10:40 / 05.04.2020
26378
O‘zbekistonda Davlat xavfsizlik xizmati kuni nishonlanmoqda

2018 yil 5 aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan, 2018 yilning 2 oktyabrida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq 5 aprel Davlat xavfsizlik xizmati kuni etib belgilangandi.

Bugun O‘zbekistonda Davlat xavfsizlik xizmati kuni nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan tuzilma matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda keltirilishicha, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan 2018 va 2019 yillarda xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda to‘qqizta terrorchilik harakatining oldi olingan.

«Tarixdan ma'lumki, har bir davlatning xavfsizligini ta'minlashda maxsus xizmatlarning o‘rni va roli hamisha beqiyos bo‘lgan.

Xususan, davlat sarhadlarini qo‘riqlashdan tortib, mamlakatdagi tinchlik va barqarorlik, jamiyat osoyishtaligini ta'minlash yoki har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilish har zamon va har makonda maxsus xizmatlarning ustuvor vazifasi hisoblangan.

Bugun dunyoda kechayotgan murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekiston Respublikasini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishda, xalqaro munosabatlarda davlat milliy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashda Davlat xavfsizlik xizmatining munosib hissasi bor.

Xususan, 2018 va 2019 yillarda DXX idoralari tomonidan xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda 9ta terrorchilik harakatining oldi olindi. Ulardan 2tasi O‘zbekistonda, 7tasi hamdo‘stlik mamlakatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Shuningdek, 625 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar musodara qilindi. 500dan ortiq korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Davlatimiz sarhadlaridan noqonuniy olib o‘tilgan qariyb 97,7 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklar musodara qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilgan «Mehr 1» va «Mehr 2» gumanitar operatsiyalari doirasida Yaqin Sharq davlatlarida og‘ir sharoitda qolayotgan 220 nafar ayollar va bolalarni mamlakatimizga olib kelishda DXX xodimlari ham faol ishtirok etdilar.

Shuningdek, yot g‘oyalar ta'sirida Afg‘onistonda qiyin holatga tushib qolgan o‘nlab vatandoshlarimiz ham o‘z yaqinlari bag‘riga qaytarildi.

Ishonch bilan aytamizki, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining oliy maqsadi jonajon O‘zbekistonimizning gullab-yashnashi va xalqimizning tinch-totuv, farovon hayot kechirishini ta'minlashdir», deyiladi DXX matbuot xizmati xabarida.

Top