22:39 / 16.04.2020
18621
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni «Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi.

Belgilanishicha, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

  • universitetga ta'lim standartlarini ishlab chiqish, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda talabalarning bilimini baholash hamda o‘quv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini ta'minlash tizimini ishlab chiqish va tasdiqlash huquqi beriladi;
  • universitetda ta'lim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi;
  • xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta'lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlari TDShU tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi;
  • universitetda sharq tillari o‘qitiladigan ta'lim muassasalari o‘qituvchilari uchun doimiy faoliyat yurituvchi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi hamda kurslardan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagog kadrlarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

2020/21 o‘quv yilidan boshlab, universitetga o‘qishga qabul qilishda sharq tillaridan (turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, yapon tillari) topshiriladigan ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihonlar o‘rniga test sinovlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab esa ushbu tajriba boshqa tillar (ispan, italyan, tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz tillari va boshqalar) bo‘yicha respublikadagi barcha davlat oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda joriy etiladi.

TDShU o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotganini hisobga olib, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

  • professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqadi hamda ularning ish faoliyatini darslarga sifatli tayyorgarlik ko‘rishga va ilmiy salohiyatini kuchaytirishga qaratadi;
  • ilmiy loyihalarni bajarish jarayoniga iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarni jalb qilishni kengaytiradi;
  • iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarning ilmiy, innovatsion va startap loyihalarini tanlov asosida moliyalashtirish choralarini ko‘radi;
  • fakultetlar tarkibi va kafedralar yo‘nalishlarini ko‘rib chiqsin hamda ularning faoliyatini yetakchi xorijiy OTMlar tajribasi asosida qayta tashkil etadi;
  • ta'lim sifatini oshirish, o‘quv va ilmiy faoliyatni ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish maqsadida nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn kurslar, ma'ruzalar va mahorat darslarini muntazam tashkil etadi;
  • professor-o‘qituvchilar va mas'ul xodimlar uchun, zarurat tug‘ilganda, tajribali mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida kredit-modul tizimiga o‘tish bo‘yicha seminar-treninglar turkumini tashkil etadi;
  • nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda salmoqli ilmiy nashrlar e'lon qilgan, “ustoz-shogird” tamoyili asosida iqtidorli talabalar, magistrantlar, doktorantlar yoki yosh professor-o‘qituvchilar bilan hammualliflikda yuqori impakt-faktorli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etgan professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish tizimini joriy etadi.

Qaror bilan, 2020-2023 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini kompleks rivojlantirish dasturi va 2023 yilgacha Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) tasdiqlandi.

Dasturda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • o‘quv rejalarida amaliy va sayyor mashg‘ulotlarni o‘tkazishni kengaytirish, talabalarda amaliy kompetensiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan fanlarga ajratilgan soatlar ulushini oshirish;
  • ta'lim mazmunini kreativ fikrlash, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni shakllantirishga xizmat qiluvchi ta'lim texnologiyalari bilan boyitish;
  • ilg‘or xorijiy tajriba asosida boshqaruv xodimlari va professor-o‘qituvchilar faoliyatini kompleks baholash indikatorlari asosida moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish;
  • Universitet salohiyatini bosqichma-bosqich oshirish maqsadida Universitet doktoranturasiga qabul kvotasini ko‘paytirish, yangi ixtisosliklar bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
  • professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar uchun badiiy, ilmiy va o‘quv adabiyotlari elektron kataloglari hamda jahon ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, Universitetning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ta'minlash;

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2020 yil 1 iyulga qadar TDShU huzuridagi akademik litsey faoliyatini tanqidiy o‘rganib, uning faoliyatini takomillashtirish, qabul jarayoniga qo‘yilgan talablarni qayta ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlaydi.

Chora-tadbirlar dasturida akademik litseyga o‘quvchilar xorijiy tilni bilish darajasiga qarab qabul qilinishini hamda Universitet kafedra mudirlari va yetakchi olimlarining akademik litsey o‘quv guruhlariga biriktirilishini nazarda tutiladi.

Qayd etilishicha, sharq tillari sohasida o‘rta bo‘g‘in professional kadrlarni tayyorlash, shuningdek, iste'dodli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish maqsadida Namangan va Xiva shaharlarida sharq tillari bo‘yicha texnikumlar tashkil etilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga 2020 yil 1 avgustga qadar bu texnikumlarni sharq tillarini o‘qitishga moslashtirish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan to‘ldirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, universitet tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sinxron tarjima laboratoriyasi va Multimedia markazi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, TDShU huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi hamda Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Universitet Yozma yodgorliklar bo‘yicha maqsadli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan bepul ta'minlanadi.

Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va muzeylari huzurida TDShUning adabiy va tarixiy manbashunoslik yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi kafedralarining filiallari ochiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligiga Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda har yilgi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishda ularda sharqshunoslik sohasi bo‘yicha maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilishini nazarda tutish vazifasi yuklatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi universitet bilan birgalikda:

  • Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmud Zamaxshariy va boshqa buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tili, madaniyati va tarixiga oid yozma manbalarni;
  • Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari tarixi, antropologiyasi, tili va adabiyoti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlari, ichki va tashqi siyosatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshiradi.

Qator idoralarga 3 oy muddatda “Toshkent shahrida “Sankt-Peterburg davlat universiteti” federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasini o‘rnatilgan tartibda kiritish topshirildi.

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 20a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda TDShUga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz o‘tkazib beriladi.

2021 yil 1 avgustga qadar TDShUga berigan shu hududda universitetning yangi 9 qavatli binosi va sport majmuasi qurib, foydalanishga topshiriladi.

Top