Jamiyat | 22:50 / 28.05.2018
29137
6 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor ayol dodini kimga aytsin?

KUN.UZ tahririyatiga so‘nggi vaqtlarda bozor munosabatlari bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha murojaatlar kelishi ko‘paydi. Shunday murojaatlardan biri Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahridan yuborilgan. Murojaatni tadbirkor beva ayol Umrixon Meliboyeva yo‘llagan. Qisqacha aytadigan bo‘lsak, Umrixon opaga qarashli xususiy do‘kon hududi davlat ehtiyojlari uchun hokimiyat balansiga olingan. Biroq unga yetkazilgan zararni qoplash va o‘rniga yangi hudud berilishi masalasi hal etilmay qolmoqda. Murojaatni o‘rganish maqsadida Yangiyo‘l shahriga bordik. Umrixon opa bilan shaxsan suhbatlashdik.

“Men «Yangiyo‘l non-rizq» MChJ direktoriman. Xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. 2017 yil hokimdan bozor hududiga tutash joydagi do‘konim o‘rniga o‘z hisobimdan «Yoshlar markazi» va zamonaviy do‘konlar qurish uchun ruxsat so‘radim. Loyihamni ko‘rsatdim, ularga ma'qul keldi. Loyihani tasdiqdan o‘tkazish uchun Toshkent viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga jo‘natdim. Dekabr oyida jo‘natilgan loyiha fevralgacha kutildi. Natija bo‘lmadi. Qo‘ng‘iroq qilsak, kutib turishimizni aytishdi.

Shifoxonada davolanib turgan vaqtimda 220 kvadrat metr do‘konim hududi ham hech qanday ogohlantirishsiz «bosh reja»ga kiritilgan ekan. Hokimning yoniga kirib bir necha marta murojaat qilganimdan so‘ng, boshqa hudud berish masalasi ko‘rildi. Shaharning bir chekkasidan quruq joy ko‘rsatishdi. Men rozi bo‘lmadim. Chunki u yerda savdo qilishning imkoni yo‘q edi. Ikkinchi murojaatda ham o‘sha joy ko‘rsatildi. Keyin bilsam, u yerdagi do‘konim hududi boshqa bir tadbirkorga berilar ekan. “Nega boshqa tadbirkorga beriladi, menga nega berilmaydi, men ham davlat soliqlarini o‘z vaqtida to‘lasam, avval mening hududim edi-ku?”, deb hokimga murojaat qildim. “Mening mulkim boshqa bir tadbirkorga berilsa, bundan maqsad nima?”, deb savol berdim.

Toshkent viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi xodimi Mahmud ismli shaxs bosh rejada nima bo‘lsa shu quriladi, deb aytdi. Xafa bo‘layotgan joyim mening mulkim olinib, boshqa bir tadbirkorga berilmoqda. Men-chi? Meni qo‘llab-quvvatlaydigan insonim yo‘qligimi aybim? Qani adolat? Tadbirkor davlat himoyasida, degan gap amalda bo‘lmayapti-ku. Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlarga murojaat qildim. Hech biri aralashmadi. Odatdagi mazmunda javob oldim. «O‘rganib chiqilsin», degan mazmunda. Prezidentimizdan boshqa hech kimdan umidim qolmadi”, - deb Umri opa bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni so‘zlab berdi.

U yerdan chiqib shahar markazidagi bozor hududiga bordik. Buzilgan hududni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Bozor ma'muriyatidan izoh olishga urindik. Ular hokimiyatning chizgan chizig‘idan chiqmasligini va intervyu bera olmasliklarini ta'kidlashdi. Bozordan chiqib, hokimiyat binosiga bordik. Tuman hokimining o‘rinbosari Fazliddin Kamoliddinov bilan shu masalaga aniqlik kiritdik.

Hokim o‘rinbosari bilan bo‘lgan suhbatda shu narsa aniq bo‘ldiki, tadbirkor ayolga, albatta, yer beriladi. Uning roziligi olinadi. Hokimiyat yer berishga va'da beradi. Shu bilan birga bozor hududidan 60 kvadrat metr savdo maydoni ham ajratiladi. Buning tartibi Prezidentning «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1326-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi 97-sonli qarorida ham ko‘rsatib o‘tilgan. Umid qilamizki, hokimiyat qonunga amal qilib, tadbirkorni xonavayron bo‘lishdan saqlab qoladi.

Hokimiyatdan chiqib tadbirkor ayolning egalik huquqi bo‘yicha hujjatlarini o‘rganish maqsadida, Toshkent viloyat yer-mulk kadastr davlat korxonasi Yangiyo‘l shahar filialiga bordik. U yerda mutaxassis Abdujabbor Karimov bilan bog‘landik. Mutaxassisning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, hudud haqiqatan ham tadbirkorga qarashli, bosh loyihaga kiritilgani sababli qonunan yer maydoni va bozor hududidan savdo o‘rni berilishi kerak, zararlar qoplanishi shart. Bosh rejadagi 13B sonli binoning 286 kvadrat maydoni ham tadbirkor ayolga berilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kun tadbirkorniki, kelajak ravnaqi ham ularning faoliyatiga bog‘liq. Shu sabab tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ularning oldida turgan byurokratik to‘siqlarni olib tashlash va qator imtiyoz hamda imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Umid qilamizki,Yangiyo‘l shahar hokimiyati prezidentning “Men o‘z mablag‘i, tashkilotchiligi bilan hech bo‘lmaganda 2-3 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman,” degan so‘zlarini chuqur anglagan holda, tadbirkor ayolni xonavayron bo‘lishdan saqlab qoladi. Qonunda belgilanganidek, yetkazilgan zararlar qoplanadi, alohida hudud masalasi ijobiy hal etiladi.

Zafarbek Solijonov

Mavzuga oid