11:20 / 14.02.2020
0
4574
Westerdam kemasining tutqunlikda qolgan yo‘lovchilariga qirg‘oqqa tushishga ruxsat berildi
Foto: KUN.UZ AP Photo/Heng Sinith

Avvalroq koronavirusdan qo‘rquv sababli Yaponiya, Filippin, Tayvan, Tailand va Guam portlariga kirishi rad etilgan Westerdam kruiz layneri yo‘lovchilari Kambojaning Sianukvil portida qabul qilina boshlandilar.

Bu haqda AQShning Kambojadagi elchixonasi xabar qildi. Ta'kidlanishicha, kemada 600 dan ko‘proq amerikalik bo‘lgan.

Westerdam 1 fevralda bortida 1455 yo‘lovchi va 802 xodim bilan birga Hongkongdan yo‘lga chiqqan. Biroq uni bortida koronavirusga chalinganlar bo‘lishi mumkinligi xavotirida bir qator davlatlar qabul qilishdan bosh tortgandi.

Shundan keyin tutqunlikda qolgan yo‘lovchilarni Kamboja qabul qilishga tayyorligini bildirgandi.

Kemadagi koronavirusga tekshirilgan 20 kishining barchasi sog‘lomligi aniqlangach, yo‘lovchilarga Sianukvilda tushishga ruxsat berilgan.  

“Laynerdan ilk yo‘lovchilar tushdi va uyiga yo‘l oldi! Biz ularni yerga oyoq bosganlarida qutlashdan xursandmiz. Biz Kamboja hukumatidan minnatdormiz”, deyilgan elchixona xabarida.  

Pastda yo‘lovchilarni shaxsan Kamboja bosh vaziri Xun Sen kutib olgan. Kruiz layneri egasi Holland America Line kompaniyasi yaqin kunlarda barcha yo‘lovchilarni Kamboja poytaxti Pnompenga yetkazishga va'da bergan. Bu yerdan 14 fevraldan boshlab yo‘lovchilarni yurtlariga charter reyslarda jo‘natish boshlanadi.

Ayni vaqtda boshqa bir kema - bortida 3,7 ming kishi bo‘lgan Diamond Princess layneri Yokogama portida karantinda turibdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, kemada virus aniqlangan kishilar soni 219 nafarga yetgan. Yo‘lovchilar virusni kemadan Hongkongda tushib qolgan keksa erkakdan yuqtirib olishgan.  

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top