
Shu bilan birgalikda, infeksiyadan zararlanish holatlari sekinlashgan, ammo ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, epidemiya o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetib ortga qaytayotgani haqida gapirishga hali erta.
Epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Xubey provinsiyasida halok bo‘lganlar soni 780 kishiga yetgan.
Jami o‘limlar soni esa 910 nafarni tashkil qilmoqda. Ikki o‘limdan tashqari (Filippin va Hongkong) barcha o‘limlar Xitoyning materikdagi qismida qayd etilgan.
2003 yilda 20dan ortiq davlatda SARS epidemiyasi (og‘ir o‘tkir respirator sindromi) oqibatida halok bo‘lganlar soni 774 nafarni tashkil etgan.
Shuningdek, yangi koronavirus bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromidan (MERS-CoV) vafot etganlardan ko‘proq odam hayotdan olib ketdi.
MERS koronavirusi ilk bor 2012 yilda Saudiya Arabistonida aniqlangan. 2012 sentyabrdan dunyoning 27 davlatida MERS bilan 2494ta kasallanish holati qayd etilgan, undan 858 kishi vafot etgan.
Vaqtinchalik NCP nomini olgan yangi turdagi koronavirus 40171 kishida aniqlangan. 190 mingdan ortiq xitoylik tibbiyotchilar nazorati ostida.
«Yangi turdagi kasallikka vaqtincha «yangi turdagi koronavirus keltirib chiqaruvchi zotiljam» nomini berishga qaror qilindi. Uning ingliz tilidagi nomlanishi Novel Coronavirus Pneumonia bo‘lib, qisqartmasi NCP shaklida», deyiladi Xitoy sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi bayonotida.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida hozircha unga xalqaro nom berilmagan. JSST yanvar oyi oxirida koronavirus tarqalishini jahon miqyosidagi favqulodda holat deb e'lon qilgandi.










