23:39 / 18.05.2020
31208
Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi 1100 nafar O‘zbekiston fuqarosini olib kelish uchun avtobuslar tashkil etilmoqda

Rossiya Federatsiyasining Qozog‘iston bilan chegarasi yaqinida bo‘lib turgan mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosini vatanga olib kelish uchun 18-19 may kunlari avtobuslar tashkil etiladi.

Foto: tvsamara.ru

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan, Tashqi ishlar vazirligi Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan mazkur masalani o‘rganib chiqib, kelishuvga erishgan.

«Mamlakatimizning Moskva va Ostona shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan «Mashtakovo» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida bo‘lib turgan vatandoshlarimiz ro‘yxati tuzildi hamda tashkiliy va transport masalalari hal qilindi.

Vatanimizga mazkur ro‘yxatga kiritilgan jami 1100 nafar hamyurtimiz olib kelinadi.

18 va 19 may kunlari 550 nafardan vatandoshimizning avtobuslarda O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan. Ular yetib kelishlari bilan 14 kunlik karantinga joylashtiriladi», – deyiladi TIV operativ shtabi axborotida.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya-Qozog‘iston chegarasi orqali olib kelinishi istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalar tomonidan avvaldan shakllantirilgan ro‘yxat asosida amalga oshirilmoqda.

Qo‘shimcha ro‘yxat tuzish ko‘zda tutilmagan.

«Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan «Mashtakovo» nazorat-o‘tkazish punkti yoki boshqa Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat'iy rioya qilishlarini so‘raymiz», – deyiladi shtab xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston fuqarolarini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga olib kelishning qayta boshlanishi to‘g‘risida qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston chegarasida to‘planganlarga O‘zbekistonga o‘tish uchun istisno tariqasida bir marta ruxsat berilishi haqida avvalroq O‘zbekistonning Tataristondagi bosh konsuli Fariddin Nasriyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qilgan edi.

«Bunday natijaga erishish biz uchun oson bo‘lmadi. Fuqarolarimizni O‘zbekistonga olib o‘tish uchun hukumatimiz Qozog‘iston, Rossiya bilan muzokaralar olib bordi. Bu – ertaga yana kimdir kelsa, o‘tkazib yuboramiz, degani emas.

Qaytmoqchi bo‘lgan boshqa fuqarolar chegara yaqiniga kelishsa, ularni o‘tkazolmaymiz», – degan edi Fariddin Nasriyev.

Diplomatning aniqlik kiritishicha, chegarada yig‘ilganlarning avtomobillari avtoturargohda qoldiriladi.

«Ba'zilar avtomobilimda o‘tib ketaman, deyishyapti. Bu mumkin emas. Hukumatlar bilan muzokara o‘tkazib, avtobuslarda fuqarolarni olib chiqib ketishga kelishdik.

Fuqarolar shaxsiy avtomobillarini qoldirishlari uchun Samara viloyati hukumati tomonidan maxsus avtoturargoh tashkil etildi. Avtomobillar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘rib chiqilyapti. Fuqarolar avtomobillarini chegarada qoldirib, o‘zlari o‘tishlari mumkin», – deya ma'lum qilgan O‘zbekistonning Tataristondagi bosh konsuli.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top