11:08 / 03.03.2020
0
9539
Misrlik shayxga «Samarqand shahri faxriy fuqarosi» unvoni berildi

Ayni vaqtda Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiya davom etmoqda.

Foto: KUN.UZ

Konferensiya Qur'on tilovati bilan ochildi.

Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov mazkur anjumanning ahamiyati haqida gapirdi.

“Buyuk imom zamonasi islom olamida yot firqa va guruhlar ko‘paygan bir davr edi. Shunday vaqtda Imom Moturidiy ta'limoti barcha adashgan guruhlar uchun munosib javob bo‘la olgan. Aytish mumkinki, alloma tutgan yo‘l bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas. 

Yurtimizda nafaqat Imom Moturidiy, balki Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Burxoniddin Marg‘inoniy kabi allomalarimizning ilmiy-islomiy merosini o‘rganishda xayrli ishlar olib borilyapti. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadisshunoslik oliy maktabi, hadis, kalom, tasavvuf, aqida, fiqh ilmiy maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. 

O‘z navbatida, bugungi xalqaro konferensiya ham Imom Moturidiy faoliyatini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro aloqalarimizni mustahkamlaydi”, - deya A.Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston hamda Misr o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini ko‘tarishdagi alohida xizmatlari uchun “Al-Azhar majmuasi” rahbari, Misr bosh imomi shayx Ahmad Tayyibga “Samarqand shahri faxriy fuqarosi” unvoni topshirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top