18:45 / 19.02.2020
0
3181
OAV erkinligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi kutilyapti

OAV to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri loyihasiga asosan, OAV erkinligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkin.

Bugun, 19 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Qonun loyihasida OAV erkinligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, quyidagilar OAV erkinligini buzish deb malakalanishi mumkin:

  • fuqarolar, davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslari, jamoat birlashmalari tomonidan tahririyatlar, ommaviy axborot vositalari tarqatuvchilarining, shuningdek jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish,
  • senzura,
  • tahririyat faoliyatiga noqonuniy aralashish va uning ixtisoslashuv erkinligining buzilishi,
  • OAVning noqonuniy tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi,
  • tahririyatning ma'lumot so‘rash va olish huquqi buzilishi,
  • bosma nashrni chop etishning noqonuniy to‘xtatilishi, uning bir qismi yoki to‘liq adadining yo‘q qilinishi,
  • qonuniy asosda faoliyat ko‘rsatayotgan OAV mahsulotining tarqatilishiga to‘siq qo‘yish, davriy bosma nashrlarning chakana savdosiga noqonuniy cheklovlar qo‘yish,
  • jurnalistni axborotni tarqatish yoki uni tarqatishni rad etishga majbur qilish.
Foto: OAKA

Bundan oldin OAVga davlat mansabdorlari ustidan parlamentga murojaat qilish huquqi berilishi, davlat amaldorlariga xususiy OAV ta'sis etish taqiqlanishi mumkinligi xabar qilingan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top