15:42 / 14.02.2020
3
7806
«Poli ko‘chgan xonasining...» - Xo‘jaoboddagi maktab ta'mirdan keyin ham nega ta'mirtalab ahvolda qoldi?

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi Manak qishlog‘ida yashovchi ota-onalardan arznoma tushdi.

Shikoyat xatida yozilishicha, Xo‘jaobod tumanidagi 23-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati 2018 yil qayta ta'mirlashga topshirilgan. Ta'mirlash ishlari vaqtida internat o‘quvchilari 18-umumta'lim maktabida o‘qishni davom ettirishgan.

2019-2020 o‘quv yili avvalida, sentabr oyidan 23-DIMI o‘quvchilari to‘liq ta'mirlanmagan, isitish tizimi nosoz va ta'mirtalab holatda qolgan sinfxonalarga qaytishgan. Qishki mavsumda bolalar shamollab qolgan vaziyatlar ham kuzatilgan.

Ota-onalar oxiriga yetkazilmagan maktab qurilish ishlari bo‘yicha tuman Xalq qabulxonasi, tuman hokimligi (hokimning birinchi o‘rinbosari), xalq ta'limi bo‘limi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga og‘zaki tarzda murojaat qilishgan. Lekin bu murojaatlar natijasiz qolgan.

Joriy yil 8 fevral kuni maktabda o‘tkazilgan ota-onalar yig‘ilishida sinflardan birining rahbari xonalarni ta'mirlash uchun 50 ming so‘mdan pul yig‘ish kerakligi, 3-A va 5-A sinf o‘quvchilarining ota-onalari pul yig‘ib, ta'mirlashni boshlashganini aytgan. Bundan norozi bo‘lgan ota-onalar masala bo‘yicha yuqori tashkilotga murojaat qilishlarini bildirishganida, murojaat baribir hal bo‘lmasligi, bu orada ularning farzandlari sovuqda va chang ichida o‘qishda davom etishini ma'lum qilishgan.

Shikoyat xatida ko‘rsatib o‘tilgan mana shu holatlarga oydinlik kiritish hamda maktabdagi haqiqiy ahvol bilan tanishish uchun Xo‘jaobod tumaniga bordik. Manak qishlog‘i guzari yaqinida murojaatchi ota-onalar kutib turishgan ekan.

«Farzandim 23-DIMIda o‘qiydi. Qishki mavsumda ko‘p kasal bo‘lgani uchun sinfxonalardagi holatni o‘rganish maqsadida maktabga borgandim. Xonalar juda achinarli holatdaligi, sovuqligi, polga solingan linoleum to‘shama to‘liq emasligi, bori ham ko‘chib ketganini ko‘rib jonim achidi. Bu masala bo‘yicha bir necha tashkilotga murojaat qildik, ammo foydasi bo‘lmadi», deydi Nigoraxon Rahimova.

«Noyabr oyida maktabga borgandim. Farzandim yiqilib tushibdi. Sababini so‘rasam, linoleumga oyog‘i ilinib yiqilgan ekan. Xonaning holatiga qarab bo‘lmaydi. Sinf rahbariga xona holati talabga javob bermasligini aytganimda, direktor quruvchi bilan gaplashgani, qishki ta'tilda tuzatib berilishini aytdi.

Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, yana maktabga bordim. O‘sha eski holat. Farzandlarimiz o‘zlari eski linoleumni oz-moz tartibga keltirishgan. Polda to‘shama yo‘qligi uchun beton ko‘rinib turibdi. Bolalar yugurganida xonalarda chang chiqib ketadi. Chang ko‘tarilmasligi uchun suv sepib turiladi.

Internatda bilim berish darajasi yaxshi. Lekin bunday achinarli holatda bolalarimiz o‘qishdan qolib ketyapti», deydi Zamiraxon Hayitova.

Maktab direktori viloyat hokimining hokimlik soati yig‘ilishida bo‘lgani sababli, xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bilan uchrashdik.

Uning aytishicha, internatda 2018 yil «Andijon ko‘rkam vodiysi» MChJ (rahbari Mirzayev Ilhomjon) tomonidan joriy ta'mirlash ishlari olib borilgan. Lekin qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan, o‘quv xonalariga to‘shalgan linoleumlar sifatsiz bo‘lgani uchun tez orada yaroqsiz holatga kelib qolgan, isitish tizimidagi kamchiliklar 2019 yil noyabr oyi oxiriga kelibgina bartaraf etib berilgan. Hozirda bu tizim benuqson ishlayapti.

Ayni paytda mazkur muassasada 350 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Maktabdagi holatni o‘rganayotgan paytimizda direktor ham yetib keldi. U bilan birgalikda o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdik.

Ayrim xonalar haqiqatan ham achinarli holatdaligi, linoleumlar yirtilib ketganiga guvoh bo‘ldik.

MChJ tomonidan joriy ta'mirlash ishlari bajarilgan, jumladan, oldi fasad, koridor, ko‘plab o‘quv xonalari, tom va isitish tizimi yaxshi holatda deyish mumkin.

Hozirgi paytda xonalardan 2tasi ta'mirlangan, qolgani esa dam olish kunlarida oxiriga yetkaziladi. Maktab direktori sinflarda ta'mirlash masalasida ona-onalar yig‘ilishi o‘tkazilganini tan oldi, lekin ta'mirlash uchun pul yig‘ish haqida topshiriq berilmaganini (!) ta'kidladi.

Muassasada ta'mirlash ishlarini olib borgan «Andijon ko‘rkam vodiysi» MChJ rahbarlari bilan bog‘landik. O‘zini Shavkatbek Abdullayev deb tanishtirgan quruvchi maktabdagi qurilish ishlari oxiriga yetkazilganini ta'kidladi, lekin sifatsiz linoleum ishlatilganini tan oldi. Hozirgi kunda boshqa ta'minotchi korxona bilan 420 m2 linoleum uchun shartnoma tuzilgani, pul o‘tkazilgach, muammo bir-ikki kun ichida bartaraf qilinishini aytdi.

Ota-onalar muammo yuzasidan tuman hokimligi, tuman va viloyat xalq ta'limi mutasaddilari, tuman va viloyat huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishganini ta'kidlashdi. Lekin nega shu paytgacha biror mutasaddi tashkilot kelib, holatni o‘rganmagani taajjublanarli.

Balki, quruvchi va'dasida turib tez kunlar ichida ta'lim dargohidagi kamchiliklarni bartaraf etar, lekin barcha ishni o‘z vaqtida, o‘quv yili boshlanishidan oldin bajarsa bo‘lmasmidi?

Qurilish tashkilotidan 2019 yilda topshirilishi kerak bo‘lgan obektni qabul qilib olgan tuman mutasaddilari qayerga qaragan edi?

Sarvarbek Nazarov,
Ahrorbek Yoqubjonov, Andijon

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top