09:25 / 15.05.2020
2840
Banklarda korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi

Tijorat banklarida korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tijorat banklarida korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, korporativ boshqaruv deganda bank strategik maqsadlarini aniqlash va ularga erishish ustidan nazorat qilish uchun zarur tashkiliy tuzilmani, shuningdek boshqaruvga oid qarorlar qabul qilish imkonini ta'minlovchi, bank boshqaruv organlari va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar majmui, shu jumladan boshqaruv organlarining vakolatlarini va javobgarligini taqsimlash hamda boshqaruvga oid qarorlar qabul qilish imkonini yaratish tushuniladi.

Samarali korporativ boshqaruvning asosi bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

bankning ichki hujjatlarida belgilanadigan vakolat va vazifalarning aniq tarzda taqsimlanishi;

yetarli darajadagi hisobdorlik;

o‘zaro nazorat qilish hamda bank uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilinishining oldini olishni ta'minlovchi, bank boshqaruvi organlari va (yoki) tarkibiy tuzilmalar o‘rtasidagi vakolatlarning taqsimlanishi;

o‘zining vakolatlari va vazifalarini yaxshi biluvchi, funksional vazifalarini bajarishda yuqori darajadagi ishbilarmonlik va odob-axloq qoidalariga rioya etuvchi, bank kuzatuv kengashining va ijroiya organining yuqori malakali a'zolari mavjudligi.

Kengash va boshqaruv a'zolari o‘z faoliyatini amalga oshirayotganda ma'nan javobgarlikni va jonkuyarlikni namoyon qilishi va sodiqlik bilan xizmat qilishi lozim.

Ma'nan javobgarlik va jonkuyarlikni namoyon qilish deganda kengash va boshqaruv a'zolarining o‘z qarorlarini ongli ravishda qabul qilish va o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlikni his qilish, o‘z xizmat vazifalarini bajarishga mas'uliyat bilan yondashish, qarorlarni o‘z vakolatlari doirasida va mavjud ma'lumotlarni har tomonlama baholagan holda qabul qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, bank ustavi va bankning ichki me'yoriy hujjatlari talablariga rioya qilish majburiyati tushuniladi.

Sodiqlik bilan xizmat qilish deganda kengash va boshqaruv a'zolari o‘zlari bilan bog‘liq barcha mavjud va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish, o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanmaslik, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi ularga bank manfaatlari yo‘lida o‘z vazifalarini to‘laqonli bajarishiga to‘sqinlik qilgan taqdirda, qaror qabul qilishda qatnashmaslik majburiyati tushuniladi.

Bank kengashining vakolatlari doirasiga O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarida belgilangan masalalarni hal etish kiradi.

Kengash a'zolaridan o‘z vazifalarini amalga oshirishlari doirasida quyidagilar talab etiladi:

o‘zi faoliyat yuritayotgan bank korporativ boshqaruvining tashkiliy tuzilmasini, kengashning funksiyalarini bilishi, korporativ boshqaruvdagi o‘zining rolini anglashi, bank faoliyatida xos bo‘lgan tavakkalchiliklar haqida tasavvurga ega bo‘lishi, shuningdek bank-moliya sohasidagi, tavakkalchiliklarni boshqarish va korporativ boshqaruvni tashkil etish borasidagi bilim va malakasini doimiy ravishda oshirib borishi;

bank faoliyatida faol qatnashishi, uning faoliyatidagi va tashqi sharoitlardagi muhim o‘zgarishlarni kuzatib borishi, shuningdek uzoq muddatli istiqbolda bank manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni o‘z vaqtida ko‘rishi;

bankning korporativ madaniyati va qadriyatlari shakllanishida yetakchi o‘rinni tutishi;

ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan kengashning boshqa a'zolari, boshqaruv a'zolari va bank xodimlarining qarashlaridan qat'iy nazar o‘zining asoslangan fikrini bildirishi;

ma'nan javobgarlik, jonkuyarlik va sodiqlik bilan qarorlar qabul qilishi, bank va uning barcha aksiyadorlari manfaatlarini ko‘zlab, kengash a'zosi o‘ziga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni vijdonan va oqilona amalga oshirishi, o‘zining yoki ayrim shaxslar manfaatlari yo‘lida o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilmasligi;

manfaatlar to‘qnashuviga olib keluvchi harakatlardan o‘zini tiyishi, shuningdek manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi haqida darhol kengashga xabar berishi va uni bartaraf etish yuzasidan chora ko‘rishi;

kengash va uning qo‘mitalari majlislarida o‘z vakolatlarini uchinchi shaxsga o‘tkazmagan holda ishtirok etishi;

kengash yig‘ilishlarida ishtirok eta olmasligiga asoslar (kasallik varaqasidaligi, ta'tildaligi, xizmat safaridaligi va boshqalar) haqida o‘z vaqtida ma'lum qilishi;

kengashga a'zoligi chog‘ida o‘ziga ma'lum bo‘lib qolgan tijorat, bank siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarning maxfiyligiga rioya etishi.

Top