22:08 / 24.03.2020
46591
O‘zbekistonda koronavirusni aniqlash uchun test tizimi ishlab chiqildi

Innovatsiya vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari koronavirusni aniqlash uchun test sistemasini ishlab chiqish ustida ishlar olib borishmoqda. Bu haqda markaz axborot xizmati Kun.uzʼga ma'lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ta'kidlanishicha, olimlar innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning topshirig‘iga binoan, bundan taxminan bir oy oldin virusning butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgani, virusning O‘zbekistonga ham kirib kelish xavfi mavjudligini inobatga olgan holda test sistemasini ishlab chiqish ustida ish boshlagandi.

Ayni paytja markazning biotexnologlari tomonidan COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha test sistemasi ishlab chiqildi. Test sistemasi COVID-19 virusi genomining uch uchastkasining PsR usulidagi tahlilga asoslangan va bu o‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test sistemasining xususiyati bo‘lib, hozirgi kunda xizmatdagi mavjud bo‘lgan testlar faqat bir uchastka tahliliga asoslangan.

— Bizning to‘plamimiz JSST hamda Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tavsiyalari asosida ishlab chiqildi, — deydi ishlab chiqaruvchilardan biri, biologiya fanlari doktori Alisher Abdullayev. — JSST tavsiyalariga ko‘ra, birinchi navbatda koronavirus testi asosiy sinov sifatida amalga oshiriladi va keyin uni tasdiqlash uchun COVID-19 genomining yana ikkita qismida test o‘tkazilishi kerak. Yakuniy bosqich aniqlangan shtammni tartiblashdan iborat, bu virusning mutatsiya darajasini aniqlash uchun muhimdir, chunki boshqa tez tarqaladigan viruslar tufayli COVID-19 virusi mutatsiyalarga uchraydi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Mahalliy test sistemasini yaratish jarayonida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tomonidan Qo‘shma Shtatlarda ishlab chiqarilgan ijobiy test namunalari tezkor yetkazib berildi.

— Keyingi bosqichda test tizimimizni ro‘yxatdan o‘tkazishimiz kerak va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi, — deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shaxlo Turdiqulova. — Bizning markazimiz diagnostika test sistemalarini ishlab chiqarish uchun maxsus uchastkasiga ega. U yerda bizning startapchilarimizdan biri —“Biotestlab“ jamoasi ishlaydi. Startap yosh, lekin biz bunday ishlab chiqarishda tajribaga egamiz.

Ma'lum qilinishicha, mazkur test tizimining afzalligi uning tezkorligidadir. Kasallikka tashxis qo‘yish uchun inson dimog‘idan namuna olinadi, negaki aynan unda katta qismda virus to‘planadi. So‘ngra virus RNKsi olinadi, DNK shakliga o‘tkaziladi va PsR tahlili amalga oshiriladi — butun jarayon taxminan 5-6 soat vaqtni oladi. Bu ekspress test emas, balki faqat maxsus laboratoriyalarda foydalanish mumkin bo‘lgan to‘laqonli test bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top