19:47 / 16.04.2020
24246

Dorivor o‘simliklar – mamlakatning tabiiy boyligidir

Mahalliy floraga mansub 4.3 mingdan ortiq o‘simliklarning 750 turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan, shundan 70 turi farmatsevtika sanoatida faol qo‘llanib kelinmoqda. 2019 yilda 48 mln AQSh dollari qiymatidagi qayta ishlangan dorivor o‘simliklardan olingan mahsulotlar eksport qilingan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti an'anaviy tibbiyotning asosiy tarkibiy qismlarini quyidagicha aniqlaydi: o‘simlik dori darmonlari va boshqa tabiiy vositalar bilan davolash; akupunktur va manual terapiya. Sog‘liqni saqlash tizimidagi an'anaviy tibbiyot allaqachon dunyoning bir qator mamlakatlarida, ayniqsa Osiyo mamlakatlarida muhim rol o‘ynaydi. Xalq tabobatimizda Abu Ali ibn Sino davriga borib taqaladigan chuqur dunyoviy ildizlar mavjud. Bugungi kunda Respublikamizda xalq tabobati tizimi qonuniylashtirilgan.

Bizning yurtimiz dorivor o‘simliklarga boy. Mahalliy floraga mansub 4.3 mingdan ortiq o‘simliklarning 750 turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan, shundan 70 turi farmatsevtika sanoatida faol qo‘llanib kelinmoqda.

2019 yilda 48 mln AQSh dollari qiymatidagi qayta ishlangan dorivor o‘simliklardan olingan mahsulotlar eksport qilingan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori juda dolzarbdir.

Ushbu Qarorda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashni yanada rivojlantirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, ushbu sohada ta'lim, fan va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtirish zarurati belgilab qo‘yilgan. 2020 yil 1 maydan boshlab dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash uchun klasterlar yaratish, shuningdek, dorivor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha hududlarni ixtisoslashtirish ishlari belgilab berilgan.

Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan klaster tizimi o‘zining hozirgi globallashuv davrida va bozor iqtisodiyoti talablari asosida, har bir imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanib jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berish agrar sektorda, jumladan paxtani yetishtirishdan to uni kompleks qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida yengil sanoat mahsulotlari, oziq ovqat sanoati mahsulotlari (paxta yog‘i va undan tayyorlanadigan mahsulotlar) hamda chorvachilik uchun ozuqa (har xil yemlar, premikslar) ishlab chiqarish imkoniyatlarini keskin oshirib, agrar sohada yangi tizim klaster tizimi yaratilganini e'tirof etish kerak.

Qarorda qo‘yilgan vazifalar tashkil etilayotgan klasterlar oldiga dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, dastlabki va chuqur qayta ishlash hisobiga turli xil xalq tabobatida, sog‘liqni saqlash tizimida ishlatiladigan dori preparatlarini yaratish, ishlab chiqarish va importdan kirib kelayotgan shu yo‘nalishdagi preparatlarni o‘rnini ma'lum hajmda egallash va eksport qilish imkoniyatini yaratadi. Qarorda shu yilning 1 iyunidan tayyor mahsulotni sotish bo‘yicha klasterlar oldiga qo‘yilgan vazifalar “Dorivor o‘simliklar” deb nomlangan yangi sanoat yo‘nalishini yaratadi.

2020 yil 1 iyundan boshlab tibbiy muassasalarda, jumladan, oilaviy poliklinikalar va qishloqlar (ovullar) tibbiy markazlarida fito-barlar, barcha vazirlik va idoralarda, “Islom Karimov” nomidagi xalqaro va mahalliy aeroportlarda, barcha turdagi avtovokzallarda, temir yo‘l stansiyalarida, bozorlarda, sanatoriya muassasalari va barcha gavjum joylarda fitobarlar yaratiladi. Bugungi kunda fitobarlarni yaratish foydali innovatsion g‘oyaga aylanib, aholining barcha qatlamlariga xalq tabobatining an'anaviy mahsulotlaridan samarali foydalanish imkonini beradi (choy, kokteyl, damlama va boshqalar), shuningdek boshlang‘ich kapitalning nisbatan kam sarmoyasi bilan yaxshi biznes manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Qarorning so‘zsiz ijrosi hozirgi davrda dorivor o‘simliklarni yetishtirishdan to undan olingan mahsulotlarni bozorga yetkazib berish va ulardan xalqimiz salomatligini saqlashda xalq tabobati mahsulotlari hamda tabiiy dorivor preparatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu yo‘nalishda yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Farmonda Fanlar Akademiyasining institutlariga dorivor o‘simliklarni yetishtirishning ilmiy asoslarini, o‘simlik materiallarini chuqur qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish, shuningdek tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan birgalikda bioxilmaxillikni o‘rganish va yo‘qolib borayotgan yovvoyi dorivor o‘simliklarni himoya qilishni kuchaytirish, shuningdek tabiiy plantatsiyalarni qurish orqali ularni tiklash bo‘yicha vazifalar yuklatilgan. O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutiga dorivor o‘simliklarni yetishtirish, seleksiya va urug‘chilik sohasida tadqiqotlar o‘tkazish va agrokimyoviy kartogrammalarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Dorivor o‘simliklarni yetishtirish, himoya qilish va ulardan oqilona foydalanish ko‘p mutaxassislarni, jumladan botaniklar, farmakologlar, kimyogarlar, biokimyogarlar, texnologlar, manbashunoslar va boshqa mutaxassislarni hamkorlikda ishlashni talab qiladi. Mutaxassislarni so‘zlariga ko‘ra, o‘simlik dunyosini himoya qilish uchun uni har tomonlama – strukturaviy, funksional, taksonomik va evolyutsion bilish kerak

Dorivor o‘simliklarning genofondini saqlab qolish va ko‘paytirish usullaridan biri bu ularni madaniylashtirishdir. Introduksiya jarayoni (madaniylashtirish) juda murakkab, uzoq va ko‘plab omillarga bog‘liq, ya'ni: o‘simliklarning kelib chiqishi, ularning ekologik tabiati, tabiiy o‘sish joylarining iqlim va jug‘rofiy sharoiti va kirib borish maydoni va boshqalar. Tabiatda yovvoyi holda o‘sadigan shifobaxsh o‘simliklarni madaniylashtirish qimmatbaho yuqori mahsuldor turlari va navlarini olish maqsadida ko‘paytirishning keng qamrovini o‘z ichiga oladi.

O‘simliklarning tabiiy genofondini saqlab qolishning dolzarb vazifasi – bu ma'lum bir turning qaytarib bo‘lmaydigan darajada yo‘qolib ketishining oldini olish uchun gen banklarini yaratish, ya'ni ma'lum sharoitlarda yovvoyi o‘simliklarning urug‘lik zaxiralarini saqlashdan iboratdir. Bu ham qarorda ko‘rsatib o‘tilgan. Gen banklarini yaratish urug‘larni saqlashning barcha masalalarini puxta o‘rganishni nazarda tutadi.

Shifobaxsh o‘simliklarning tabiiy zaxiralarini himoya qilish va ulardan oqilona foydalanishning o‘simliklarni tabiiy o‘sish joyidan qayta ishlash joyiga, ya'ni fitopreparatlarni tayyerlash joyiga o‘tkazish bosqichidir. Avvalo, o‘simliklarni to‘g‘ri yig‘ish va quritishga taaluqlidir. Xom – ashyoni yig‘ishda nafaqat turlarning tarqalishi, zaxiralari va mahsuldorligi, balki o‘rim-yig‘imdan keyin o‘simliklarning tabiiy holatini tiklash qobiliyatini ham bilish kerak. Ushbu xususiyatlar to‘g‘risida ma'lumotlarning yetishmasligi va eng muhimi, yig‘im-terim ishlarining yomon tashkil etilishi, ko‘pincha bir necha yillik ishdan so‘ng, avvalgi dorivor o‘simliklar o‘sadigan xududlar sezilarli yoki to‘liq qurib ketishiga olib keladi. Bu muammolarni tizimli hal qilish qarorda o‘z aksini topgan.

Fundamental fanning yutuqlariga asoslanib shifobaxsh o‘simliklarni oqilona kompleks chuqur qayta ishlash texnologiyasi iqtisodiy samaradorlikni oshirish tizimlaridan biridir. Ba'zida bir dorivor preparatni o‘simlikdan ajratib olinib, qolganlari behudaga ketadi. Olimlar iqtisodiy jihatdan tejamkor texnologiyalarga tayanib, dorivor xom-ashyoni chuqur va keng qamrovli qayta ishlash usullarini ishlab chiqishga intilmoqdalar. Masalan, qizilmiya ildizlari va ildizmevalari kompleks qayta ishlash texnologiyasi natijasida quruq ekstrakt, flavonoid (likviriton, flakarbin) va triterpen preparatlarini (glitsiram, glitsirrinat) olish mumkin.

Ilm-fanni innovatsion yuqori sifatli mahsulotlarni izlash va yaratishda yordam berayotganini misol keltirsak, dorivor o‘simliklardan dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan “Bionorika” nemis kompaniyasining fitoniringidir. Ushbu kompaniya fitonirlashning o‘ziga xos g‘oyasidan foydalanadi, u an'anaviy davolash usullari sohasidagi bilimlarni dorivor o‘simliklar va tabiiy fanlardagi innovatsion ilmiy tadqiqotlar natijalarini birlashtiradi.

O‘simlik preparatining sifati va samaradorligi ko‘p jihatdan uning tarkibiy qismlariga bog‘liq bo‘lganligi sababli qayta ishlovchi kompaniyalar o‘simlik materiallariga eng yuqori talabni qo‘yadi. O‘simlik materiallarining doimiy sifati boshqariladigan va standartizatsiyalashtirilgan o‘sib boradigan sharoit bilan ta'minlanadi. Atrof muhit sharoiti, organik moddalarning yuqori konsentratsiyasi va qisqa transport yo‘llari katta ahamiyatga ega. Ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlari analitik hisob-kitoblar bilan tekshiriladi va murakkab tizimni anglatadi. Ilmiy ishlarda asosiy e'tibor nafas olish kasalliklari, ginekologiya, urologiya va og‘riqlarga qaratilgan. Chet el kompaniyalarining dorivor o‘simliklaridan olingan mahsulotlari Respublikamizga import qilinadi, qabul qilingan qaror bu preparatlarni o‘zimizda o‘sadigan dorivor o‘simliklardan olish imkoniyatini yaratadi. Misol tariqasida Bolgariyaning “Tribestan” (temirtikan o‘simligi), Germaniyaning “Gelarium giperikum” (dalachoy o‘simligi), Chexiyaning “Persen” (arslon quyruq o‘simligi asosida), Rossiyaning “Ekstrakt valeriany” (asorun ildizi va ildizpoyalari) katta miqdorda dori shaklida kirib keladi. Bu shifobaxsh o‘simliklar o‘zimizda ham o‘sadi. Bularning ichidan faol moddalarni olish import hajmini kamaytirish imkonini beradi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 10 aprelda qabul qilingan “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror shu muammolarni tizimli ravishda yechish imkoniyatini beradi.

Shu bilan birga ushbu qaror ijrosi kelgusida ta'lim, ilm-fan va ishlab chikarishni integratsiyasida katta yul ochib berishini ko‘rsatmoqda, chunki tibbiyot sohasida malakali mutaxassislarni yetkazish borasida prezidentimizni kuni kecha respublikamizdagi tibbiyot kollejlarini Ibn Sino nomidagi tibbiyot texnikumlarga aylantirish borasida hamda xalq tabobatini yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorlari chiqdi.

Bularning barchasi zamonaviy tibbiyotda va xalq tabobati sohasida malakali kadrlarni tarbiyalashda hamda mahalliy o‘simliklarni chuqur qayta ishlab, xalqimiz sog‘ligi uchun zarur dori vositalarni olishning ilmiy asosini yaratishda va olingan ilmiy tajribalarni farmatsevtik erkin iqtisodiy zonalarga transfer qilishda o‘z aksini topadi, albatta.

Qabul qilingan qaror mamlakatimizning qimmatli dorivor o‘simliklarini himoya qilish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq ilm-fan, biznes, xalq tabobati udumlari, farmatsevtika ishlab chiqarish imkoniyatlarini tartibga keltiradi.

Oliy Majlis Senatining fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mita a'zosi,
O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori, t.f.d., professor Shomansur Sagdullayev

Top