Bir necha kun avval, Rossiya-Qozog‘iston chegarasida 800 nafar atrofida o‘zbekistonliklar to‘plangani, ularning vaqtincha istiqomat qilishlari uchun sharoitlar ham yo‘qligi, karantin bois Rossiya va Qozog‘iston tomoni ularni chegaradan o‘tkazmayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan edi. Bu haqda Kun.uz ham ma'lumot bergan edi.
Bugunga kelib, Rossiyaning Orenburg viloyati, Mashtakovo chegara punkti yaqinida o‘zbekistonliklar vaqtincha istiqomat qilishlari uchun maxsus hudud tashkil etilgan. Harbiy palatkalar tiklanib, fuqarolar vaqtincha yashashi uchun shart-sharoit tashkil etilgan. Bu haqda fuqarolar Kun.uz’ga ma'lum qilishdi va videolarini taqdim etdi.
Kun.uz muxbiri ayni mavzu bo‘yicha savollar bilan O‘zbekistonning Tataristondagi bosh konsuli Fariddin Nasriyevga murojaat qildi.
O‘zbekistonliklar uchun vaqtinchalik yashash joyi tashkil etish maqsadida qanday muzokaralar olib borildi?
– Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar chegarada to‘planib qolishgandi. Ular orqali keksa yoshdagi fuqarolar, yosh bolali va homilador ayollar ham borligini inobatga olgan holda O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan ichimlik va issiq ovqat bilan ta'minlash chora-tadbirlari ko‘rildi.
Hozirda oziq-ovqatlar fuqarolarimizga tarqatilyapti. Fuqarolar ochiq joyda qolib ketgani uchun Samara viloyati gubernatorligi tomonidan ushbu hududda maxsus palatkalar tashkil qilindi. Buning uchun Samara viloyati ma'muriyatiga minnatdorchilik bildiramiz.
Fuqarolarimizni olib chiqib ketish uchun avtobuslar tashkillashtiryapmiz. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ham fuqarolarni O‘zbekiston chegarasigacha olib borish uchun avtobuslar tashkillashtiryapti.
Rossiyadagi boshqa haydovchilar ham kelaversa, ular ham chegaradan o‘tkaziladimi?

Foto: Tatar-inform.ru
– Albatta, yo‘q. Fuqarolarga qaytadan murojaat qilmoqchiman. Chegara yopiq va hozir fuqarolarimizni faqat bir marta istisno tariqasida olib o‘tyapmiz.















