11:00 / 23.02.2020
0
18025
Dunyodagi eng katta sayt: Reklama bermaydigan, 150 ming tahrirchisi bor Vikipediya haqida

Dunyodagi eng katta sayt qaysi deb o‘ylaysiz? Yo‘q, savolni boshqacharoq beramiz: dunyodagi eng mashhur sayt qaysi? Bu, shubhasiz Vikipediya. Google rahbari bu tanlovimiz uchun xafa bo‘lishmas, chunki Google saytdan ko‘ra ko‘proq qidiruv tizimi nomiga munosibroq. Oramizda Vikipediyaga hech bo‘lmasa bir marta ma'lumot qidirib kirmagan odam bo‘lmasa kerak.

Foto: Getty Images/Anadolu Agency

Vikipediya ko‘plab tillarda ma'lumot beruvchi dunyodagi eng katta ochiq internet ensiklopediyasiga aylanib ulgurdi. Bu saytning muassisi AQShdagi «Fond Vikimedia» notijoriy tashkiloti hisoblanadi. Bugun bu tashkilotning 37ta hududiy bo‘linmalari bor. «Vikipediya» so‘zi inglizchadan olingan: «Wiki» – tez ma'nosini bildirsa, «pedia» ensiklopediya so‘zi o‘zagidan olingan. Sayt 2001 yil Jimmi Ueyls va Larri Senger tomonidan ochilgan.

Viki tarix

Vikipediya avvaliga ingliz tilida bepul ma'lumot beruvchi «Nupediya» onlayn-loyihasiga qo‘shimcha tarzda yaratiladi. 2001 yil 10 yanvarda Ueyls va Senger Nupediyaning nomini Vikipediya deb o‘zgartirishadi. 2001 yil 15 yanvarda www.wikipedia.com sayti rasman ochiladi. O‘sha yil so‘ngigacha saytda 18 tilda 20 mingta turli mavzulardagi ma'lumot paydo bo‘ladi. 2002 yilda jami 26 tilda 46 mingta ma'lumot joylashtiriladi. 2007 yilga kelib Vikipediyaning ingliz tili bo‘limida 2 millionta ma'lumot joylangandi.

Viki jamiyati

Vikipediyadan ma'lumot oluvchi oddiy foydalanuvchilar unga o‘zlari ham ma'lumot joylashlari va avvalroq joylangan ma'lumotlardagi eskirgan joylarini to‘g‘rilashi mumkin. Anonim tarzda internetdan foydalanuvchilar ma'lumotlarni yangilay olishmaydi. Vikipediya ochiq ma'lumotlar bazasi bo‘lgani uchun anonim foydalanuvchilarga sayt ma'lumotlarini tahrirlashga imkoniyat bermaydi.

Vikipediyaga ma'lumot joylaydiganlar ko‘ngilli sifatida ishlaydi va ularga hech qanday haq to‘lanmaydi. Vikipediyada eng katta guruh 2008 yil ingliz tilidagi bo‘limga ma'lumot joylaydigan ko‘ngillilardan yig‘iladi.

Sayt juda aniq qoidalar bilan ishlaydi va ko‘ngillilarni qat'iy tartib bilan tanlab ularga ma'lumot joylashda aniq talablar qo‘yadi. Mabodo ko‘ngillilardan birortasi diniy, irqiy kamsitishlar yoki zo‘ravonlikka targ‘ib qiladigan ma'lumotlarni kiritmoqchi bo‘lsa, unday ma'lumotlar saytga kiritilmaydi va o‘sha ko‘ngilli zudlik bilan sayt ma'murlari safidan o‘chiriladi.

Viki tillari

Foto: Jaap Arriens / Zuma/ TASS

Boshlanishida 10dan ortiq tilda ma'lumot bergan Vikipediyada 2015 yilga kelib dunyoning 300ga yaqin tilida ma'lumotlar joylanadi. Jumladan, 51ta tilda 100 000dan oshiq, qolgan 237ta tilning har birida 10 000dan oshiq ma'lumotlar joylangan.

Tillar orasida internet foydalanuvchilari tashrifi bo‘yicha eng ommabopi ingliz tili hisoblanadi. Boshlanishiga umumiy tashrif buyuruvchilarning 60 foizdan ortig‘i aynan ingliz tili bo‘limidan ma'lumot qidiradi. O‘shanda boshqa tillardagi bo‘limga tashrif buyuruvchilar soni ancha kam bo‘lgan. Masalan, umumiy foydalanuvchilarning 7,8 foizi ispan, 6,7 foizi nemis, 5,8 foizi yapon tili bo‘limiga kirgan. Keyinchalik vaziyat ancha o‘zgarib, boshqa tillarning ko‘rsatkichlari oshib boradi.

Viki-fond, viki-dastur va viki-ta'minot

Vikipediya xarajatlarini shu nomda ochilgan alohida fond qoplab beradi. Shu o‘rinda, Vikipediyada ko‘ngillilar ishlasa, unda pul nimaga ishlatiladi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Vikipediya bugun dunyodagi eng ommabop sayt sifatida juda ko‘p server tizimlarini ishlatadi. 2013 yilda sayt bir paytning o‘zida 974ta server xizmatidan foydalangan. Vikipediya o‘rtacha sekundiga 25 mingdan 60 minggacha so‘rov qabul qiladi.

Viki-disk

2004 yil Vikipediya o‘z bazasidagi ma'lumotlarni qattiq disklarda sotuvga chiqara boshlaydi. Ilk CD-disklarga nemis tilidagi ma'lumotlar joylanadi. Har bir disk 3 yevrodan sotiladi. 2005 yilda DVD-disklar ham chiqariladi. Har bir diskda 205 mingta ma'lumot va 10 mingta surat joylangan edi. Directmedia DVD-disklarni 9 yevrodan baholaydi va jami 30 mingta DVD-disk sotiladi.

O‘sha yili dekabrda disklarning uchinchi partiyasi sotuvga chiqariladi. Bu safar har bir DVD-diskka 300 mingta ma'lumot, 100ta surat va 139 sahifali kitob joylangan edi. 2006 yilda Vikipediyadagi ma'lumotlarni 100 tomda har kitobni 800 sahifali qilib chop etish haqidagi reja e'lon qilinadi, ammo negadir rejadan voz kechiladi.

2007 yilda 1 964ta ma'lumot joylangan ingliz tilidagi DVD-disklari ham sotuvga chiqariladi. Eng so‘nggi disk 239 ming ma'lumot yozilgan va 59 ming surat joylangan holda polyak tilida chiqarilgan.

Vikipediyaning o‘zi ma'lumotlarni kitob holida chiqarish rejasidan voz kechgan bo‘lsa-da, bu ish boshqalar tomonidan qilinadi. 2009 yilda rassom Rob Mettyus Vikipediyaning ingliz tilidagi bo‘limidagi ma'lumotlar kiritilgan 5 000 sahifali kitob chop etadi. 2010 yilda angliyalik yozuvchi Jyeyms Braydl Vikipediyadagi «Iroq urushi» mavzusida 2004 yildan 2009 yilgacha yangilab borilgan ma'lumotlar asosida 20 tom, 7 000 sahifali kitob chop etishga kirishadi.

Viki ishonch

Foto: psychologicalscience.org

Vikipediya tashkil topganidan buyon to‘xtovsiz rivojlanib kelmoqda. Dunyodagi eng obro‘li statistika saytlaridan hisoblangan Alexa ma'lumotlariga ko‘ra, Vikipediya 2018-2019 yillarda dunyodagi eng ko‘p internet foydalanuvchisi tashrif buyuradigan 5ta eng ommabop saytlardan biri bo‘lgan. Bugun dunyodagi juda ko‘p saytlar, ular orasida hatto rivojlangan davlatlar va xalqaro tashkilotlarga tegishli saytlar ham bor, o‘z ma'lumotlarida Vikipediyani manba sifatida ko‘rsatadi. Masalan, Kanada parlamenti, AQSh federal sudi, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti saytlarida Vikipediya manba sifatida ko‘rsatilgan.

Viki sovrinlar

2004 yil may oyida Vikipediya ikkita nufuzli mukofot bilan taqdirlanadi. Bular – nufuzli Prix Ars Electronica konkursidagi «Oltin Nika» sovrini va xalqaro sudlar tomonidan berilgan jamiyat yo‘nalishidagi «Webby» sovrini. 2008 yil 25 avgustda ukrainalik astronomlar tomonidan kashf etilgan asteroidga «274301 Vikipediya» nomi berilgan. 2014 yil 22 oktyabrda Polshaning Slubitse shahrida dunyoda ilk bor Vikipediyaga atab yodgorlik o‘rnatildi.

Viki-loyihalar

Vikipediya fondi saytning ko‘plab bo‘limlarini ishlab chiqqan:

Viki-lug‘at – ko‘p tarmoqli lug‘atlar;

Viki-iqtibos – iqtiboslar, iboralar va maqollar;

Viki-teka – kutubxona;

Viki-darslik – turli darsliklar;

Viki-versitet – interaktiv ta'lim va ilmiy loyihalar;

Viki-yangiliklar – xalqaro axborot agentligi;

Viki-ombor – multimediya fayllari saqlanadigan bo‘lim;

Viki-ko‘rinish – biologik ko‘rinishlar haqida ma'lumotlar;

Viki-gid – sayyohlik yo‘nalishida turli tillarda ma'lumot beruvchi va yo‘l ko‘rsatuvchi loyiha;

Media-viki – Vikipediya fondining turli loyihalari va hujjatlari haqida ma'lumotlar joylashtirilgan veb-sayt.

Vikipediyaga yog‘diriladigan tanqidlar

Vikipediyani tez-tez tanqid qilib turishadi. Ayrim mamlakatlar uni bloklab ham turadi. Bunga aksariyat hollarda ayrim voqea-hodisa yuzasidan turli mamlakatlarda berilgan rasmiy ma'lumot bilan Vikipediyada berilayotgan ma'lumotlarning farq qilishi sabab bo‘ladi. Shu sabab ayrim holatlarda Vikipediyani tasdiqlanmagan ma'lumotlar e'lon qilishda ayblashadi.

Vikipediya haqida qiziqarli ma'lumotlar

2018 yil ma'lumotlariga ko‘ra: wikipedia.org domeni 327 881 859 AQSh dollari qiymatida narxlangan.

Vikipediyada 35 million akkaunt ro‘yxatga olingan, ulardan 150 mingtacha akkaunt Vikipediyaga ma'lumot joylash va undagi ma'lumotlarni tahrirlash huquqiga ega.

Vikipediyaning ramzi Yer sharining rang-barangligini va unda turli xil odamlar yashashini anglatadi.

«Vikimediya fondi» tijoriy maqsadlarni ko‘zlamagan tashkilot. U har yili ko‘plab tadbirlar o‘tkazib, ulardan tushgan mablag‘larni xayriya sifatida ishlatadi.

Vikipediyadagi eng ko‘p tahrir qilingan ma'lumotlar AQShning sobiq prezidenti kichik Jorj Bushga tegishli sahifa bo‘lgan. U jami 45 862 marta tahrirlangan.

2018 yil ma'lumotiga ko‘ra, Vikipediyada 301 tilda ma'lumotlar joylanyapti. Bugungacha 40 milliondan oshiq ma'lumot kiritilgan. Vikipediyaning wikipedia.org internet manzili tashrif buyuruvchilar soniga ko‘ra dunyoda beshinchi o‘rinda turadi.

2013 yilda YuNeSKO Jimmi Ueylsni «insoniyat intellektiga hissa qo‘shgani uchun» Nils Bor nomidagi xalqaro sovrin bilan mukofotlaydi. Vikipediyaga 1 oyda o‘rtacha 2,5 milliard foydalanuvchi tashrif buyuradi. Agar Vikipediya o‘z saytida reklama berganida oyiga 300 million dollarga yaqin pul ishlashi mumkin bo‘lardi. Ammo bu saytda reklama berilmaydi.

Vikipediyaning o‘zbekcha bo‘limi

Vikipediyaning o‘zbek tilidagi bo‘limi Oʻzbekcha Vikipediya 2003 yil 21 dekabrda ochilgan. O‘zbek tilidagi ma'lumotlar ushbu bo‘limga ikki xil, lotin va kirill alifbosida joylangan. 2013 yilda Vikipediyaga O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi joylangandan so‘ng, uning o‘zbek bo‘limiga tashrif buyuruvchilar soni keskin ko‘paydi va u natijalar bo‘yicha boshqa ko‘plab tillardagi bo‘limlarni quvib o‘tdi.

2020 yil 15 fevral sanasiga ko‘ra Oʻzbekcha Vikipediyada 50 158 nafar foydalanuvchi ro‘yxatga olingan. Ulardan 147 nafari oxirgi bir oy ichida aktiv bo‘lgan. O‘zbekcha bo‘limga 133 230ta ma'lumot joylangan. Umumiy tahrirlar soni 2 075 515tani tashkil etadi. Bugun, Oʻzbekcha Vikipediya Vikipediyadagi turli tillarga tegishli bo‘limlar orasida 57-o‘rinda turibdi.

O‘zbekistonda Vikipediya sayti foydalanuvchilar tashrifi bo‘yicha Google.comYoutube.comKun.uzOlx.uz va Mail.ru. saytlaridan so‘ng oltinchi o‘rinda turadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top