10:12 / 21.04.2020
1896
«O‘zkomnazorat»: naqdsiz shaklda to‘lovlar hajmi oshgani tufayli axborot sohasida firibgarlar faollashishi mumkin

O‘zbekistonda firibgarlar pensiya va nafaqalarning to‘liq plastik kartaga o‘tkazilishidan foydalanishi mumkinligi ma'lum qilindi

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, koronavirus tarqalishini oldini olish maqsadida pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘lash to‘liq plastik kartaga tushirib berish yo‘li bilan amalga oshirilishi ma'lum qilindi

Birinchi bosqichda may oyidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida pensiyani plastik kartaga to‘liq tushirib berish boshlanadi. Keyingi oylarda ushbu tartib bosqichma-bosqich boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi. Pensiya jamg‘armasi ma'lumoti bo‘yicha hozirgi kunda pensiya va nafaqa olayotgan fuqarolar taxminan 3,7 million nafarni tashkil qiladi.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, aholining ushbu qatlami plastik kartalardan foydalanish haqida yetarlicha axborotga ega bo‘lmaganligi tufayli mablag‘lari bank kartalarida saqlanishi boshlanganidan keyin tarmoqlarda jinoyatchilarning firibgarlik sxemalariga aldanib qolishi mumkin.

“Xorijiy davlatlarda firibgarlarning bank nomidan qo‘ng‘iroq qilib, kam ta'minlangan oilalar uchun xayriya aksiyasi o‘tkazilayotgani haqidagi yolg‘on axborot bilan fuqarolar va ularning oila a'zolari haqidagi ma'lumotlarni o‘zlashtirishga urinishi, karta raqami va uning amal qilish muddati haqida so‘rashi, SMS-xabarnoma orqali kelgan sirli kodni bilib olib keyinchalik ularning elektron hisob raqamidagi pullarni o‘g‘irlash holatlari uchrashi mumkinligi aytilmoqda.

Avval ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda har bir fuqaroga haftasiga 300 ming so‘mdan berilishi” haqidagi xabarlar “feyk” xabarlarga qarshi kurashish maqsadida tashkil qilingan Antifake rasmiy kanali tomonidan yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ma'lum qilingandi.

Aholining elektron mablag‘larni boshqarishni u qadar yaxshi o‘zlashtirmagan qatlami ya'ni pensionerlar va nogironlarda bank plastik kartalarining sonining ko‘payishi oqibatida jinoyatchilarning turli yo‘llar bilan firibgarlik qilib bank plastik kartalarining raqamlarini bilib olishi, o‘zini ijtimoiy xizmatlar nomidan so‘rov yuborib, karantin vaqtida kartaga maxsus ijtimoiy yordam puli tushirib berishni va'da qilib odamlarning pullarini o‘zlashtirishi mumkin.

“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi fuqarolardan firibgarlarning bu kabi “feyk” SMS xabarnomalariga aldanmaslikni, shaxsiy ma'lumotlarni va muhim axborotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik, begona odamlarga bermaslikni, keksa yoshdagi yaqinlarni ham bu kabi xavfli harakatlar haqida ogohlantirishni, koronavirus pandemiyasiga qarshi hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi xabar hamda yangiliklarni rasmiy yoki ishonchli manbalardan olishni so‘raydi”, - deyiladi xabarda.

Top