20:28 / 08.04.2020
18568
Deputat: «YeOIIga a'zolik bizga ko‘p yo‘nalishlarda muammo keltirib chiqarishi mumkin»

Parlament deputatlari tomonidan YeOIIga a'zolik masalasida ketma-ket tanqidiy fikrlar yangramoqda.

Foto: ASDP

«Adolat» SDP fraksiyasi yig‘ilishlarida O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi yuzasidan muhokamalar davom etmoqda.

Partiya saytida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtovaning shu mavzudagi mulohazalari joylashtirilgan.

Deputatning fikricha, YeOIIga a'zo bo‘lish ko‘plab yo‘nalishlarda O‘zbekistonga muammo keltirib chiqarishi mumkin.

«Ayrim ekspertlar tomonidan ta'kidlanganidek, YeOIIga a'zo bo‘lishning ijobiy jihatlari ham yo‘q emas. Bular, tashqi savdo aylanmasini oshishi, mahsulotlar, tarmoqlar, umuman, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi oshishi, tashqi migratsiya kabi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lishi qayd etilmoqda. Ikkinchi tomondan, mazkur tashkilotga a'zolik ko‘pgina yo‘nalishlarda salbiy va muammoli jihatlarni ham keltirib chiqirishi mumkin», – deydi u.

Xushvaqtova bu borada quyidagi xavflarni sanab o‘tgan:

  • YeOII a'zolari o‘rtasida yagona bojxona tarifi qo‘llanishi sababli respublika va a'zo mamlakatlarda ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalar va xomashyo importi talab etadigan yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish qiyinlashadi, ayrim hollarda butunlay to‘xtaydi.

«Vazirlar Mahkamasi tahlillariga ko‘ra, bu yerda gap turli sohalardagi qiymati 63 mlrd AQSh dollariga teng 361ta loyiha haqida ketmoqda», – deydi deputat.

  • O‘zbekistonga YeOIIga a'zo mamlakatlar bilan chegaralar orqali uchinchi mamlakatlardan kontrabanda tovarlarning oqimi kuchayadi.
  • Hozirda YeOII bozoriga kirishda mahsulotlar va xizmatlar uchun 48ta texnik reglament mavjud. O‘zbekistonda ushbu reglamentning atigi 5tasigina amaliyotda qo‘llaniladi. 29ta reglament umuman mavjud emas, 14ta milliy reglament bilan Ittifoqning texnik reglamentlari o‘rtasida esa jiddiy tafovutlar mavjud.

«Bu raqamlar esa YeOII mamlakatlari biz uchun emas, ular uchun O‘zbekiston salohiyatli bozor ko‘rilayotganini anglatadi», – deydi u.

  • Agar O‘zbekiston YeOIIga yumshatuvchi va o‘z shartlari bilan kirmas ekan, investitsiya faolligiga susayib, YaIM o‘sish suratlari, ishlab chiqarish hajmlari pasayadi.

Deputat mavzu yuzasidan fikrlarini xulosalar ekan, YeOII va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlardagi manfaatdorlik bo‘yicha tarozi pallasi teng ko‘rinishga yoki O‘zbekiston tomoniga og‘maguncha hamkorlik masalasida qat'iy qaror qabul qilish kerak emasligi bildirgan.

Qayd etish joiz, dekabrdagi saylovlar arafasida 5ta siyosiy partiyadan 4tasi YeOIIga a'zolikni yoqlashini e'lon qilgan, «Milliy tiklanish» ham bunga qarshilik bildirmagan edi.

So‘nggi vaqtlarda esa Qonunchilik palatasining qator deputatlari nomidan YeOIIga a'zolik masalasida ketma-ket tanqidiy fikrlar yangramoqda. Ammo hozircha ikki qutbli pozitsiyaga ega tomonlarning jonli debati kuzatilganicha yo‘q.

O‘tgan hafta «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi YeOIIga «hozircha faqat kuzatuvchi davlat sifatida» kirishini ma'qullagan edi.

Top