21:10 / 10.02.2020
0
35312
Koronavirus: Kruiz laynerda zararlanganlar soni ortmoqda, Britaniya shoshilinch choralar ko‘rmoqda

Yaponiyaning Yokogama shahri qirg‘oqlari yaqinida karantinga olingan «Daymond prinsess» kruiz laynerida koronavirus yuqtirib olgan yo‘lovchilar soni 130 nafarga yetdi. Avvalroq virusdan zararlanganlar soni 70 nafarligi aytilgandi, bir kun ichida bemorlar soni qariyb ikki barobar oshgan.

GETTY IMAGES

Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib NHK telekanali xabar qilishicha, yana 60 nafar yo‘lovchida koronavirus bo‘yicha o‘tkazilgan testlar ijobiy natija ko‘rsatgan.

Vazirlik vakili ma'lum qilishicha, ular harorati ko‘tarilgan va yo‘tala boshlagan, shuningdek, koronavirus simptomlari mavjud odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan yo‘lovchilar hamda ekipaj a'zolarida tekshiruvlar o‘tkazishgan.

The Japan Times nashrining yozishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Katsunobu Kato mamlakat hukumati laynerdagi barcha yo‘lovchilarni koronavirusga chalingani bo‘yicha tekshirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan. U yo‘lovchilar va ekipaj a'zolariga barcha testlar natijalari chiqqanidan keyingina laynerni tark etishga ruxsat berilishini ta'kidlagan.

Ikki haftalik karantin

«Daymond prinsess» layneriga 5 fevral kuni ikki haftalik karantin e'lon qilingandi. Uning bortida yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari bo‘lgan 3 700 kishi bor edi. Kemadagilarning yarmi - Yaponiya fuqarolari, qolgan qismi - 56 mamlakatga mansub.

Layner Yokogama portidan 20 yanvar kuni chiqqan va Kagosima - Hongkong - Okinava yo‘nalishida harakatlangan, 3 fevral kuni ortga qaytgan. Bu vaqtga kelib layner bortidagi bir necha kishi betob bo‘lib qolgan, shundan keyin Yaponiya hukumati bortda bo‘lganlarning barchasini tekshirishni boshlagan.

5 fevral kuni tibbiyot xodimlari 10 nafar yo‘lovchida yangi 2019-nCoV virusi keltirib chiqaradigan pnevmoniyani aniqlashgan. Ular Kanagava prefekturasidagi shifoxonaga joylashtirilgan.

Yaponiya hukumati ma'lumotiga ko‘ra, bu yo‘lovchilarga virusni kruiz vaqtida kemada bo‘lgan va keyinroq Hongkongda tushib qolgan 80 yoshli yo‘lovchi tomonidan yuqtirgan. Tashuvchi kompaniya ma'lumotiga ko‘ra, hongkonglik yo‘lovchi Yaponiyaga samolyotda kelgan va 20 yanvardan 25 yanvargacha «Daymond prinsess»da sayohat qilgan. U Hongkongga qaytganida unda ham koronavirus aniqlangan.

Buyuk Britaniya: zararlanganlar soni ortmoqda

Bu vaqtga kelib Buyuk Britaniya hukumati rasman koronavirusni mamlakat aholisi uchun «muqarrar tahdid» deb e'lon qildi.

EPA

Bunday qaror Fransiyada to‘rt nafar britaniyalik virusdan zararlanganidan keyin qabul qilindi.  Ko‘p o‘tmasdan virusni yuqtirib olganlar soni ikki barobar ortdi: Britaniyada yana to‘rt nafar bemorda koronavirus aniqlandi.

Endilikda virus yuqtirgani gumonlangan bemorlar majburiy ravishda karantin hududiga yuboriladi. Agar shifokorlar kerak deb hisoblashsa, u jamiyat sog‘ligi uchun xavf manbai sifatida izolyatsiya qilinadi.

Bunday qat'iy choralar Uxandan kelgan aviareyslardan birining yo‘lovchisi tibbiyot xodimlarining talablariga bo‘ysunmasdan shifoxonadan ketib qolgani tufayli qo‘llanmoqda.

«Mavjud qoidalar bemorni 14 kunlik karantin yakuniga qadar klinikada ushlab turishga majburlay olmaydi va bu muammoni hal qilish uchun yangi qoidalar joriy etildi», deya xabar beradi Bi-bi-si muxbiri Ian Uotson.

Yakshanba kuni Angliyaga Uxandan ikkinchi reys orqali britan fuqarolari olib kelindi. Barcha yo‘lovchilar 14 kunlik karantin holatida saqlanadi.

Qurbonlar soni ortmoqda

Uxan o‘chog‘i bo‘lgan yangi koronavirusdan zararlanganlar soni 40 mingdan oshib ketdi.

Ularning asosiy qismi - Xitoyda, ammo bu koronavirusdan zararlanganlar dunyoning 20dan ortiq davlatida ham aniqlangan.

Virusdan qurbon bo‘lganlar soni 908 kishiga yetgan. Ikki o‘lim Hongkong va Filippinda qayd etilgan, qolgan o‘limlarning barchasi Xitoyning materikdagi hududida ro‘y bergan.

Xitoy hukumati ma'lumotiga ko‘ra, koronavirus aniqlangan 3300dan ortiq kishi sog‘ayib, shifoxonadan javob berilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top