17:15 / 11.02.2020
0
1083
JSST Yevropa byurosi bilan shartnomaning uchta asosiy yo‘nalishi ma'lum bo‘ldi

Kelishuvda O‘zbekiston aholisining universal salomatligi, tibbiyot sug‘urtasi va tibbiy farovonlik masalalariga urg‘u berilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge 11 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi.

Tashrif davomida byuro va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan ikki yillik hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Xans Klyugening so‘zlariga ko‘ra, shartnoma hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishini o‘z ichiga oladi.

«Birinchisi, O‘zbekiston aholisining universal salomatligi. U barcha uchun jami tibbiyot xizmatlardan foydalarish imkoniyatini qamrab oladigan dasturlar ishlab chiqilishi kerakligini anglatadi. Ikkinchisi, tibbiyot sug‘urtasi. Uchinchi yo‘nalish esa tibbiy farovonlik.

O‘zbekistondagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri – noinfeksion kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish hisoblanadi. Noinfeksion kasalliklar dunyodagi ko‘plab mamlakatlar aholisiga jiddiy tahdid solmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Masalan, bugungi kunda O‘zbekistonda har to‘rtinchi odam noinfeksion kasalliklardan aziyat chekadi. Noinfeksion kasalliklar aholining iqtisodiy faol qatlami orasida o‘lim holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri. Noinfeksion kasalliklarga qarshi samarali kurashish uchun salomatlik madaniyati ustida ish olib borish zarur. Buning uchun jismoniy faol bo‘lish, spirtli ichimliklarni ichish, chekish kabi zararli odatlardan holi bo‘lish lozim», – degan JSST Yevropa mintaqaviy byurosi rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kishi sog‘lom bo‘lish uchun kuniga 5 porsiya meva va sabzavotlar iste'mol qilishi kerak.

«Sog‘lom turmush tarzi masalasini ilgari surish faqatgina Sog‘liqni saqlash vazirligining vazifasi sanalmaydi, bu masalada boshqa vazirlik va idoralar resurslaridan ham foydalanish kerak. Bu jamiyatning har bir a'zosiga tegishli masaladir», – deya qayd etdi Xans Klyuge.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top