22:00 / 24.02.2020
0
7594
Shavkat Mirziyoyev Yaponiya va Koreya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish natijasida 40 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish hajmini 4,1 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,14 milliard dollarga oshirish nazarda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

“Bugungi yig‘ilishda ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari izchil oshib borayotgani ta'kidlandi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan ortdi. Bugungi kunda yurtimizda Kunchiqar mamlakat ishtirokida o‘ttizga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Amaldagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratildi.

Yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlikda geologiya, kimyo va neft-kimyo, bank-moliya, sog‘liqni saqlash va ta'lim kabi sohalarda umumiy qiymati 6,6 milliard dollarlik 48 loyiha amalga oshirilayotgani ta'kidlandi”, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Xususan, «HIS» kompaniyasi bilan mehmonxonalar qurish, “Isuzu” va “Itochu” bilan “SamAvto” korxonasi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Navoiy issiqlik energiya stansiyasida energiya bloklari (Navoiy-3) qurish bo‘yicha va ko‘plab boshqa loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda turli ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish orqali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada faollashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Koreya Respublikasi bilan ham iqtisodiy aloqalar salmoqli daraja rivojlanmoqda. Xususan, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra ikki tomonlama savdo hajmi 2018 yilgiga nisbatan 27 foizga, jumladan, eksport 30,1 foizga oshdi. 2019 yilning o‘zida O‘zbekistonda Janubiy Koreya sarmoyalari ishtirokida 198 ta korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni 800 dan oshdi.

Koreyalik sheriklar bilan birgalikda Toshkent shahrida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qurish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta'kidlandi. Poytaxt viloyatining Qibray tumanida «Tashkent Farma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini yaratish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriyalar, vivariy, farmakopeya markazini o‘z ichiga olgan Farmatsevtika texnika universiteti hamda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikasini ishlab chiqarish uchun sanoat zonasi tashkil etishni nazarda tutadi.  

Qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, kimyo, tekstil, elektrotexnika, farmatsevtika va zargarlik sanoati, ta'lim va innovatsiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) texnik ko‘magi bilan 2019 yilda sog‘liqni saqlash va standartlashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 13 million dollarlik ikkita grant loyihasi doirasida ish olib borildi, 29,6 million dollarlik yana 6 loyiha amalga oshirilmoqda. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 72,2 million dollarlik yana 10 ta loyiha masalasi o‘rganilmoqda.

Koreya Respublikasi Eksimbanki bilan hamkorlik doirasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va birgalikda moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga 2 milliard dollarlik resurslar jalb qilindi va 14 ta strategik muhim loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 608 million dollarlik 6 ta loyiha ustida ish boshlandi.

Muxtasar aytganda, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish natijasida 40 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish hajmini 4,1 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,14 milliard dollarga oshirish nazarda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi tashriflar yakunida ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari”da 2020 yilga belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq va sifatli ijrosini ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq vazifalar belgilandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top