15:33 / 20.04.2020
14254
Yangiyo‘lda tunda qurol ko‘tarib yurgan shaxslar 15 sutkaga qamaldi

Yangiyo‘l shahrida tungi vaqtda sport pnevmatik miltiqlari bilan yurgan uch nafar huquqbuzarga sud qarori bilan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. Miltiqlari esa yo‘q qilinadi.

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda noma'lum shaxslar joriy yilning 15 aprel kuni tunda qo‘lida qurol bilan daydi itlar otib yurgani haqidagi videolavha tarqalgandi.

Toshkent viloyati IIBB JQB va Yangiyo‘l shahar IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida bu ish Yangiyo‘l shahri Navro‘z dahasida yashovchi 44, 39 va 38 yoshlardagi uch erkak tomonidan sodir etilgani aniqlangandi.

 
Yangiyo‘lda tunda qurol ko‘tarib yurgan shaxslar aniqlandi

Yangiyo‘lda tunda qurol ko‘tarib yurgan shaxslar aniqlandi 👉 https://kun.uz/41318282

Posted by Kun.uz on Wednesday, April 15, 2020

Oliy sud matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur huquqbuzarlik ishi Yangiyo‘l shahar ma'muriy sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning 18 apreldagi qarori bilan har uch fuqaro MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik harakatlarini sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularga 15 sutkadan qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, huquqbuzarlardan maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘lik xarajatlar uchun sutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizini (33 450 so‘m) undirish belgilangan.

Ashyoviy dalil sifatida olingan ikki dona «HATSAN STRIKER» nomli sport pnevmatik miltiqlari yo‘q qilinishi belgilangan.

Oliy sud matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, shu yilning 1-20 aprel kunlarida mamlakat ma'muriy sudlari tomonidan jami 918 nafar shaxsga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi, 183-moddasi, 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bilan ma'muriy huquqbuzarlik haqidagi 641ta ish ko‘rilgan bo‘lib, shundan 421 nafar shaxsga nisbatan jami 246 432 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan. 486 nafar shaxsga nisbatan esa turli muddatlardagi ma'muriy qamoq jazolari qo‘llangan.

Mavzuga oid
Top