12:38 / 03.03.2020
1
24798
«Avto 60 oy» MJCh rahbari shunchaki «figurant» bo‘lganmi? - Tergov departamenti izoh berdi

«Avto oltmish oy» MChJ rahbari Jamshid Bahodirov jinoiy sxemani bir o‘zi o‘ylab topishga qodir emas. Uning jinoiy sheriklari bor, ularning sonini aniqlash davom etmoqda.

2 mart kuni Interpol milliy markaziy byurosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekov «Avto oltmish oy» MJCh faoliyati bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar berdi.

«Bu jinoyatni Jamshid Bahodirov bir o‘zi sodir qilgan deb aytolmaymiz. Uning jinoiy sheriklari bor va ular birgalikda shu sxemani o‘ylab topib amalga oshirishgan. Pul mablag‘larini yig‘ish, odamlarni jalb qilish, turli shartnomalar tuzish – bularni Harvardni tugatgan bo‘lsa ham bitta insonning qo‘lidan kelmaydi, jismonan ham ulgurmaydi.

Oybek Qulbekov

Jinoyat ishi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilgan yana bir qancha shaxslar bor, jinoyat ishiga daxldor bo‘lganlarni aniqlash haligacha davom etmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Avto oltmish oy» MChJ mansabdorlari foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomashina olib berishni va'da qilib, salkam 19 ming kishi bilan shartnoma tuzgan, biroq ularning atigi 96 nafariga avtomobil olib berilgan. Bu avtomobillar ham odamlar tomonidan jamiyat hisobiga to‘langan pullarga sotib olingani uchun jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida xatlanishi mumkin.

Matbuot anjumanida jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m ekani, shundan 26 milliard so‘mi naqd pul shaklida, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iboratligi, hozirda turli rusumdagi umumiy bahosi 2,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan 28ta transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilayotgani ma'lum qilindi.

«Jamiyatning 18 mingdan ortiq abonenti bo‘lgan. Farg‘ona, Andijon yoki istalgan boshqa hududni oladigan bo‘lsak, bitta viloyatdan o‘rtacha 3 ming odam pul topshirgan. Uch ming kishini to‘liq so‘roq qilib, tergov materiallarini tahlil qilmagunimizcha, odamlarni jalb qilish va ulardan pul yig‘ish jarayonida qancha odam ishtirok etganiga baho berib bo‘lmaydi.

Tergov materiallari tahlil qilib chiqilganidan keyin odamlardan pul yig‘ishga yordam bergan, boshqa turli vazifalarni bajargan shaxslarning harakatlariga qonuniy baho beriladi. Shu sababli ayni paytdagi ayblanuvchilar doirasi to‘liq emas. Ularning soni yana ko‘payishi mumkin», – deydi Oybek Qulbekov.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning oktyabrida IIV huzuridagi Tergov departamenti «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga UzAutoMotors AJning IIVga ushbu MChJning fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil (60 oy) muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan shubhali faoliyat ko‘rsatayotganini bildirib yo‘llagan murojaati yuzasidan tergovga qadar surishtiruv vaqtida aniqlangan holatlar asos bo‘lgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top