20:00 / 17.02.2020
13
30512
«Sabablar bilan emas, oqibat bilan kurashilmoqda» - Narimon Umarov Oltinsoy voqeasi haqida

«Adolat» partiyasi rahbari Narimon Umarov Oltinsoydagi voqea yuzasidan bildirgan munosabatida bu kabi muammolarni hal qilishda hozirda sabablar bilan emas, oqibat bilan kurashilayotgani, shu zaylda davom etilsa, bunday holatlar boshqa hududda ham kelib chiqishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Foto: Kun.uz

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov ham Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida ro‘y bergan mojaroli holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ushbu jarayonda adolat qaror topishi uchun har ikkala tomon ham tinglanishi, vaziyat chuqur o‘rganilishi lozim deb hisoblaydi.

Sug‘oriladigan yerlarning har bir qarichidan maqsadli foydalanish darkor, chunki aholimizni xavfsiz oziq-ovqat bilan ta'minlash o‘ta muhim masaladir.

Aksariyat hollarda yer egalari bo‘lgan fermerlar nopok yo‘llarga kirib, ular tomonidan dehqonchilikka mo‘ljallangan yer maydonlari uy, binolar qurishga ajratilayotganini noqonuniy harakat deb baholaymiz.

Bunday hollarda eng avvalo, ushbu yerlarni ajratishga javob berganlar qonuniy javob berishi kerak. Shundagina adolat ta'minlanadi. Shuning uchun fuqarolar uy qurishi uchun sharoit yaratib bergan fermer yoki boshqa mutasaddilarning javobgarligi kun tartibiga chiqarilishi zarur. Biz hozir sabablar bilan emas, oqibat bilan kurashmoqdamiz. Bu zaylda ketadigan bo‘lsa, bunday holatlar ertaga boshqa hududda ham kelib chiqishi aniq.

Shuning uchun bu jarayonda asosiy e'tiborni vaziyatni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda adolat hukm suradi, rivojlanish bo‘ladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda partiya matbuot xizmati.

15 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi video tarqaldi.

Bu mojaroli holat Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi «Xalqobod» mahallasida sodir bo‘lgan, ichki ishlar organining ikki xodimi va bir fuqaro jarohatlangan.

Foto: Skrinshot / You Tube

Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov «Xalqobod» mahallasi fuqarolari vakillari bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Xalqobod» mahallasida yashovchi ayrim fuqarolar 2018-2019 yillarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar uchun e'lon qilingan «amnistiya» muddati tugagandan keyin bu hududda joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoniga noqonuniy uy-joy qurib olishgani aniqlangan.

«Xalqobod» mahallasida yashovchi 6 nafar fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan «Oq-oltin manzarasi» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta va g‘allaga mo‘ljallangan ekin yer maydonining jami 0,39 gektari qaytarilib, yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan  235,35 kvadrat metr maydonida qurib olingan uy-joy binolari, albatta, buziladi. Ammo bu ularga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan zaxira maydonlardan yer ajratilib, uy-joy qurib olishlariga amaliy jihatdan ko‘maklashilgandan keyin amalga oshiriladi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

16 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining boshqa bir o‘rinbosari — parlamentdagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov feysbukdagi sahifasida Oltinsoydagi voqea yuzasidan munosabat bildirib, bu holatni «bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi» deb atagan va «ushbu jinoyat... aybdorlariga keskin jazo belgilanishi kerak»ligini takidlagan edi.

Partiya rahbari shu post ostidagi muhokamalarda o‘ziga bildirilgan tanqidlarga birma-bir javob bergan, u foydalanuvchilardan birining: «Sizdan nima kutish mumkin? Xalqni ayblash oson. Haqiqiy deputatlar saylanmaguncha, shu ahvol», degan kommentiga javoban: «Men sizni umidvor qilmaganman, mendan hech narsa kutmang. Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli», mazmunida qoldirgan javobi ijtimoiy tarmoqda katta norozilikka sabab bo‘lgandi.


Skrinshot: Alisher Kadirov / Facebook

Ayni vaqtda u postni o‘chirib tashlagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top