14:00 / 10.03.2020
99699
Italiya to‘liq yopildi, Xitoy virusni chekintirdi. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar

Italiyada koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan shoshilinch choralar endi butun mamlakatga taalluqli bo‘ladi.

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte karantin choralarini butun mamlakat bo‘ylab qo‘llash, jumladan, ommaviy tadbirlarni bekor qilish, butun mamlakatdagi maktablarni yopish to‘g‘risida farmoyish berdi. Bungacha karantin faqat shimoldagi viloyatlarga joriy etilgandi.

Endilikda Italiyada barcha sport musobaqalari, shu jumladan futbol bo‘yicha A Seriya bahslari ham to‘xtatib qo‘yildi.

«Endi vaqt yo‘q. Raqamlar kasallik yuqtirib olganlar soni oshib ketganini ko‘rsatib turibdi, o‘limlar soni ko‘paydi. Biz butun Italiya uchun biror nimani qurbonlik qilishga majburmiz. Mana nima uchun bunday og‘ir choralar ko‘rmoqdamiz. A Seriya va barcha sport musobaqalari vaqtincha to‘xtatiladi. Muxlislar buni qabul qilishi kerak», dedi bosh vazir.

«Qabul qilingan qonunni «Men uyda o‘tiraman», deya tushuntirgan bo‘lardim», deya qo‘shimcha qilgan hukumat rahbari.

Bu vaqtda Italiyadagi 27ta qamoqxonadagi mahbuslar koronavirus tarqalishiga qarshi qo‘llangan yangi cheklovlar tufayli isyon ko‘tarishdi. 

Neapol shahridagi qamoqxona tomida mahbuslar koronavirus tufayli norozilik aksiyasi o‘tkazmoqda
Foto: Shutterstock

Tartibsizliklar mamlakat shimolidagi Modena shahrida boshlandi. U yerdagi Santa-Anna qamoqxonasida uch mahbus halok bo‘lgan, yana uch kishi shifoxonaga olib borilganida vafot etgan. Xabar qilinishicha, ularning kamida ikki nafari qamoqxona lazeretidan o‘g‘irlangan metadon (geroinning muqobili) dozirovkasi tufayli jon bergan.

EPA

Milandagi San-Vittore qamoqxonasida mahbuslar korpuslardan biriga o‘t qo‘yib yuborishgan, keyin qamoqxona tomiga chiqib olishgan - ular infeksiya tufayli hukumat mahbuslarning qamoqxonaga kelishini cheklaganiga norozilik bildirishgan.

Mamlakat janubidagi Fodja shahridagi qamoqxonadagi tartibsizliklar vaqtida 20 kishi qochib ketgan, ammo ularning aksari tez orada qo‘lga olingan. Shuningdek, Neapol va Rimdagi qamoqxonalarda ham isyonlar bo‘lib o‘tgan.

  • Italiyada ayni vaqtda koronavirusdan zararlanganlar soni 9172 nafarni tashkil etmoqda, virus qurbonlari soni 463 nafar. 724 kishi sog‘aygan.

Isroil esa mamlakatga keluvchilarning barchasini 14 kunlik karantinga joylashtirmoqda. Bu haqda e'lon qilgan bosh vazir Binyamin Netanyaxuning aytishicha, bunday qoidalar Isroilning barcha fuqarolariga, shuningdek, xorijda yashayotgan 268 mingdan ortiq isroilliklarga ham taalluqli bo‘ladi.

«Og‘ir muhokamalardan keyin Isroilga kelayotgan barchani karantinga joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qildik. Bu juda og‘ir qaror, ammo fuqarolarimiz sog‘ligi biz uchun muhim. Bu bizning ustuvor vazifamiz», dedi Netanyaxu.

Hukumat qaroriga ko‘ra, xorijdan kelayotgan Isroil fuqarolari 10 martdan karantinga joylashtirilishi kerak, qolgan mamlakat fuqarolariga esa ushbu yangilik 72 soatdan so‘ng taalluqli bo‘ladi. Bu qaror Isroilda koronavirus bilan kasallanganlar soni 42 kishiga yetganidan so‘ng qabul qilingan. Oradan bir necha soat o‘tgach, mamlakatda kasallikka chalingan yana 8 kishi aniqlangan.

AQShda nimalar bo‘lmoqda?

Besh kundan buyon Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinida karantinda turgan «Grand Princess» kruiz layneriga portga kirishga ruxsat berildi - bu kema yo‘lovchilaridan biri, 71 yoshli erkak o‘limiga koronavirus sabab bo‘lgani aniqlanganidan keyin kema karantinga olingandi.

Ayni vaqtda kemada dunyoning 54 mamlakatiga mansub bo‘lgan 3,5 ming kishi bor. Ekipajning 19 a'zosida va ikki yo‘lovchida kasallik aniqlangan.

«Grand Princess» Oklend portiga kirgach, yo‘lovchilar qirg‘oqqa tushirila boshlandi; seshanba kuni laynerdan evakuatsiya jarayoni yakunlanishi kutilmoqda. Tibbiy yordam ko‘rsatish talab etilgan yo‘lovchilar shifoxonaga olib boriladi, AQSh fuqarolarining barchasi, ularda kasallik belgilari aniqlanmagan bo‘lsada, Kaliforniya, Texas va Jorjiyadagi harbiy bazalarga 14 kunlik karantinga yuboriladi.

Yuzlab xorijliklar esa o‘z vatanlariga qaytishi mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan ko‘rishgan ikki respublikachi kongressmen ayni vaqtda o‘zini ihotalagan. Jorjiya shtatidan bo‘lgan kongressmen Dug Kollinz juma kuni Tramp bilan qo‘l berib so‘rashgandi, floridalik kongressmen Mett Gets esa dushanba kuni u bilan bir samolyotda uchgan. Ayni vaqtda ikki siyosatchi o‘zini izolyatsiya qilgani haqida aytgan - ular avvalroq ko‘rishgan odamlarda koronavirus aniqlangan.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, Tramp koronavirusni aniqlash testini topshirmaydi, bu «prezident Covid-19’ga chalingan biror bemor bilan aloqada bo‘lmagani» bilan izohlangan. Prezident ma'muriyati Trampning «sog‘ligi a'lo darajada» ekanini qayd etgan.

Bundan tashqari, Nyu-York va Nyu-Jyersi port boshqarmalari ijrochi direktori Rik Kottonga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Bu haqda dushanba kuni Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo ma'lum qildi.

Rik Kotton o‘zini yaxshi his qilayotganini ma'lum qilgan / GETTY IMAGES

70 yoshli Rik Kotton New York Times nashriga bergan intervyusida undan olingan tahlil namunalari ijobiy chiqqanini tasdiqlagan, shu bilan birgalikda o‘zini juda yaxshi his qilayotgani, o‘zida hech qanday kasallik belgilari sezilmayotganini ta'kidlagan. «Men o‘z uyimda karantinda bo‘laman», - degan ushbu amaldor.

Portlar boshqarmasi tarkibiga portlardan tashqari, ushbu shtatdagi yirik aeroportlar, ko‘priklar, tunnellar va avtobus vokzallari ham kiradi.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 708 holat tasdiqlangan, 27 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi tuzalgan.

Britaniyadagi vaziyat

Britaniya hozircha koronavirus tarqalishining «oldini olish fazasi»da turibdi, ammo virus tarqalishini uzoq vaqt davomida to‘xtatib turishning imkoni yo‘q - hukumat keyingi bosqichga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakat bosh vaziri Boris Jonson oldindagi vazifa koronavirusni «yozgacha, ya'ni boshqa respirator kasalliklar kamayadigan davrgacha ushlab turish» ekanini aytdi.

Angliyaning bosh sanitari, professor Kris Uitti yaqin vaqtlar ichida hukumat virusning tarqalishini oldini olish bo‘yicha umumiy tavsiyalarga o‘zgartirish kiritishi mumkinligi haqida gapirdi. Unga ko‘ra, har qanday shamollash belgilari 7 kunlik izolyatsiyaga sabab bo‘lishi ko‘zda tutiladi.

Dushanba kuni hukumatning SOBRA yig‘ilishida kelgusida ommaviy tadbirlarni butunlay bekor qilish masalasi ko‘rib chiqildi, shuningdek, maktablar yopilishi va barcha tashkilotlarda uydan ishlashga o‘tilishi mumkin.

Britaniyalik amaldorlar sport tashkilotlari rasmiylari bilan ham uchrashishgan - yirik turnirlar translatsiya qilinishi rejimi o‘zgarishi mumkin; britan supermarketlari tarmoqlari rahbarlari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi - talab ko‘p bo‘lgan mahsulotlar (so‘nggi vaqtlarda dezinfeksiya gellari, hojatxona qog‘ozlari, makaron va yorma mahsulotlari tanqisligi kuzatilmoqda)ni yetkazib berish masalalari muhokama qilingan.

Britaniyadagi ayrim supermarketlarda ma'lum mahsulotlarga cheklov o‘rnatilgan - keragidan ortig‘ini sotib olib bo‘lmaydi.

Yuqumli kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi eksperti Serjio Brusan Bi-bi-si uchun bergan intervyusida Britaniya hozirda ikki hafta oldingi Italiya holatida ekanini qayd etgan va hukumatda koronavirus keng miqyosda tarqalib ketishining oldini olish uchun bir necha kun vaqt qolganini ta'kidlagan.

Edinburgda Olti millat kubogi o‘yini vaqtida stadiondagi tomoshabinlar / Reuters

Madaniyat, OAV va sport ishlari vaziri Oliver Douden Bi-bi-si muxbiri bilan suhbatda, u bosh vazir bilan birgalikda yakshanba kuni regbi bo‘yicha Olti millat kubogi doirasidagi Angliya va Uels o‘rtasidagi o‘yinni stadionda turib kuzatgani haqida gapirgan va ayni vaqtdagi tibbiy tavsiyalarga ko‘ra sport musobaqalarini bekor qilishga sabab yo‘qligini ma'lum qilgan.

Lekin ayni vaqtda sport federatsiyalari kelgusida musobaqalarni tomoshabinlarsiz o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishmoqda.

  • 10 mart holatiga ko‘ra, Birlashgan Qirollikda koronavirusga chalingan 321 bemor qayd etilgan, 5 kishi vafot etgan, 18 kishi tuzalgan.

Xitoy rahbari Uhanda

So‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda virus tarqalishi sezilarli darajada pasaygan - 9 mart kuni 22 holat qayd etildi - jami 80 757. Bir kunda 17ta o‘lim holati ro‘y berdi - jami 3136 kishi.

Xitoy hukumati qatorasiga ikkinchi kundirki Xubey provinsiyasidan tashqarida virusga chalinish holatlari ham, o‘lim holatlari ham qayd etilmaganini ma'lum qildi.

Bu Xitoy hukumatining virusning oldini olishga qaratilgan choralari samarasidir, ammo hozircha hukumat qator karantin choralarini bekor qilgani yo‘q.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin 10 mart kuni mahalliy hokimiyat organlari tomonidan COVID-19 epidemiyasi bilan kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tekshirish uchun koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uhan shahriga keldi. Bu uning virus epidemiyasi boshlanganidan buyon ilk marta Pekindan tashqariga chiqishi bo‘ldi. Safar davomida u virusga qarshi kurashayotgan tibbiy xizmatchilar, harbiy xizmatchilar, rasmiylar, ko‘ngillilar, shuningdek, hudud aholisi va bemorlar bilan uchrashmoqda.

Bu vaqtda hukumat tez orada hududlararo harakatlanishga ruxsat berishi haqidagi xabarlar tarqalgan. Lekin fuqarolarning harakati kuzatuv ostida bo‘lishi mumkin.

Jahon bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar
10 mart tongidagi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda 114 mamlakatda virus aniqlangan - 114 515 kishida virus yuqishi holati tasdiqlangan, o‘lim holatlari 4027ta. 64 280 kishi tuzalib ketgan.

Rossiyada 9 mart kuni yana uch holat qayd etildi - Moskva, Kaliningrad va Belgorod oblastlarida. Ayni vaqtda mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 20 nafarni tashkil etmoqda.

Moskva sog‘liqni saqlash departamenti saytida ma'lum qilinishicha, koronavirus tarqalgan mamlakatlardan kelganlar izolyatsiya tartibini buzadigan bo‘lsa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Janubiy Koreyada ham so‘nggi ikki hafta ichida ilk marta virusdan zararlanish va o‘lim holatlari pasaya boshladi (so‘nggi bir kunda 35 kishida virus aniqlandi va bemorlar soni 7513 kishiga yetdi, bir o‘lim holati qayd etildi - jami 54 o‘lim).

Eronda virus qurbonlari soni bo‘yicha XXR va Italiyadan keyingi uchinchi o‘rinda joylashgan - 9 mart ma'lumotlariga ko‘ra 237 o‘lim va 7161 bemor. 10 mart ma'lumotlariga ko‘ra bu raqamlar o‘sishi kutilmoqda. Shu bilan birgalikda, haqiqiy ma'lumotlar rasmiy statistikadagidan yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Fransiyada koronavirus mahalliy parlament deputatlari orasida tarqala boshladi, ayni vaqtda Milliy Assambleyaning 4 nafar a'zosi kasallikka chalingan.

Dushanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra, Fransiyada jami 1421 kishi virus yuqtirgan, 30 kishi virus qurboni bo‘lgan. Fransiya Yevropada virusdan zararlanish bo‘yicha Italiyadan keyingi ikkinchi o‘rinda. Keyingi o‘rinlarda Ispaniya (1231 holat va 30 o‘lim) hamda Germaniya (1224 holat va 2 o‘lim) joylashgan.

Fransuz hukumati mingdan ortiq odam qatnashishi ko‘zda tutilgan ommaviy tadbirlarni bekor qilgan.

Italiyaning keksa yoshli aholisi xavf ostida
Dushanba kuni Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi Italiya shimolidan qaytayotganlarning barchasini 14 kunlik karantin holatiga jo‘natdi - ularda shamollash yoki kasallikning boshqa belgilari bo‘lishidan qat'i nazar.

Britaniya TIV Italiyaga bormaslikni tavsiya qilmoqda.

Shu bilan birgalikda, Italiyadagi britaniyaliklar mamlakatdan chiqishiga cheklov yo‘q, ammo ayrim aviakompaniyalar bu mamlakatga reyslarni bekor qilmoqda.

Italiya koronavirusdan jabrlanish bo‘yicha ayni vaqtda Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi: 9172 kishida virus aniqlangan, qurbonlar soni 463 nafarga yetgan.

Kasallanganlar soni bo‘yicha Italiya Janubiy Koreyani ortda qoldirdi - Koreyadagi rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 7513 kishida virus borligi tasdiqlangan, 54 kishi vafot etgan.

Italiya aholisining 23 foizini 65 yoshdan oshganlar tashkil etadi; ularning ko‘pchiligi surunkali kasallikka chalingan va bu ularni koronavirus qarshisida ojiz qoldirmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra Italiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Salvatore Farinada koronavirus aniqlangan. U hozirda izolyatsiyada saqlanmoqda va o‘zini yaxshi his qilmoqda.

Italiya sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan o‘lim darajasi ko‘rsatkichlarini ma'lum qildi, unga ko‘ra asosan 81 yoshdan kattalar virus qurboniga aylanmoqda.

  • 14,3 foiz - 90 yoshdan oshiq
  • 8,2 foiz -  80-89 yoshlar
  • 4 foiz - 70-79 yoshlar
  • 1,4 foiz - 60-69 yoshlar
  • 0,1 foiz - 50-59 yoshlar
  • 0 foiz - 50-59 yoshlar

Britaniya hukumati internetdagi dezinformatsiyaga qarshi kurash uchun maxsus bo‘lim tashkil etgan - ayni vaqtda koronavirus haqida turli asossiz xabarlar ko‘paygan.

Hukumat sayti Britaniyada avvalgi epidemiyalardagi o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma'lumotlarni keltirgan:

  • Hongkong grippi 1968-69 yillarda 0,2-0,4 foizlik o‘lim ko‘rsatkichi qayd etgan: 80 ming o‘lim.
  • Cho‘chqa grippi 2009-10 yillarda 0,025 foizlik o‘lim ko‘rsatkichi qayd etgan: 457 o‘lim
  • Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS) 2012 yilda 0 foiz: 0 o‘lim
  • Atipik pnevmoniya (SARS) 2003-03 yillarda 0 foiz: 0 o‘lim
  • Britaniyada 1989-90 yillarda mavsumiy gripp epidemiyasi: Angliya va Uelsda jami 26000 o‘lim holati.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top