18:47 / 05.05.2020
23504

Jurnalist va ichki ishlar xodimi: o‘zaro munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Ikki soha ham jamiyat uchun birdek muhim: birini «tinchlik, tartib-osoyishtalik himoyasida» desak, ikkinchisini ham... xuddi shunday ta'riflasak bo‘ladi. Nega, deysizmi?

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar xodimi – politsiyachi (darvoqe, biz qachon deyarli hammada iste'molda bo‘lgan «politsiya» so‘zini amalga kiritamiz?) ko‘proq voqelikda yaqqol yuzaga kelib turgan, ko‘zga ko‘rinib qolgan ko‘ngilsiz, nojo‘ya holatlarga barham berishga jamiyat tomonidan safarbar etilgan kishi.

Jurnalist-chi? Biz qanday qilib jurnalistni «tinchlik, tartib-osoyishtalik himoyasida» deya olamiz?

Gap shundaki, jurnalist ko‘zga ko‘ringan muammo va yutuqlarni yoritishdan tashqari, davlat va jamiyat ichida... yashirinib yotgan muammolarni ham yuzaga chiqaradi. Bu esa – og‘ir, nozik, tog‘dek matonat va jasoratni talab qiluvchi jabha.

Shu sabab qaysi davlatda haqiqiy jurnalistika bo‘lmasa, o‘sha davlatda muammolar tog‘dan ko‘chgan qor yumalog‘idek ko‘payib boraveradi va bir kun kelib, qayerga qaramang, illat-u muammolarni ko‘radigan bo‘lib qolasiz.

Haqiqiy jurnalistika yordamida jamiyat g‘aflatda qolib, borib-borib o‘zining ko‘rinmas muammolariga mag‘lub bo‘lishdek ko‘ngilsizlikdan o‘zini asrab qoladi.

Yashirin muammolar o‘z nomi bilan yashirin muammolar – muammo mavjudligini sezib turasiz, ammo uni ko‘rmaysiz. Qayerdadir kimdir shu tobda mudhish bir jinoyatni yoxud jinoyatga tenglashtirsa bo‘ladigan xatoni qilib turibdi, uning o‘sha qilmishi oqibatida ertaga yoki bir yildan keyin ko‘plab odamlarning boshiga kulfat tushishi mumkin, ammo bu haqda siz, nafaqat siz, balki butun jamiyat bexabar.

Kimdir mislsiz miqdorda xalq mulkini ko‘zdan panada o‘maryapti, buning oqibatida jamiyat mislsiz zarar ko‘ryapti, ammo jamiyat buni bilmayapti.

So‘zni qisqa qiladigan bo‘lsak, aynan shunday: aytish mumkinki, katta balolardan jamiyatni muhofaza etish vazifasini birinchi safda turib erkin jurnalistika bajaradi. Va bunda jurnalist o‘z xavfsizligini xatarga qo‘yadi. Nega, deysizmi?

Chunki ko‘plab holatlarda u turli qiyofaga kirgan, ba'zida binoyidek mansablarda o‘tirgan... jinoyatchilarning kirdikorlarini jamiyatga tanitadi. Jinoyatchilar esa – o‘z nomi bilan, jinoyatchilar...

Demak, bu ikki kasbning maqsad-maslagi bir – jamiyatni xatarlardan saqlash.

Aynan shu haqiqatni anglash o‘zaro uchrashganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklarni oldini oladi. Bir vazifani bajarayotgan hamkorlar hamkor ekanini yaxshi bilishi kerak, axir!

Aks holda, shuncha muammo yetmayotganidek, yana bir ortiqcha ko‘ngilsizlikka, zararga xizmat qiluvchi narsaga – bu ikki muhim soha vakillari ongsiz ravishda bir-birlarini yomon ko‘rishiga duchor bo‘lamiz. Bizga – jamiyatga bu narsa kerak emas.

Tushunamiz, erkin jurnalistika biz uchun hali yangi narsa – o‘rganmaganmiz. Vazifamizni bajarib turganimizda og‘zimizga qo‘qisdan mikrofon tutishlarini o‘zimiz bilmagan holda shaxsimizga nisbatan tahdid deb hisoblashga moyilmiz. Ammo erkin jurnalistikaning mohiyatini, jamiyatga keltirayotgan va kelajakda keltiradigan foydalarini anglasak, qarashlarimiz va buning ketidan ko‘nikmalarimiz ham o‘zgaradi.

Axir, hech qaysimiz, hech bir soha vakili bu yurt ertangi kunda muammolar girdobida qolib ketishini, farzandlarimiz huquqlar doimiy poymol bo‘ladigan joyga aylanishini istamaymiz-ku.

Hech birimiz jamiyatimizni ichki ishlar idoralarisiz tasavvur etmaganimizdek, erkin jurnalistikasiz tasavvur eta olmaslik saviyasiga ko‘tarilishimiz lozim.

Ammo...          

Ammo bu gaplar o‘z kasbini vijdonan bajaruvchilar, kasbini suiiste'mol qilmaydiganlar haqida edi. Aynan ular qarashlarini o‘zgartira oladilar. Siz qaysi safdasiz?

Muhammad Shakur

Top