O‘zbekistonda mavjud beshta siyosiy partiyadan to‘rttasi mamlakatning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirishi tarafdori bo‘lib qolmoqda.

O‘zLiDeP, «Adolat» va Xalq demokratik partiyalari hamda Ekologik partiya vakillari bugun, 18 dekabr kuni xorijlik diplomatlar bilan bo‘lgan uchrashuvda YeOIIga kirish tarafdori ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, uchrashuvda Rossiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev partiya nomzodlarining mazkur masaladagi fikrlari bilan qiziqqan.

«Siyosiy partiyalarning xalqaro tashkilotlarga nisbatan munosabati haqida savol berildi. Javoblardan kelib chiqib aytish mumkinki, avvalo xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga asosiy e'tibor qaratilmoqda. Shunga qaramay, nomzodlar tomonidan xavfsizlik masalalari ham juda muhimligi aytib o‘tildi. Ha, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan. Afg‘onistonga nisbatan hurmat saqlagan holda, u yerda urush kechayotganini ham unutmaymiz.

Albatta, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti – avvalo siyosiy tashkilot. Lekin xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanadigan boshqa tashkilotlar ham bor, xususan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti.

Iqtisodiy integratsiya borasida bildirilgan fikrlarga qaytib, nomzodlarga savol bilan murojaat qilmoqchiman. Hozir O‘zbekistonning Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga a'zo bo‘lishi qanchalik maqsadga muvofiqligi yuzasidan qizg‘in muhokamalar ketmoqda. Qator partiyalar allaqachon bu borada o‘z fikrlarini bildirishgan. Men deputatlikka nomzodlarning fikrlarini bevosita ularning o‘zlaridan eshitishni xohlardim», – dedi Tyurdenev.

Savolga javoban birinchi bo‘lib «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Ilhom Abdullayev so‘z olib, partiya bu borada hali yakuniy qarorga kelmaganini bildirdi, ammo shaxsan o‘zi YeOIIga kirishga «ikki qo‘lini ko‘tarib» rozi ekanini ta'kidladi.

«Mamlakatning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi – tashqi siyosatning juda muhim masalalaridan. Men partiyamiz nomidan gapiraman va bu fikrlarim davlatniki bilan bir xil bo‘lmasligi mumkin.

YeOII – ancha istiqbolli va effektiv tashkilot. Ko‘pchilik bizning bu tashkilotga a'zo bo‘lishimizning ko‘plab plyus tomonlarini darhol sanab berishi mumkin. Lekin bu – ko‘p qirrali va murakkab masala. Shunday ekan, mamlakat bunday muhim qadamni tashlash oldidan barcha plyus va minuslarni taroziga tortib ko‘rishi kerak.