Nihoyat, maktab direktori ham ozroq yorildi. «Ko‘pincha bir necha soatlab elektr energiyasi bo‘lmaydi. Isitish uzilmasligi uchun uyimdan generator olib kelib qo‘yibman. Generator benzinda ishlaydi, uning ham pulini o‘zimiz topishimiz kerak. Qo‘limdan kelgancha qilyapman...».

O‘tgan yil noyabr oyida xuddi shu muammo yuzasidan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov kuyunib so‘zlagan edi.

«Maktab direktorlari muassasa qishga tayyor qabilida ma'lumot topshirmoqda. Ammo xuddi shu masalani o‘rganish uchun o‘zimiz komissiya tuzib o‘rganib chiqqanimizda, viloyat bo‘yicha 80ta maktab qishga tayyor emasligiga guvoh bo‘ldik.

Bilishimiz kerak – maktab direktori isitishga javobgar emas, ta'limga javobgar. Nima uchun ijro hokimiyati bor? Shu masalalarni aytish kerak. Tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bor, viloyat hokimi o‘rinbosari bor. Qolaversa, mening shaxsiy telegram messenjerimga ham murojaat yo‘llashlari mumkin-ku», — degan edi viloyat hokimi.

Jumladan, viloyat rahbari eng og‘ir muammolar bo‘yicha qator maktablarda isitish tizimi yo‘qligi yoki nosozligi, o‘tgan asrda qurilgan hojatxonalar kabilarni sanab o‘tarkan, bu boradagi eng ko‘p holat Urgut, Nurobod, Qo‘shrabot tumanlarida uchrayotganini ma'lum qilgandi.

Qarangki, bugungi muammo ham aynan Urgut tumanidan. Murojaat egasi nega bu muammoni oldinroq emas, qishning so‘nggi oyida yozmoqda?

«Shu vaqtgacha tumandagi mas'ul idoralarga yozib, qishni ham o‘tkazib yubordim. Ayrim holatlarda «muammo bartaraf etilgani» haqda ham ma'lum qilishdi. To‘g‘ri, qozonxona ta'mirlandi. Lekin isitish yaxshilanmadi-da. Xullas, qishning bir kuni ham — qish. Hali ham e'tibor qaratilishidan umidvorman», deydi murojaat egasi.

Bizning tuman mutasaddilariga aytar gapimiz shu: Ishoning, tumaningizdagi bu maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar sovqotyapti. Faqat, aftidan, ular buni aytolmaydi.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top